Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Pirimqul Qodirov

  • Rukn: Nigoh
  • 131 marta ko‘rilgan

O‘zbek nasrining yirik namoyandalaridan biri yozuvchi Pirimqul Qodirov 1928-yil 25-oktyabrda Tojikiston Respublikasining O‘ratepa tumanidagi Kengko‘l qishlog‘ida tavallud topdi.

1951-yili Toshkent Davlat dorilfununini tugatib, Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi. “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1954–1963-yillar davomida sobiq Ittifoq Yozuvchilari uyushmasi qoshida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi, 1963–1976-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi bo‘lib ishladi.

Adibning talabalar hayotidan yozilgan ilk hikoyasi “Studentlar” 1950-yilda bosmadan chiqdi. 1961–1980-yillar mobaynida “Jon shirin”, “Olov” hikoyalari, “Besh yilliklar farzandi”, “Dardim”, “Erk”, “Meros” qissalari, “Najot” (“Baxillar va botirlar”) afsona-qissasi, “Sarguzashtlar”, “Akromning sarguzashtlari”, “Yayra institutga kirmoqchi” nomli qissa va hikoyalar to‘plami kitobxonlarga taqdim etildi.

  1. Qodirov roman janrida qalam tebratib, “Uch ildiz” (1958), “Olmos kamar” (1976) romanlarini yaratdi. “Yulduzli tunlar” (1979), “Avlodlar dovoni” (1989) romanlari bilan o‘zbek tarixiy romanchiligi rivojiga katta hissa qo‘shdi.

1977–1978-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida adibning uch jildlik tanlangan asarlari chop etildi.

Pirimqul Qodirov adabiyotshunos olim sifatida “Til va el” (1972), “Xalq tili va realistik proza” (1973), “Til va dil” (2005) risolalarini yaratdi. Ikki jildli “Adabiyot nazariyasi” uchun “Adabiy asarning tili”, “Adabiy jarayon” boblarini yozdi.

1997-yilda “Ona lochin nidosi” degan tarixiy romani nashr etildi. 2001-yilda esa uning “Qalb ko‘zlari” nomli (badialar, o‘ylar, esdaliklar) kitobi chop etildi.

Uning asarlari rus, ukrain, hind, urdu, turk, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, turkman tillarida nashr etilgan.

“Yulduzli tunlar” romani uchun Pirimqul Qodirov 1981-yili Respublika davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Shuhrat” medali (1994), “El-yurt hurmati” (1998), “Buyuk xizmatlari uchun” (2006) ordenlari bilan mukofotlangan.

2010-yil 82 yoshida vafot etgan.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.