Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Pirimqul Qodirov saboqlari

  • Rukn: Nigoh
  • 71 marta ko‘rilgan

Atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovdan adabiyotimiz uchun katta ma’naviy meros qoldi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Meros komissiyasi mas’ul kotibi, taniqli jurnalist To‘lqin Eshbek ustozning quyma fikrlarini batafsilroq o‘rganish maqsadida bir qator izlanishlar olib bordi. Adibning qizi Yaxshigul opa va nabirasi Xurshid Qodirovlarning xonadonlarida bo‘lib, buyuk yozuvchining taxlam-taxlam qo‘lyozmalari, son-sanoqsiz “Yon daftar”lari bilan tanishib chiqdi. Qo‘lyozmalardagi bitiklarni saralab, oqqa ko‘chirib, siz aziz o‘quvchilar uchun taqdim etdi.

Ma’naviy durdonalardan ayrimlarini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

Xalqning bilimi, saviyasi, farovon hayoti – odamlarning ta’lim, tarbiya, malaka va turmush darajasi bilan belgilanadi.

***

Yer kurrasidagi har bir qit’a, har bir mamlakat qanday qiziqarli bo‘lsa, har bir xalqning tarixi, tili, madaniyati, boshidan kechirganlari o‘shanchalik maroqlidir.

 

***

Ma’rifat shunday cheksiz fazilatki, uni egallaganingiz sari, hali jahonda siz bilmaydigan millatlar va ularning sirli ajoyibotlari behad ko‘p ekanini bilib borasiz.

 

***

Semurg‘ nihoyatda qudratli bo‘ladi, himoyasiz yosh qushlarni qanoti ustiga o‘tqazib, eng xatarli joylardan olib o‘tadi va mislsiz fidoyiliklar bilan ularni go‘zal bir manzilga yetkazib boradi.

 

***

Men o‘n ikki-o‘n uch yoshlarimda G‘afur G‘ulomning “Ko‘kan”, Uyg‘unning “Jontemir” dostonlaridan yod olgan satrlarim hali ham yodimda bor. Yettinchi sinfda o‘qib yurgan paytimda esa Oybekning “Qutlug‘ qon” romani menga juda kuchli ta’sir qilgan.

 

***

Vatanimiz mustaqilligi va farovonligini Amir Temur vafotidan keyingi qirq to‘rt yil davomida eng yaxshi ta’min etgan siymolar Shohrux podshoh va Mirzo Ulug‘bek bo‘ldilar.

 

***

Donishmand va mehribon momolar tarbiyasi Amir Temur avlodlari orasidan ulug‘ iste’dodlar yetishib chiqishiga xizmat qiladigan katta bir an’anaga aylandi.

 

***

Sharqda ibn Sinoning “Tib Qonun”i, Firdavsiyning “Shohnoma”si, Navoiyning “Xamsa”si, G‘arbda Dante, Shekspir, Gyote, Lev Tolstoy... Asrlar osha bizga yetib kelgan bu o‘lmas siymolarning har biri katta-katta mamlakatlarning milliy iftixoriga aylangani – ma’naviyatning qadri nechog‘li baland ekanini ko‘rsatib turibdi.

 

***

Ijodiy tafakkur bo‘lmagan joyda tarixdan yetarli ibrat olinmaydi, yorug‘ kelajakka ishonch tuyg‘usi shakllanmaydi, buyuk yozuvchi-shoirlar, ijodkorlar yetishib chiqishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

***

Ijodiy tafakkur – jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch, uning ravnaqini ta’minlovchi bebaho omil.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.