Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mirkarim Osim

  • Rukn: Nigoh
  • 114 marta ko‘rilgan

Tarixiy mavzudagi asarlari bilan mashhur bo‘lgan Mirkarim Osim 1907-yili Toshkentda ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1917–1920-yillarda boshlang‘ich maktabda, 1921–1924-yillarda esa Narimonov nomidagi ta’lim va tarbiya texnikumida tahsil ko‘rgan.

1926–1930-yillarda Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o‘qigan. Mirkarim Osim o‘z ijodiy faoliyatini she’rlar yozish bilan boshladi. Tarix fanidan qo‘llanma, tavsiya, darsliklar yaratdi. 1940-yildan Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi “Astrobod”, “Alisher Navoiy va Darveshali”, “Badarg‘a”, “Navoiyning xislatlari”, “Ulug‘bek va Navoiy” singari tarixiy qissa va hikoyalar yozadi.

Adib butun umri mobaynida tarixiy qissalar yozish bilan mashg‘ul bo‘ldi, yosh avlodni o‘tmish va uning mashhur kishilariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalab, vatanparvarlik g‘oyalarini ulug‘ladi.

Uning “Zulmat ichra nur” (Navoiy haqida), “Jayhun ustida bulutlar” (Beruniy haqida), “Ibn Sino qissasi”, “Aljabrning tug‘ilishi” (Al-Xorazmiy haqida), “Singan setor” (Mashrab haqida) kabi qissalari esa tarixiy-biografik mavzudagi asarlar hisoblanadi.

Mirkarim Osim 40-yillar sho‘ro qatag‘oni qurbonlaridan biri bo‘lib, ko‘p yillar davomida tutqunlikda yashaydi. 50-yillarda vataniga qaytgan ijodkor tarixiy asarlar yozishda davom etadi. Nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlaydi.

Mirkarim Osim tarixnavis adiblar orasida o‘tmish haqiqatini buzmay, uni qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi.

Tavalludining 70 yilligi munosabati bilan unga “O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan.

2001-yilda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Mirkarim Osim “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.