Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ma’naviyat ko‘prigi

  • Rukn: Nigoh
  • 577 marta ko‘rilgan

Ong va tafakkurimizni boyituvchi ne’mat bilim, ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan kitobdir. Kitobning buyukligini ustozim, yozuvchi To‘lqin Hayit “Biz bunday ulug‘ so‘zni jo‘ngina aytishimiz, kitob deganda so‘zlar bilan bezalgan bir shakldagi qog‘ozlar to‘plamini tushunishimiz tabiiy. Ammo bizning hayotimiz, undagi voqealar, hattoki bunyod qilingan inshootlarning o‘zi bir kitobdir”, – deb soddagina qilib tushuntirdilar.

Ha, kitob olamining qanchalik mo‘jiza ekanligini anglagan insongina o‘sha olamda yashay oladi. Barchamiz bu mo‘jizani balandparvoz maqtov so‘zlar bilan ko‘kka ko‘tarishimiz mumkin. Ammo uning chinakam sehrini yuraklarga yetib borgan muhabbatining tafakkuridan, hikmatlar xazinasiga bo‘lgan munosabatidan bilib olish mumkin. Men bu bilim manbaini ikki qanotga qiyoslayman. Kitob o‘qigan inson qushdek yuqoriga parvoz qiladi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’naviy boyligimiz to‘g‘risida “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q”, dedilar. Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”. Xalqimiz tilida ham muqaddas kitob to‘g‘risida hikmat va maqollar juda ko‘p. “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim baxt belgisi”, “Bilim aql chirog‘i”, “Go‘zallik ilm-ma’rifatda”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar oqar buloq, bilim yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol” kabi purhikmat naqllar tez-tez qulog‘imizga chalinadi.

Zero, mazmunli kitob o‘qir ekanman, qalbim yayrab, ruhim ma’naviy quvvatga to‘ladi.

Ajdodlarimiz ilm-hunar gavharini, ko‘rgan-kechirgan voqealarni meros sifatida kitob sahifalariga bitib ketganlar va bu an’ana zanjirini avlodlar davom ettiradi. Shuning uchun ham men uni o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, deb ta’rifladim.

 

Vazira MARDIYEVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi

 filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab, 9-sinf

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.