Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Majburiy obuna ham zarur ekan

  • Rukn: Nigoh
  • 158 marta ko‘rilgan

Assalomu alaykum, hurmatli tahririyat xodimlari! Men Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 18-maktabda ingliz tilidan dars beraman. Farzandlarim va oʻquvchilarim bilan “Gulxan” va “Gʻuncha” jurnallarini muntazam oʻqib boramiz. Bu jurnallar bolalarning eng sevimli nashriga aylangan. Ular nafaqat farzandlarimning, balki mening, hattoki ota-onamning ham bolaliklariga yoʻldosh, maʼnaviy ustoz boʻlgan nashrlardir. “Gulxan” jurnalining “Mashhurlar bolaligi”, “Bu qiziq”, “Tabiat va biz”, “Sheʼriyat”, “Nasr”, “Koʻprik”, “Maktab – hayot sabogʻi”, “Dam olish sahifasi”, “Oʻzbek adiblari” kabi ruknlar orqali berib borilayotgan har bir maqola, sheʼr va hikoyalari bolalar qalbidan oʻzgacha oʻrin olgan. Ayniqsa, toʻgarak mashgʻulotlarimizda “English time” sahifasi qiziqib mutolaa qiladigan ajoyib qoʻllanmaga aylanib ulgurgan edi. Afsuski, bolalarimiz oʻqishi kerak boʻlgan ushbu nashrlarga munosabat birgina “Majburiy obuna yoʻq”, degan soʻzlarni notoʻgʻri talqin qilinishi natijasida oʻzgardi.

Ushbu nashrlarga muntazam oʻquvchilarimning chizgan rasmlari, yozgan sheʼrlarini yuborib turardim. Bolalar oʻz ijod namunalarini jurnal sahifalarida koʻrib quvonishar, respublika nashrida ijodlari chop etilganidan faxrlanib, oʻqib-oʻrganishga yanayam ishtiyoqi oshardi. Bu yil maktabimiz bu nashrga obuna boʻlmadi. Navbatdagi sonlarda oʻquvchilarimning ijod namunalari chop etilganmi yoki yoʻqligini bilish maqsadida qoʻshni maktablar, hattoki tuman maktablariga ham bordim. Ammo ulardan ham 2020-yilga obuna boʻlishmaganini eshitib, xafa boʻldim.

Bu yil maktabning kutubxonasidan “Gulxan” jurnalini topish amri mahol boʻlib qoldi. Men bir nechta kutubxonachilar bilan gaplashdim. “Obuna majburiy emas. Shuning uchun ham obuna boʻlish shart emas ekan. Xohlasangiz, oʻzingiz obuna boʻlishingiz mumkin”, deyishdi. Men-ku oʻzim istaganim uchun obuna boʻlishim mumkindir, ammo bir dona jurnalni shuncha oʻquvchidan qaysi biriga yetkazib bera olardim?!

Bolalar nashrlari obunasi azal-azaldan davlatimiz tomonidan arzonlashtirib berilgan. Shunga qaramay, oʻquvchilarimiz orasida alohida obuna boʻlishga imkoniyati yetmaydiganlari ham bor. Ular jurnallarni aynan kutubxonadan olib oʻqishar edi. Xoʻsh, bu ahvolda oʻquvchilarning necha foizi obuna boʻla olishi mumkin, degan savol tugʻiladi. Qolgan foizi-chi? Achinarli tomoni, mazkur nashrlarni tumanimizning, hattoki viloyat markazi boʻlgan Guliston shahrining bir qancha maktablaridan ham surishtirib koʻrdim. “Lekin bironta maktabdan obuna boʻlganmiz”, degan javobni eshitmadim.

Hozirda internet bolalarimiz hayotining asosiga aylanib qolayotgani, oʻquvchilar ijtimoiy tarmoqlarga oʻz vaqtini behuda sarflab, turli xildagi yomon xabarlar va behayo videolar bilan xayoli boʻlinayotgani ham hech kimga sir emas. Bunday koʻngilsiz hollarning oldini olish uchun bolalarni koʻproq mutolaa qilishga oʻrgatishimiz, ularni gazeta va jurnallar bilan doʻst boʻlib ulgʻayishlariga koʻmaklashishimiz zarur. Kelajak avlodimizning taqdiridan xavotir olgan holda shuni aytishim mumkinki, oʻz vaqtida obunani majburiy qilish ham juda oʻrinli ish boʻlgan ekan. Kerak boʻlsa, bolalarni mutolaaga oʻzimiz undashimiz lozim ekan. Shu yoʻl orqali ularni koʻngildagidek tarbiyalash, ulugʻ adiblarimizning hayot yoʻllarini oʻrgatib, ibrat olib ulgʻayishlariga zamin yaratishimiz kerak. Ana shundagina farzandlarimiz orasida koʻngilsiz voqealar, turli xildagi mayda jinoyatlar sodir boʻlmas, ular ajdodlarga munosib avlob boʻlib ulgʻayarmidilar?!

 

Sayyora ERGASHEVA,

Xalq taʼlimi aʼlochisi

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.