Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mutolaa mehri

  • Rukn: Nigoh
  • 715 marta ko‘rilgan

Darslarimiz yakunlanishi bilan men maktab kutubxonasiga chopaman. Kitob o‘qish eng sevimli mashg‘ulotimga aylanib qolgan. Oltinchi soatdan so‘ng yana sevimli kutubxonam tomon yo‘l oldim. U yer har doimgidek o‘quvchilar bilan gavjum. Kimdir ertak kitob qidirgan, kimgadir sarguzasht, yana kimgadir she’riy to‘plamlar kerak. Kutubxonachi Feruza opamiz o‘quvchilarga quvnoq kayfiyat bilan kitob tarqatadilar. Menga ularning samimiyligi, erinmasdan kitobxonlardan o‘qigan kitobining mazmunini so‘rab olishlari yoqadi. Mana, izlagan kitobim ham topildi. Uni ko‘rdim-u sevinib ketdim. Quvonchimni kutubxonachi opamiz darrov sezdilar.

– Qani, Sayyora, kitobni olib kel-chi.

– Mana bu kitobni mening nomimga yozib qo‘ysangiz.

– Diding chakki emas. Lekin bu durdona asar kutubxonamizda bir donagina, xolos. Uni faqat shu yerda o‘qishga ruxsat beraman.

Kitobni olib o‘rta qatordagi o‘rindiqqa joylashdim. O‘qishga kirishishdan avval o‘quv zalini bir-bir ko‘zdan kechirdim. Nariroqda o‘tirgan sinfdoshim kitobning tagiga telefon qo‘yib o‘yin o‘ynab o‘tirardi.

– Dilnoza, o‘yin o‘ynamasdan kitob o‘qisang, bo‘lmaydimi? – yuzlandim unga.

– Senga nima, o‘zingni bil, men dugonamni kutyapman! – o‘shqirib berdi u.

Unga rahmim keldi. Chunki oltinga teng vaqtni bekorga sarflayotgan edi-da. Lekin ortiqcha gapirmadim. Kitob o‘qishga kirishdim. Asar voqealariga qiziqib ketib vaqt o‘tganini bilmay qolibman. Kutubxonaga sinfdoshim Lobar shoshilib kirib kelganida bugun dugonamiz Nafisaning tug‘ilgan kuni ekani yodimga tushdi.

– Hali ham shu yerdamisan? Biz uyimizga borib kiyimlarimizni almashtirib keldik!

– Men formada boraveraman, – dedim.

Qo‘limdagi kitobni Feruza opaga topshirar ekanman, undan eng yaqin do‘stimday ko‘ngil uzolmasdim.

Tug‘ilgan kunda ham mening fikr-u xayolim o‘qib bo‘lmagan kitobimda edi. Undagi qahramonlarni yana qanday sarguzashtlar kutayotganini tezroq bilishga oshiqardim.

 

Feruza UMARALIYEVA,

Namangan viloyati, Pop tumani

25-maktab 5-sinf

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.