Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘lmas Umarbekov

  • Rukn: Nigoh
  • 157 marta ko‘rilgan

Shunday iste’dod egalari borki, tengdoshlari va zamondoshlarining hurmat-e’tiborini qozonish baxtiga muyassar bo‘ladilar. Buning ustiga o‘z zamondosh ustozlari e’zozidan bahra topadilar. Ijoddagi bunday holat faqat o‘sha iste’dodning baxtigina bo‘lib qolmay, balki u mansub bo‘lgan adabiyotning ham omadi, ravnaqidan bir dalolatdir.

Ana shunday iste’dod sohiblaridan biri, xalqimizning ardoqli yozuvchisi O‘lmas Umarbekov 1934-yil Toshkentning Mirobod mahallasida tug‘ildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. Respublika radiosi Adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida bosh muharrir, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida direktor, O‘zbekiston Madaniyat vaziri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, shu bilan birga Osiyo va Afrika yozuvchilar birdamlik qo‘mitasining raisi lavozimlarida xizmat qildi. 1989–1991-yillarda esa Respublika Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari bo‘lib ishladi.

U o‘nlab hikoyalar, qissalar, “Odam bo‘lish qiyin”, “Fotima va Zuhra” nomli romanlar, “Qiyomat qarz”, “Shoshma quyosh”, “Oqar suv”, “Sud”, “Komissiya”, “Kuzning birinchi kuni”, “Arizasiga ko‘ra”, “Kurort”, “Nur yonganda” kabi dramatik asarlar yaratdi. Shuningdek, “Ikki soldat haqida qissa”, “O‘zgalarni deb”, “Qalin qor bag‘ridagi uchrashuv” kabi kinofilm ssenariylarini yozdi. “Odam bo‘lish qiyin” romani O‘zbekiston Yoshlar tashkilotining mukofotiga (1971), “Ikki soldat qissasi” filmi Respublika davlat mukofotiga (1977) sazovor bo‘ldi.

O‘lmas Umarbekov 1984-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi”, 1992-yilda “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.

O‘lmas Umarbekov og‘ir xastalikdan so‘ng, 1994-yil 10-noyabrda 60 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Vafotidan keyin “Fotima va Zuhra” romani nashr etildi va Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatrida sahnalashtirildi, roman asosida badiiy film ham yaratildi. Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga adib nomi berildi. Uch jildlik “Tanlangan asarlar”i nashr etildi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.