Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men koʻrgan urush

  • Rukn: Nigoh
  • 43 marta ko‘rilgan

Men odamzod kushandasi boʻlgan nemis-fashist bosqinchilarining yer yuzidan tamoman supurib tashlanganiga 10 yil toʻlganda dunyoga kelgan ekanman. Esimni taniganimda esa insoniyatning 1418 kunini tahlikaga solgan, har daqiqada ajal oʻz qiyofasini koʻrsatib turgan bu mudhish tarix bizdan birmuncha yiroqlashgan, odamlar ancha xotirjam tortib, qayta tiklash ishlariga astoydil kirishgan edi.

Biroq men bu urushni bilmayman, deyolmayman. Men uni turli taqdirlarda koʻrganman. Uning kishilar qalbida qoldirgan ogʻriqlarini murgʻak koʻnglim bilan his qilganman. Chunki oltmishinchi yillar nihoyasida hali qishlogʻimizda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, janggohlarda oyogʻidan, qoʻlidan, koʻzidan ayrilib boʻlsa-da qaytib, mushtipar onalarini quvontirgan qalbi kemtik erkaklar, urush huvullatib qoʻygan oilalar koʻp edi. Oʻnlab, yuzlab xonadonlarning devorlarida kimningdir otasi, kimningdir oʻgʻli, kimningdir turmush oʻrtogʻi, shu yerdan nasibam uzilmasin, rizqim chorlab tursin, uyimga eson-omon qaytib kelay, degan umidda bir tishlamgina uzib yegan nonlari qotib, qovjirab egalariga ilhaq osilib turardi. Xonadon egalari uchun bu diydor ilinji edi.

 

Oʻrtogʻim Koʻpaysinning dadasi Toʻqlivoy togʻaga Gʻalabaning 20 yilligi arafasida ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi sifatida “Zaporojets” avtomobili berildi. Togʻa Koʻpaysinga qoʻshib bizni ham mashinasida sayr qildirdi.

– Yaxshiyam urushga borgan ekansiz, togʻa. Mazza qilib mashina minasiz, – dedim bilagʻonlik qilib.

– E mazzasi qursin, qizim. Urush juda beomon jang boʻladigan maydon. Jangga kirarkanmiz undan kim omon chiqishini hech kim bilmasdi. Meni bu qirgʻinbarotdan onamning duolari omon saqlab qolgan. Onamning bir ukasi Oder daryosi qirgʻoqlarida, akasi Krakovda halok boʻlgan. Kenja togʻasi urushdan oʻng qoʻlidan ayrilib qaytgan. Agar men ham qaytmaganimda, onam adoyi tamom boʻlardi. Ne-ne azamat oʻrtoqlarim, quroldoshlarim nobud boʻlmadi bu urushda. Uni aslo orzu qilma. Mashina minmasang ham oʻz yurtingda, ota-onang bagʻrida xotirjam yashash katta baxt, – dedi togʻa chuqur xoʻrsinib.

Mol boqadigan adirga yetganimizda, – dada biz shu yerda tushib qolamiz. Bolalar bilan “urush-urush” oʻynaymiz, – dedi Koʻpaysin mashina orqasidagi yogʻoch avtomatini olarkan. Oʻsha paytda biz bolalar “urush-urush”, “nemis-nemis” oʻyinlarini oʻynardik. Doʻkonlar ham miltiq, toʻpponcha, tank kabi harbiy oʻyinchoqlarga toʻla boʻlardi. Biroq bir kuni Toʻqlivoy togʻamizning onasi qoʻlimizdagi qurollarimizni tortib oldi. “Siz hali farishtaday begunohsiz. Nima niyat qilsangiz, shunga yetasiz. Nima qilasiz bu kasofat urush qurollarini oʻynab. Urushni oti oʻchsin, endi urush boʻlmasin”, – deb bizni koyib berganlar. Oʻsha kunning ertasiga Koʻpaysin maktabga yigʻlab keldi... Dadasining koʻzi koʻrmay qolibdi. Maʼlum boʻlishicha, Toʻqlivoy togʻa urushda yelkasidan yaralangan, kontuziya boʻlgan ekan. Uni dala gospitalida davolagan shifokor, hozircha koʻzing koʻra boshladi. Biroq keyinchalik asorati boʻlishi mumkin, degan ekan. Qarang, laʼnati urush 20 yildan keyin ham yovuzligini koʻrsatibdi. Dugonamning otasi umrining oxirigacha zulmatda yashadi. Oʻzi yaxshi niyatlar bilan ekkan nihollar oʻsib, shigʻil-shigʻil hosil solgandi. Togʻa xushboʻy, jonoqi olmani hidlarkan, hidi shunday yoqimli boʻlsa, oʻzi ham rosa chiroylidir-a, deb xoʻrsindi. Ich-ichidan yorugʻ olamni koʻziga qorongʻu qilgan urushni laʼnatladi.

Bugun fashizm ustidan qozonilgan olamshumul gʻalabaning 75 yilligini nishonlar ekanmiz, koʻz oldimdan janggohlarda jon-olib, jon bergan qishloqdoshlarim siymosi bir-bir oʻta boshladi. Ajab, ular chehrasida avvalgi alam, armon emas, xushnudlik zohir edi.

Ehtimol, ular mustaqil Oʻzbekistonimiz oʻzining jasur farzandlarini hech qachon unutmasligini, bu muqaddas, ozod zaminda Inson xotirasi muqaddas, qadri ulugʻligini sezganidandir. Shu topda jangchi bobolarimiz nomlari abadiylashtirilgan Xotira maydoniga borishga, u yerdagi Xotira kitoblaridan, ehtimolki, abadiyatdan joy olgan yurtdosh, hamqishloq botir bobolarimning tabarruk ism-shariflarini yana bir karra topib oʻqigim, insoniyat baxti, tinchligi uchun bebaho hayotini fido qilgan ulugʻ askarlarning tabarruk nomlarini koʻzlarimga surtgim keldi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.