Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Moziyga sayohat

  • Rukn: Nigoh
  • 391 marta ko‘rilgan

Bugun juda xursandman. Chunki ertaga ustozimiz boshchiligida sinfdoshlarimiz bilan afsonaviy, qadimiy Samarqand shahriga sayohatga boramiz. Qachon tong otar ekan, deb dam-badam soatga qarayman. Koshki, ko‘zga uyqu kelsa. Toshkentdan tashqariga chiqmaganim uchun yuragim hayajondan toshadi. Nihoyat tong otdi. Hammamiz maktab hovlisida kutib turgan avtobusga o‘tirdik. Mana Sirdaryo yo‘llarida boryapmiz. Avtobus oynasidan simyog‘ochlarga in qurgan oppoq laylaklarni tomosha qilib hayratlanaman. Yo‘l-yo‘lakay Jizzaxdan o‘tdik. “Samarqandga xush kelibsiz”, degan yozuvni ko‘rib, yuragim hayajonga to‘ldi. Ko‘z oldimda Registon-u Bibixonim madrasasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Go‘ri Amir maqbarasi jonlandi. Samarqand nonlarining hidi dimog‘imni qitiqladi. Chindan ham havosi Bobur bobomiz aytganidek, juda toza va mo‘tadil ekan. Sayohatimizni Registon maydonidan – Sherdor, Tillakori, Ulug‘bek madrasalarini ziyorat qilishdan boshladik. Har bir g‘ishti moziydan so‘zlayotgan afsonaviy bu manzilga bekorga olis yurtlardan intilib, oshiqib kelmas ekanlar. Bibixonim madrasasini, Go‘ri Amir maqbarasini borib ko‘rdik. Ustozimizning aytishicha, Go‘ri Amir so‘zi fors-tojik tilidan olingan bo‘lib, “Amir qabri”, degan ma’noni anglatar ekan. Yo‘limizni Ulug‘bek rasadxonasi tomon burdik.

Ajabo! Bunday nodir inshootni bobolarimiz qanday ixtiro qilishdi ekan-a?! Axir u paytlarda zamonaviy texnika vositalari bo‘lmagan-ku. Nahotki, Ulug‘bek bobomiz shu yerdan yulduzlar joylashuvini kuzatganlar?! Bu yerdan chiqib “Tirik shoh” deb atalgan qadimiy maqbarani ziyorat qilishga bordik. Shohi Zinda haqida tarixda ko‘plab rivoyatlar bitilgan. Ularni ustozimiz so‘zlab berdi. Ziyoratgoh do‘konlaridan bobojonimga tasbeh va tumor, oyimga turli taqinchoqlar sotib oldim. Qo‘l mehnati bilan to‘qilgan sumkachalar, hunarmandchilik namunalari, qadimiy buyumlar hayratimni oshirdi. Birpasda kun kech bo‘ldi. Charchagan bo‘lishimizga qaramay, kayfiyatimiz ko‘tarinki edi. Chunki olis tarix bilan uchrashuv – Samarqand sayohati butun umr yodimizda saqlanib qoladi.

 

Humoyun SUR’ATXO‘JAYEV,

Toshkent shahar Shayxontohur tumani

324-maktab 10-sinf

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.