Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jasoratning tirik timsoli

  • Rukn: Nigoh
  • 137 marta ko‘rilgan

9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida II jahon urushi qatnashchisi Otaboy bobo Omonov ham bir guruh faxriylarimiz qatorida Gʻallaorol tumanidagi 45-maktab oʻquvchilarining aziz mehmoni boʻldi. Sobiq jangchi yoshlarga urush xotiralaridan soʻzlab berarkan ularni ona-Vatanni sevishga, qiyinchiliklarni mardona yengishga, jasur va qoʻrqmas boʻlishga daʼvat etdi.

– 1943-yilning kech kuzi xuddi kechagidek koʻz oʻngimda, – deb hikoya qiladi Otaboy bobo. – Jang Don daryosi boʻylab Jitomirgacha yoyilgan. Jangchilar Ukraina yerlarini dushman askarlaridan ozod qilish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilardi. Achchiq sovuq yuz-badanni chimchilar, isinib olishning imkoni yoʻq. Hatto bir necha kungi uyqusizlik ham jangchilarimiz irodasini buka olmadi. Keyingi ikki-uch kun ichida askarlarimizning ketma-ket hujumi dushmanning tinkasini quritdi. Kutilmaganda fashist “tigr”larining hujumga tayyorlanayotgani haqida muhim xabar keldi. Ana shu paytda komandirdan jangovar topshiriq oldim. 1-Ukraina fronti joylashgan nuqtaning janub tomonidan uch chaqirim oldinga borishim, dushman tanklari kelishi mumkin boʻlgan yoʻl bormi, yoʻqligini aniqlab kelishim kerak edi. Granata, yonilgʻi solingan shisha hamda avtomat olib yoʻlga tushdim. Tayinlangan punktga yetar-yetmas otishma boshlanib ketdi. Oldinga tomon siljishning hech bir imkoni yoʻq. Es-hushimni yigʻib oldim-da, yotgan joyimda okop qazishga kirishdim. Pulemyotlarning tarillashi tinkani quritardi.

...Tong otishi bilan tizma tepaliklar orqasidagi otishmalar biroz tinganday boʻldi. Lekin shu orada tepalik ortida bahaybat tank paydo boʻlib qolsa boʻladimi? U toʻppa-toʻgʻri men yotgan okop tomon kelardi. U yerdan chiqishning imkoni yoʻq. Tank ustida oʻtirgan fashist askari meni payqadi shekilli, hovliqib bir-ikki oʻq uzdi. Tank esa okop ustidan oʻtib ketdi. Ular chuqurdagi askar yoʻq qilindi, deb oʻylashdi shekilli, ortga qarashmadi. Men imkoniyatdan foydalanib qoʻlimdagi granatani tankka qarata otdim. Tank alanga ichida qoldi. Soʻng vaqtni boy bermay yaqin oradagi butazorga yetib olishga shoshildim. Butazordan chiqqach shu yerdan oʻtgan daryoga oʻzimni otib qutilib qoldim.

Moskva ostonasida boʻlgan janglarda ham qatnashganman. Ayniqsa, Viborg shaharchasini ozod qilish oson boʻlmadi. Qor tizzadan oshardi. Sovuq zabtiga olgan. Ana shunday ogʻir bir sharoitda biznikilar dushmanni shaharchadan oʻn olti chaqirim chamasi uzoqlikka chekinishga majbur qilishdi. Roppa-rosa bir hafta choʻzilgan bu jangda dushman koʻplab harbiy texnikalaridan ayrildi va qurbonlar berdi. Jangda qoʻl va oyoqlarimga oskolka tegib ogʻir jarohatlandim. Gospitalda davolangach, yana urush maydoniga qaytdim...

...Otaboy bobo Omonov urushda koʻrsatgan jasoratlari uchun bir nechta orden va medallar bilan taqdirlandi. Urushdan qaytgach Gʻallaorol tuman suv xoʻjaligi va qator fermer xoʻjaliklarida samarali mehnat qildi. Turmush oʻrtogʻi Sharofat aya bilan sakkiz nafar oʻgʻil-qizni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Oltmish besh nafar nevara va chevaralarga sevimli bobo boʻldi.

Jasoratning tirik timsoliga aylangan qahramonimiz ayni vaqtda Gʻallaorol tuman Mirzabuloq qishlogʻidagi Qizilqoʻrgʻon mahallasida keksalik gashtini surmoqda.

 

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.