Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘quvchining bir kuni

  • Rukn: Nigoh
  • 597 marta ko‘rilgan

Qishloqda tong erta otadi, desalar ishonavering. Saharda xo‘rozlarning qichqirig‘i sizni uyg‘otadi, biroz o‘tib onasiga talpingan buzoqlarning ma’ragan ovozi eshitiladi. Har tong ko‘chaga suv sepgani chiqqanimda qaysidir qo‘shnimizning hovlisidan tandirda yopilgan non isini tuyaman. Mana, sinfdoshim Anvar sigirini haydab dalaga ketyapti. Lekin har safar mendan avval maktabga yetib keladi.

Bugun ham shunday bo‘ldi. Maktabga borgach, “Bitiruvchilar bog‘i”ga o‘tib ekkan ko‘chatlarimizdan xabar oldim. Kechroq ekkan olma ko‘chatimiz o‘nglanib ketolmayotgan edi, suv quyib tagini yumshatdik. Kurtak nish uribdi, endi yaxshi avj olib ketadi. Gulzorimizga ellik tup atirgul ko‘chati ekkan edik, hammasi ko‘karib g‘unchaladi. Qo‘shni “Barkamol avlod”, “Kamalak” yer maydonlarida ham ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Darvoqe, o‘zimni tanishtirmabman-ku. Men Fazilat Fayoziddinova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf bitiruvchisiman. Sizlarga hikoya qilmoqchi bo‘lgan bilim dargohi men uchun juda qadrli. Bu yerda mening otam ham ta’lim olganlar. Bugun haftaning dushanba kuni bo‘lgani uchun ertalabki saflanishda “Kamolot” boshlang‘ich tashkiloti rahbari Asiya Xudoybergenova mamlakatimizda ro‘y berayotgan yangiliklar haqida gapirib berdilar. Men tumanimiz “Istiqbol” gazetasida bosilgan xabarlar haqida gapirdim. Anvar sport haqida gap boshlagan edi, o‘gil bolalarning kayfiyati ko‘tarilib ketdi.

Ana endi keling, maktabimiz hayoti bilan sizni tanishtirish uchun ichkariga kiramiz. Yo‘laklarda “Matematika – fanlar otasi”, “Til – millat faxri”, “Biologiya – hayot demakdir”, “O‘tmishsiz – kelajak yo‘q” kabi devoriy gazetalarni o‘qisangiz mazza qilasiz. Sport zali, faollar xonasi, oshxona, ARM o‘quvchilar xizmatida. Maktabimizda 830 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga ellik nafar tajribali pedagoglar saboq beradilar. Darslar rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. Maktabimiz bu yil tumandagi 78 ta maktab ichida II bosqichli Bilimlar bellashuvining natijasiga ko‘ra IV o‘rinni egalladi. Hozir bizning sinfda matematika darsi. Bu fanni oliy toifali o‘qituvchi, Xalq ta’limi a’lochisi, qirq yillik mehnat faoliyatiga ega ustoz Ozod aka Abduraupov olib boradilar. Dars o‘tish usullari menga juda yoqadi. Keyingi soat ingliz tili darsi. Sinf rahbarimiz Gulnora Bektorova ham oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi. Darslarni multimedia va yangi pedagogik texnologiyalar asosida o‘tadilar. Ingliz tili xonalarimiz texnik jihozlar bilan ta’minlangan, ko‘rgazmali qurollarga juda boy. Mehnat ta’limi xonasiga kirsangiz, o‘quvchi qizlar tikkan ajoyib ko‘ylaklarni, yasagan buyumlarni ko‘rib havasingiz keladi. Keyingi darsimiz informatika fani. Bu xonada o‘quvchilar uchun kompyuterlar yetarli. Mening bu fanga mehrim o‘zgacha. Viloyat fan olimpiadasida informatika fanidan ishtirok etib, tumanimiz sharafini himoya qildim.

Men darsdan so‘ng uyga borib yana ortimga qaytaman. Avval informatika fanidan qo‘shimcha mashg‘ulotga kiraman. So‘ng qo‘l to‘pi to‘garagiga qatnashaman. Maktabimizda fan to‘garaklaridan tashqari muay-tay, qo‘l to‘pi, voleybol, shaxmat-shashka to‘garaklari faoliyat olib boradi. Zangiota tuman BSM murabbiysi Do‘stmuhammad Bozorov sportning yengil atletika turi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadilar. Sport zali, ikki gektarlik o‘yingohimiz doimo o‘quvchilar bilan gavjum. Bu yerda mahallaning keksa otaxonlari o‘rtasida shaxmat, “Otam, onam va men” sport musobaqalari o‘tkazib turiladi. “Achchisoy” MFY raisi Abduqodir O‘taboyev musobaqalarga sovg‘a ulashaverib charchab ham qoldilar. O‘tgan o‘quv yillarida o‘quvchilarimiz Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tgan respublika “Quvnoq startlar” musobaqasida ishtirok etib keldilar. O‘shanda maktabimiz rahbari, oliy toifali rus tili o‘qituvchisi Muborak Televova juda sevingan edilar.

Uyga qaytgach, hovlidagi, tuvakdagi gullarimni parvarish qilaman. Keyin dars tayyorlashga o‘tiraman. Ertangi tadbir uchun tayyorlangan matnni yod olishga tutinaman. Bo‘sh qolsam, kutubxonadan olgan kitoblarimni varaqlayman, bolalar kiyimlarini to‘qiyman, xullas, o‘zim istasam ham bo‘sh vaqt topolmayman. Kuni kecha Zangiota akademik litseyida bo‘lib o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni”ga bordik. Men maktabni tugatib shu yerda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qishni davom ettirmoqchiman. Orzularim bir olam.

Tong otadi. Yana chelagimni ko‘tarib ko‘chaga suv sepgani chiqaman.

– Fazilat, maktabni tamomlashimizga sanoqli kunlar qoldi-ya. Men Zangiota Qurilish va tadbirkorlik kollejining avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida o‘qimoqchiman. Chunki Bo‘zsuv hududida bunday shoxobcha deyarli yo‘q, kelajakda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi ochmoqchiman, – deydi mollarini haydab ketayotgan Anvar bir muddat to‘xtab. Buvisi Mehri xola hozirgina tandirdan uzgan bo‘rsildoq nonlaridan ikkitasini olib Oynisa buvimning yoniga kirib ketadi. Ular odatdagidek yurt tinchligi, obodligi uchun duoga qo‘l ochadilar. Biz kabi nabiralariga omonlik, omad, elga xizmat qilish sharafini tilaydilar. Men mana shunday bilim dargohida o‘qib ta’lim olganimdan faxrlanaman. Maktabni tamomlar ekanman, barcha ustozlarim zahmatlari oldida ta’zim qilaman. Tengdoshlarim vaqti kelib shu yurt ravnaqi uchun xizmat qiluvchi halol, pok, mehnatsevar, o‘z kasbining ustasi bo‘lib yetishishlariga aminman.

 

Fazilatning gaplarini oqqa ko‘chiruvchi Hilola Hamdamova

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.