Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Muhammad Yusuf

  • Rukn: Nigoh
  • 79 marta ko‘rilgan

Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954-yil 26-aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topdi. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil oldi. Respublika kitobsevarlar jamiyatida, “Toshkent oqshomi” gazetasida, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Tafakkur” jurnalida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida xizmat qildi. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish Akademiyasida tahsil olgach, 1998-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritdi.

Muhammad Yusuf avvalo, xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga oʻxshamagan misralarda taʼriflagan sheʼrlari, qoʻshiqlari bilan tanildi, shuhrat qozondi. El mehriga sazovor boʻldi. Mustaqillikning ilk davrlaridayoq “Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston”, deya kurash maydoniga tushgan Muhammad Yusufning hayot yoʻli, ijodi va qizgʻin ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Uning “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima ena allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Saylanma”, “Biz baxtli boʻlamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulugʻimsan, Vatanim” singari oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlari adabiyotimizning oltin merosiga aylandi. Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf oʻzbek sheʼriyati va qoʻshiqchiligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1996-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Muhammad Yusuf 2001-yil 1-avgustda 47 yoshida vafot etdi.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.