Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kelajakni kemirayotgan og‘u

  • Rukn: Nigoh
  • 100 marta ko‘rilgan

“Kutilmaganda partadoshim Botirning rangi kokimtir tusga kirib, havo yetmay tipirchilab yiqildi. Barchamiz qo‘rquvdan karaxt bo‘lib qoldik. Ustoz chaqirgan hamshira birinchi yordamni ko‘rsatayotganda “Tez yordam” mashinasi yetib keldi. Bu paytda Botir hushini butunlay yo‘qotgan edi. Shifoxonada ma’lum bo‘lishicha, sinfdoshim allaqanday ta’qiqlangan dori iste’mol qilar ekan. So‘ng maktabimizga ichki ishlar xodimlari kelishdi. Maktabimiz o‘quvchilariga yonimizdagi do‘stimizni qanday muammolar qiynayotganini bilishimiz, bir-birimizga e’tiborli bo‘lishimiz lozimligini uqtirishdi. “Lirika”, “Tramadol” degan dorilar haqida ma’lumot berishdi. Sizlardan iltimos, jurnal sahifalarida bu haqda ma’lumot beringlar. Zora ayrim bolalar sergak tortishsa...” deya bizga maktub yo‘llabdi Farg‘ona viloyatidan Azizjon. Uning xatini o‘qir ekanman, adashgan sinfdoshining ahvoliga qattiq kuyinayotganini his qildim. Qulog‘imizga tez-tez chalinib qolayotgan bunday noxush holatlarning sababini o‘rganish maqsadida Toshkent shahridagi “Doktor, Voyjonim” bolalar tashxis markazi bosh shifokori, psixolog Muazzam Ibrohimovaning huzuriga oshiqdim.

 

Muazzam IBROHIMOVA:

Ta’qiqlangan dori preparatlarini qabul qilayotgan o‘smirlar bilan ishlayotganimda bir narsaga ahamiyat beraman. Aksar hollarda ular o‘zlariga yordam berish istagidagi shifokorni do‘st emas, dushman deb bilishadi. Ya’ni, ruhiyatlarini tobe qilib qo‘ygan dorilar ta’siridan chiqqilari kelmay, nafaqat shifokor, balki ota-ona, yaqinlari va do‘stlarini ham tan olmaydigan darajada begonalashadi. Shu o‘rinda bu preparatlar haqida qisqacha ma’lumot beraman:

“Tramadol” dori vositasi – “narkotik analgetik” deb ataladi. Tibbiyotda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan dori vositasi hisoblansa-da, o‘z tarkibida opiy guruhiga mansub bo‘lgan narkotiklarni saqlaydi.

“Lirika” – tutqanoqqa qarshi vosita, gammaaminoviy kislotasi hisoblanadi. Uning tarkibidagi pregabalin og‘riq qoldirish xususiyatiga ega, shuning uchun bu dori nevralgiyaga chalingan bemorlarga buyuriladi. Bu dorilar shifokor nazoratisiz, o‘zboshimchalik bilan iste’mol qilinsa, o‘ziga nisbatan qaramlikni keltirib chiqaradi va iste’mol qilganlar passiv giyohvandga aylanadi. Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu dorilarning tarqatilishini qattiq nazorat ostiga olingan.

Ta’qiqlangan dorini iste’mol qilib, bir ongina “parvoz” qilish markaziy asab tizimi, oshqozon-ichak, o‘t qopi, jigar, buyraklarga jiddiy zarar yetkazadi. Go‘yo kayfiyatni ko‘tarib, bor muammolarni vaqtincha unutishga yordam bergan dori aslida turli kasalliklardan himoya qiluvchi immun tizimini zaiflashtiradi. Bolaning ishtahasi bo‘g‘ilib, ozib ketadi. Afsuski, bunday holatlar nafaqat notinch oila, balki, hamma havas qilgudek oila farzandlari o‘rtasida ham uchrab turibdi. “Bir martagina totib ko‘raman xolos”, deb dori ta’siridan bir yildan beri chiqa olmayotgan yoshlar talaygina. Ularning orasida arzimagan sabab bilan sinfdoshiga og‘ir tan-jarohati yetkazib, hozirgi kunda jazoni o‘tash muassasasida yurgan o‘quvchilar ham bor. Eng yomoni, bir paytlar uni sherga aylantirgan og‘u asta-sekin bor kuchidan mahrum etadi. Keyinchalik har kimdan tayoq yeguvchi, atrofga qo‘rqib qaraydigan ojiz odam qilib qo‘yadi. Shunday ekan, har bir yosh irodasini mustahkam qilishi, kelajagi, salomatligi o‘z qo‘lida ekanini unutmasligi lozim...

 

Muazzam opaning xonasidan chiqar ekanman, eshik oldida navbat kutib turgan bolalarga ko‘zim tushdi. Ularning ayrimlari bilan suhbatlashishga harakat qildim.

