Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamalak uchrashuvlari

  • Rukn: Nigoh
  • 1129 marta ko‘rilgan

Shodlik mexmonlari

 

Tabriklayman, Mubina, “Kitob – tafakkur qanoti” bellashuvining eng faol, eng hozirjavob ishtirokchisi bo‘lding. Badiiy asarlar, ularning qahramonlari haqidagi savollarga batafsil javob berding. Shuncha kitobni o‘qishga qachon ulgurasan? – hayratini yashirmadi Shahnoza.

– Maktabimizdagi kutubxonaga a’zoman. Uyimizda ham juda katta kutubxonamiz bor. Har kuni opam, men va ukam ikki soat u yerda o‘tirib kitob o‘qiymiz. Bir-birimiz bilan o‘qigan asarlarimiz haqida fikrlashamiz.

– Ha, ko‘p o‘qigan ko‘p biladi, deganlari rost ekan. Oromgohdan qaytgach, men ham bo‘sh vaqtlarimda faqat badiiy adabiyot o‘qiyman.

– Uyga qaytishni kutish shartmas. Oromgohimizda ham yaxshigina kutubxona bor. Kecha oromgohga kelgan viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti vakillari ham kutubxonaga 50 dona badiiy kitoblar taqdim qilishdi. Istasang, hozir u yerga boramiz, – deya ikki dugona kutubxona tomon yo‘l olishdi.

Bu qizlar Boyovut tumanidagi “Shodlik” oromgohida dam olishadi. Oromgohning har bir kuni bolalarning intellektual salohiyatini oshiruvchi tadbirlar, bellashuvlarga boy o‘tayotgan ekan. Biz ham “Shodlik”da katta shodiyonaning ustidan chiqdik.

Oromgohga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati Nozimabonu Sherbekova, “Yil sardori” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi Yorqinjon Hayitboyev, sportning taekvondo turi bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Murodjon Otaqulovlar mehmon bo‘lib kelishgan ekan.

Mehmonlar avval “Kamalak xazinasini birgalikda topamiz”, “Oromgohda chaqqonlik”, “Kamalak radiosi” bellashuvlarida hakam sifatida bolalarning bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Mehmonlarga ayniqsa, “Iqtidorli bolalar” tanlovi juda manzur bo‘ldi. Chunki u bolalarning tasviriy san’at borasidagi mahoratlari namoyishi bo‘ldi-da. Rasmsevar bolalar mo‘yqalam, bo‘yoqqalamlarini mohirlik bilan ishlatib, o‘zlari ko‘rib turgan so‘lim tabiat manzaralarini qog‘ozga tushirishdi. Ularning ishini kuzatib turgan jahon chempioni ham beixtiyor qo‘liga mo‘yqalamni oldi-yu, rasm chizishga tutindi. Buni qarang, Murodjon aka ham bolaligida rasm to‘garagiga qatnashgan ekan. U chizgan rasmini “Oromgoh chinorlari” deb atadi. Va uni oromgohga esdalik uchun qoldirdi. Tanlov talabiga ko‘ra g‘olib Murodjon aka emas, 7-guruh vakili Farangiz Eltoyeva bo‘ldi.

– Uka-singillarimning adabiyot, san’at sohasidagi bilim va tushunchalarini, sportdagi chaqqonliklarini ko‘rib o‘z bolaligimga qaytgandek bo‘ldim. Chunki men ham “Kamalak” sardori bo‘lganman. Maktabdagi barcha tadbirlarda faol edim, – deydi hayajon bilan Nozimabonu.

Mehmonlar bolalarga o‘zlari qo‘lga kiritgan yutuqlar zamirida vatanimizning onalarcha g‘amxo‘rligi yotganligini ta’kidlashdi.

– Uchrashuv juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Mehmonlarning qiziqarli hikoyalari oromgohda dam olayotgan bolalarning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolishi shubhasiz. Ammo eng muhimi, bolalarda o‘zlariga, o‘z iqtidorlariga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Ertaga ular orasidan ham jahon chempionlari, Davlat mukofoti laureatlari chiqishiga ishonaman, – dedi oromgoh rahbari Dilmurod Qo‘shmurodov.

