Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ota meros izidan

  • Rukn: Nigoh
  • 59 marta ko‘rilgan

Chor atrofni turfa axborotlar, intelllektual texnologiyalar qamrab olgan bir davrda kunning issigʻiga qaramay, qoʻliga bolgʻa olib, choʻgʻda temirni toblab turli buyumlar yasayotgan yosh hunarmandlarimiz mahorati bu galgi maqolamizga mavzu boʻldi.

Shamsiddin va Qamariddin Kamolovlar Buxoro shahridagi 35-maktabda tahsil olishadi. Yigit kishi sogʻlom boʻlishi shart, degan qoidaga amal qilgan Shamsiddin sportning qoʻl jangi boʻyicha bir qator yutuqlarni qoʻlga kiritgan. Ukasi Qamariddinning sevimli mashgʻuloti taekvando. Aka-uka maktabdagi darslardan, sport mashgʻulotlaridan boʻshagan zahoti bobosi va dadasi ishlayotgan ustaxonaga shoshadilar. Shamsiddin va Qamariddin temirchilarning sakkizinchi avlodi. Ular boʻsh vaqtini sira behuda oʻtkazmay, dadasiga koʻmak berishni afzal biladi. Ustaxonada ish qizgʻin pallada olovda toblangan poʻlatni sandonga qoʻyib goh bosqon, goh dambir bolgʻa bilan urib tigʻ keltiradilar. Bobolari yumushlarni biroz yengillashtiradilar. Muntazam sport bilan shugʻullangani uchun har biri naq uch kilo keladigan bolgʻani ishlatish Shamsiddinga qiyin boʻlmadi. Yasagan qaychi, pichoq dastalariga ukasi Qamariddin bilan birga ishlov berishni ham tezda oʻrganib olishdi.

Pichoqqa toza temir tanlansa, ustaning ishi sifatli chiqadi. Sababi, sof poʻlatdan tayyorlangan pichoqda uglevodlar yetarlicha boʻladi. Uning dami keskir, pishiq boʻlishi uchun suvga tiqib olishimiz lozim. Agar suv meʼyorida berilmasa, yasagan pichogʻimiz qayriladi va tezda sinadi. Yasayotgan asbobni koʻngildagidek chiqishi uchun olovga qarab turish, bir urganda ellikka yaqin zarb berish talab qilinadi. Dadasining oʻgitlariga amal qilgan Shamsiddin va Qamariddin oʻz ishiga sidqidildan yondoshdi. Ketmon, oʻroq, qaychi va pichoq yasashda hunarning nozik tomonlariga qunt bilan qarash lozimligini yoddan chiqarmadi. Chunki buyurtmachilar har birini sinchkovlik bilan tekshirar, agar xato topgudek boʻlsa, mehnatining bahosi pasayib ketardi. Hunar egallashning ilk davrida goh qoʻlini qizigan temirda kuydirib olar, baʼzida esa asboblarining dastalarni teskari ulab ham qoʻygan. Vaqt oʻtib oʻz ustida izlangan yosh hunarmandlar chinor, oʻrik va yongʻoq daraxt shoxlariga egov bilan ishlov berib asboblarga dasta yasashni oʻrgandi. Bir necha bor Chexiya, Amerika, Moskva va Vengriya davlatlarida boʻlib oʻtgan “Xalq ustalari” festivallarida dadasi Shokir akaning mehnatlari yuqori baholanganini eshitib aka-ukaning koʻksi togʻdek koʻtarilar, munosib avlod boʻlish uchun astoydil intilardilar.

– Chexiyada boʻlgan oʻtadigan Xalqaro hunarmandlar festivalida dadam Davlatimiz gerbidagi Humo qushi shakli bilan qatnashishga qaror qildalar. Biz bu ishda dadamga koʻmakdosh boʻldik. Horijlik hunarmandlar bu ishni sanʼat asari deb qabul qilishibdi. Ularning mehnatimiz haqidagi iliq fikrlaridan juda quvondik.

Bobom bilan dadam yuzdan ziyod xalqaro koʻrgazmalarda qatnashgan. Bobolarimizdan qolgan oilaviy muzeyimizdan ular yasagan yuzlab buyumlar joy olgan. Har bir buyumning yasalishi, qanday temirdan foydalangani haqida maʼlumotlar kiritganmiz. Ukam ikkalamiz bobolarimiz kasbini davom ettirib, muzeyni yanada boyitish niyatidamiz, – deydi biz bilan suhbatda boʻlgan yosh hunarmandlar.

Hunarmandchilikninig nodir turi – temirchilik kasbiga mehr qoʻygan Shamsiddin va Qamariddinga temirdek sabr va matonat, orzulariga erishishida omad tiladik.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.