 

Umidjon, 8-sinf o‘quvchisi:

– Maktabda deyarli hamma jamoat ishlarida faol qatnashardim. Barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qirdim. Ota-onam biz farzandlari uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib qo‘yishgan. Boks va karate bilan muntazam shug‘ullanar edim. Bir necha bor musobaqalarda g‘olib bo‘lganman. Uyimizda juda chiroyli va bejirim kutubxonamiz bor. Oyim bilan dadam tez-tez yangi kitoblar olib kelishadi...

Ximiya ustozimiz kelmaganligi sababli sinfdosh do‘stim “Yur, sen bilan bir joyga borib kelamiz”, dedi. Ikki bekat yurganimizdan so‘ng yo‘l chetida turgan ikkita barvasta yigitdan o‘rtog‘im nimadir sotib oldi. Keyin menga “Sen ham bir ichib ko‘r”, dedi. Hayron bo‘lib “Nima bu?” deb so‘radim. “Aqlingni, zehningni oshiradigan dori. Sen sport bilan ko‘p shug‘ullanasan, buni ichsang, kuchingga kuch, quvvatingga quvvat qo‘shiladi. Aslo charchamaysan”, dedi. To‘g‘risi, bunday dori borligini eshitmaganim uchun qiziqib qoldim. Dorini ichganimdan keyingi holatimni so‘z bilan tushuntirib berolmayman. O‘rtog‘im menga bu dorining zarari yo‘q, ko‘pchilik yoshlar ichadi, deganiga ishonibman. O‘zim bilmagan holda unga shu darajada o‘rganib qoldimki, o‘qishdan ham, sportdan ham soviy boshladim. O‘smirlikning injiqliklari, o‘tib ketadi, deb ota-onam mendagi holatlarni tushunishga harakat qilishardi. Shunday kunlarning birida kiyimlarimni yuvish uchun olgan onam cho‘ntagimdan topib olgan dorini nima uchun ichayotganimni so‘radi. Men uning xususiyatlarini maqtab aytib berdim. Onam darhol dori tarkibini o‘rganishga kirishdi... Ana o‘shandan keyingina men buning nima ekanligini tushundim. O‘sha birgina quvonch butun oilamdagilarning quvonchini tortib oldi. Ota-onam menga umid bilan Umidjon deb ism qo‘yishgandi. Men oilamning umidini o‘ldirdim. O‘rtog‘imning so‘zlariga ishonganim uchun o‘zimni kechira olmayapman. Hozir garchi juda og‘ir bo‘lsa-da, shifokor yordamida o‘zim bilan kurashyapman...

 

Begzod, 9-sinf o‘quvchisi:

Otam judayam yaxshi inson – og‘ir, vazmin. Lekin oyimning hech nimadan va hech kimdan ko‘ngli to‘lmaydi. Shuning uchun uyimizda har kuni janjal, to‘polon. Bilasizmi, mening eng katta xatoim – bu dorining og‘u ekanligini bilib turib, o‘zimni chalg‘itish, kayfiyatimni ko‘tarish uchun iste’mol qilganim. Shunday paytlar bo‘lardiki, menga hamma narsa farqsiz, yashashdan maqsadimni yo‘qotgan edim. Avvaliga bu dorilarni kamroq, keyinchalik ko‘proq ichadigan bo‘ldim. Oxiri o‘ziga shunchalik qaram qilib oldiki, o‘tirsam ham, tursam ham fikrim qanday qilib ko‘proq pul topish va uni sotib olish bo‘lardi. Cho‘ntagimda dori qancha ko‘p bo‘lsa, kayfiyatim shuncha a’lo bo‘lardi...

Oilaviy muammolardan o‘zimni chalg‘itaman, deb boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Endi bilsam, muammosiz oilaning o‘zi yo‘q ekan. Bugun irodasizligim uchun hammadan, hatto o‘zimdan ham uyalyapman. Xayriyat, xatoimni tushundim. Men hech bir o‘rtog‘imni bunday yo‘lga kirishini xohlamayman.

 

Aziz o‘quvchilar, har bir oilaning o‘ziga yarasha muammolari, atrofdagilar sezmaydigan og‘riqli nuqtalari bor. Muammolardan qochish emas, ularni bartaraf etish yo‘llarini izlashingiz, oilangizga qo‘lingizdan kelgancha ko‘mak berishingiz lozim. O‘ylamay qilingan ish, qo‘yilgan birgina noto‘g‘ri qadam nafaqat o‘zingizni, balki butun oilangiz orzu-umidlarini barbod qilishi mumkin. Qachonki, vaqtingizni to‘g‘ri taqsimlay olmay, har bir kuningizni behuda o‘tkazar ekansiz, xayollaringizni zararli, kelajagingizni yemirayotgan og‘ular egallab olaveradi. Kelajagingizni qo‘riqlash va ehtiyot qilish esa o‘z qo‘lingizda.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.