 

Mahallada “QUVNOQ AVTOBUS”

 

Dadamga, yozda oromgohga boray, deb rosa yalindim. Biroq dadam ruxsat bermadilar, – xo‘rsindi Sherzod mehmonga kelgan amakisi bilan suhbat chog‘ida.

– Nega ruxsat bermadilar? – hayron bo‘ldi amakisi.

– O‘quv yilini yaxshi baholarga yakunlay olmadim. Matematika bilan tarixdan “uch” oldim.

– Ha, tushunarli. Xo‘sh, endi o‘sha fanlarni o‘rganyapsanmi?

– O‘rganyapman, matematikadan qo‘shimcha saboq ham olyapman. Kechagi savol-javobdan ustoz xursand bo‘ldilar. “Ancha tushunib qolding, o‘zlashtirishing ham chakki emas”, dedilar.

– Barakalla. Unda senga xushxabarim bor. Ertaga bizning “Taraqqiyot” mahallamizga “Quvnoq avtobus” keladi. Aytmoqchi, Sherzodning amakisi “Taraqqiyot” mahallasining oqsoqoli.

– O‘sha avtobusda oromgohga boramanmi? – quvonib ketdi Sherzod.

– Yo‘q, aksincha, “Oromgoh” sening yoningga keladi, – sirli jilmaydi amakisi.

– Qanday qilib?

– Bunisini ertaga borganingda ko‘rasan. Men dadangga ham aytib qo‘yaman, – deb jiyani bilan xayrlashdi oqsoqol.

Ertasiga Sherzod va unga o‘xshab yozgi ta’tilda oromgohga bora olmagan ko‘plab bolalar mahalla guzarida “Quvnoq avtobus”ni kutib olishdi. Uning yo‘lovchilari Sirdaryo viloyat bolalar tashkilotining eng zukko sardorlari ekan. Ular mahalla bolalarini guruhlarga bo‘lib “Kamalakda yetti rang,” “Kamalak mushoirasi” ijodiy musobaqalarini o‘tkazishdi. G‘oliblarga sovg‘alar berishdi. Mahalla bolalariga, ayniqsa, “Ertak bilan uchrashuv” teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari juda yoqdi. Chunki bolajonlar o‘zlari sevgan ertak qahramonlari – Zumrad, Kachal polvon, Kenja botir, yalmog‘iz kampir hatto anchagina semirib qolgan O‘lmas Kashsheylar bilan uchrashishdi. Ular bilan raqsga tushishdi. Kashshey va yalmog‘iz kampirni savollari bilan shoshirib qo‘yishdi. Zumrad bilan Qimmat esa “Kitob – kamolot yo‘li” bellashuvida to‘g‘ri javob topgan bolalarga qizil sandiq to‘la kitob sovg‘a qilishdi. “Taraqqiyot” mahallasi bolalari “Quvnoq avtobus” yo‘lovchilaridan yana ikki-uch kun shu yerda qolishlarini so‘rashdi. “Bu uchrashuv tufayli bo‘sh vaqtimiz judayam zavqli o‘tdi, olam-olam taassurot oldik, sardorlarga rahmat”, deyishdi.

– Loyihamizning asl maqsadi ham shu. Sizning bo‘sh vaqtingizni foydali o‘tkazish. Bilimingizni kengaytirish. Chunki ta’tilni samarali o‘tkazgan, yaxshilab hordiq chiqargan bolalar yangi o‘quv yilida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishlariga ishonamiz, – dedi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti “Ma’naviyat va ma’rifat” yo‘nalishi sardori Navro‘za Tursunova. – Ammo qolishimizning iloji yo‘q. Bizni qo‘shni “Olmazor” mahallasidagi o‘rtoqlaringiz kutyapti, – deb uzr so‘radi.

Yoz bo‘yi Guliston shahridagi “Gulbahor”, “Namuna”, “Ulug‘obod”, Mirzaobod tumanidagi “Mirzo Ulug‘bek”, “Toshkent” mahallalarida, yana ko‘plab tumanlarda bo‘lib, bolalarning ta’tilini qiziqarli va mazmunli o‘tkazishni maqsad qilgan “Quvnoq avtobus” yangi uchrashuvga oshiqib yo‘lga tushdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.