Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehnatdan baxt topib

  • Rukn: Nigoh
  • 100 marta ko‘rilgan

Ustozlik juda yuksak maqom. Unga erishish uchun juda ko‘p ter to‘kiladi, bor mahorati, bilimini hech ayamasdan, og‘rinmasdan shogirdiga o‘rgatadi. Odatda, biz ko‘proq mehribon o‘qituvchilarimizga shunday chiroyli kalom bilan murojaat qilamiz. Chunki, o‘qituvchi dunyoga hayrat bilan qarab, har bir voqelikdan mo‘jiza izlayotgan kichik insonni o‘z tafakkuri bilan ulg‘aytiradi. Hayratlarini oddiy haqiqatlar ekanligini isbotlab beradi.

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 287-maktabning fizika o‘qituvchisi Maxtuma opa Xo‘jayevani ham shogirdlari mehr bilan ustoz, deb ardoqlashadi. Mana o‘ttiz yildirki, Maxtuma opa o‘quvchilarga fizika fanidan dars beradi. Tabiatdagi voqea-hodisalarning sir sinoatini o‘z fani orqali o‘quvchilariga oshkor qiladi. Hayotda yuz berayotgan favqulodda holatlar, tabiat unsurlaridan misollar keltirib, sirli olam yuzidagi pardani qiyalatib ko‘tarib boradi.

O‘quvchi esa o‘zi sezmagan holda ana shu parda ortiga – fizika olamiga intilaveradi. Ehtimol, shuning uchun ham 287-maktab o‘quvchilari orasida fizikasevarlar, iqtidorlilar ko‘payib borayotgandir, ehtimol, shuning uchun ham uning to‘garagi o‘quvchilar bilan gavjumdir.

Maxtuma opa zamon talab qilgan, ilg‘or, izlanuvchan o‘qituvchilardan. U davr bilan hamnafas bo‘lishga harakat qiladi. Ta’lim jarayonlari, ayniqsa, fizika fanida yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklarni sinchiklab kuzatadi. Darhol ilg‘ab olishga va dars jarayonida qo‘llashga intiladi. Uning o‘nlab shogirdlari bugun fizika fani bo‘yicha ilmiy ish qilayotgan bo‘lsa, yana bir qanchasi xuddi o‘zi kabi maktablarda fizikadan dars beryapti. Ayrimlari fizika sohasida, ayrimlari tibbiyot, aviatsiya yo‘nalishlarining yetuk mutaxassislariga aylangan. Ustozning bugungi shogirdlari ham bu fanni sevishda aka-opalaridan qolishmayapti. Maxtuma opaning o‘quvchilarini bugun respublikada yaxshi bilishadi. Chunki ular hali “Bilimlar bellashuvi”da, hali fan olimpiadasi, hatto innovatsion fan olimpiadalarining respublika bosqichlarida faol ishtiroki, burro javoblari bilan barchani hayratga solmoqda. 10-sinf o‘quvchisi Javohir Ikromov, 11-sinf o‘quvchisi Davronbek Salimbekovlar o‘tgan yilgi fan olimpiadasida respublika ishtirokchisi bo‘lishgan edi. Bu yil ham tuman bosqichida 1-o‘rinni olib shahar bosqichiga yo‘llanma olishdi. Bu albatta, ustoz mehnati samarasi. Ana shu yutuqlar natijasi – opa 2010-yilda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika tanlovi g‘olibi, deb tan olindi.

Maxtuma opa Respublika xalq ta’limi markazining taqrizchilar, Davlat test markazining ekspertlar guruhlari a’zosi. Muallima tuzgan fizika darsligi bu yil ixtisoslashgan maktablarning 7-sinfida o‘qitilmoqda. Mehnat qilgan elda aziz. Opaning mehnati Hukumatimiz tomonidan yuksak baholandi. 2011-yilda unga “Mehnat shuhrati” ordeni berildi. Bu mukofot kasbini, o‘quvchilarini jon-dilidan sevgan ustoz zimmasiga ulkan mas’uliyat yukladi. Maxtuma opa shogirdlarini yanayam ko‘proq bilim olishlari uchun bor bilim-mahoratini ishga soldi. Maktab nafaqat poytaxtda, butun mamlakatda tanildi.

1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni shahar bo‘ylab xushxabar yoyildi. Maxtuma Xo‘jayeva Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Bu haqda ustozning o‘zi shunday deydi:

– Ochig‘i, hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi. Sinfda dars o‘tayotgandim. Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi qo‘ng‘iroq qilib, “Maxtuma opa, yuksak unvonga sazovor bo‘libsiz. Bugun “Turkiston” san’at saroyiga kechikmay yetib boring”, desa bo‘ladimi. Shoshganimdanmi, hayajondanmi tilim gapga kelmay qoldi. Rangim oqarib, nafasim ichimga tushib ketdi. O‘quvchilarimning, ustoz, sizga nima bo‘ldi, ustoz, yaxshimisiz, suv olib kelaymi, degan chug‘urlashlaridan o‘zimga keldim. Kamtarin mehnatimning bunchalik qadrlanganidan, to‘g‘risi, ko‘zimga yosh keldi.

– 6-sinfdan buyon Maxtuma opadan fizika saboqlarini olayapman. “Bilimlar bellashuvi”, respublika olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashdim. Ustoz har bir mavzuga misolni atrofimizda o‘zimiz ko‘rib turgan tabiat, voqea, hodisalardan olib, qiziqarli va sodda qilib tushuntiradilar. Shundanmi, fizikani o‘rganish biz uchun boshqalar o‘ylaganidan ancha oson. Biz fizikani adabiyot, tarixday qiziqib, sevib o‘rganamiz, – deydi Davronbek. – Ustozimiz unvon olgan kunlari maktabimizdagina emas, har birimizning uyimizda ham bayram bo‘ldi. Chunki Maxtuma opamizni hammamiz, ota-onalarimiz ham yaxshi ko‘radi.

Ha, halol mehnat insonni ulug‘laydi. Maxtuma opa mehnatidan, tanlagan kasbidan baxt topganlardan. U har tong ishga otlanar ekan, o‘quvchilari orasidan yangi bir iste’dod kashf qilishni niyat qiladi. Niyatlaringiz ijobat bo‘lsin, zukko, yurtimiz ilm-fanini boyitishga xizmat qiladigan shogirdlaringiz ko‘payaversin, hurmatli ustoz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.