Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘rquv mendan “qo‘rqadi”

  • Rukn: Nigoh
  • 569 marta ko‘rilgan

Bugun negadir xonangizda yolg‘iz uxlashga qo‘rqyapsiz. G‘ira-shira qorong‘ilik ichida nimalardir yurganday, burchakda bekinib turganday tuyulyapti. Siz uni topish uchun atrofga olazarak qaraysiz. Chunki kecha do‘stlaringiz bilan ajinalar, yalmog‘izlar, mitti odamchalar haqida “miriqib” suhbatlashdingiz. Endi esa to‘qigan cho‘pchaklaringizdan o‘zingiz qo‘rqib o‘tiribsiz. Aslida ularning hech biri hayotda mavjud emas. Biz shunchaki eshitganlarimiz, mumkin bo‘lmasa ham, ko‘rgan qo‘rqinchli filmlarimiz orqali ularni “jonlantiramiz”. Miyamiz juda aqlli, birpasda u o‘zida son-sanoqsiz tasvirlar chiza oladi. Multfilmlarda tomosha qilganimiz, rasmli ertak kitoblarda ko‘rganimiz – tuyoqli, dumli, ikkita shoxi bor, cho‘chqaburun Shaytonni yonida detallar qo‘shib tasvirlaydi. Xuddi u orqamizdan bildirmay kelayotganday, vahima uyg‘otadi.

Xo‘sh, qo‘rquv o‘zi nima? U sodir bo‘lganda organizmimizda nimalar yuz beradi? Qanday turlari bor? Bu savollar sizga ham qiziq bo‘lsa kerak, to‘g‘rimi? Keling, bugun psixolog Zulxumor opa Azizova bilan qo‘rquv mavzusida suhbatlashamiz.

– Qo‘rquv hissiyoti aslida himoya vazifasini bajarib xavf paydo bo‘lish vaqtida ishga tushadi. Qo‘rqqan paytimizda organizmimiz tezlik bilan katta miqdorda laktak fermentini ishlab chiqaradi va miyaga yuboradi. Miya esa yurakka uzatadi. Shuning uchun hayajon va qo‘rquv paytida yuragimiz dukillab ketadi. Bu ferment jigarda tez rivojlanadi. Shu sababli ham bolalar qattiq qo‘rqqanida sariq kasalligiga chalinishi mumkin. Qon buzilishi natijasida lablarimizga uchuq toshadi. Nutq faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi oqibatida ba’zi bolalar duduqlanadigan bo‘lib qoladi. Oddiy qorong‘ilikdan qo‘rqish, zulmatdan hadiksirash keyinchalik ham odat tusiga kirib qoladi. Nihoyat bu hadik ortida ko‘pchilik bolalar o‘zining ko‘plab qobiliyatlarini boy beradi, hatto uning iqtidorini yo‘qqa chiqaradi. Ayrim o‘smirlarning ko‘pchilik oldida so‘zlashdan uyalishi, hatto fikr va maqsadlarini birovga aytishdan iymanishi o‘sha qo‘rquvlar asoratidir.

Qo‘rquvning ikki turi: ta’qib qiluvchi va o‘ylab topilgan qo‘rquv haqida gaplashamiz.

Ozod maktabdan qaytayotganda Qodir amakining Olapari uni oldiga solib g‘izillatib quvib qoldi. Shundan buyon Ozod ko‘chada itga duch kelsa, boshqa yo‘llardan aylanib yuradi. Yoki Shohida xiyobonda mazza qilib arg‘imchoq uchayotganda ko‘ngilochar moslama tepaga ko‘tarildi-yu, bexosdan to‘xtab qoldi. Qutqaruvchilar kelguncha Shohida tepadan qulab tushishdan cho‘chib, yig‘lay boshladi. Shundan buyon u xiyobonlarga bormaydi. Bu holatlar ta’qib qiluvchi qo‘rquvga kiradi. U sodir bo‘lgan konkret holat sababli paydo bo‘ladi. So‘ng shu kabi hodisaga duch kelganda ta’qib etaveradi. Sharpalar haqida uzuq-yuluq eshitgan voqealarimiz tasavvurimizda rivojlanadi. Hech kim yo‘q paytda ko‘zimizga jinlar ko‘rinishi mumkin, deb o‘ylaymiz. O‘zimiz o‘ylab topgan, xayolimizda chizib olgan narsalar sababli o‘zimizni o‘zimiz qo‘rqitamiz.

Fobiyalar: o‘qituvchi tanbeh berishidan, izza bo‘lishdan, tanqiddan qo‘rqish.

– Ayrim bolalar o‘ta tortinchoq bo‘lib, ko‘pchilik orasida so‘zlashdan, fikrlari atrofdagilar tomonidan qabul qilinmay, izza bo‘lishdan cho‘chishadi. Ular doskaga chiqarilganda yoki tug‘ilgan kunda tabrik uchun so‘z berilganda terlab ketishadi. “Lom-mim” deyolmay hatto yig‘lab yuboradigan tengdoshlarimiz ham bor. Bu holat ilmiy tilda peyrofobiya deb ataladi. Xatolarimiz uchun koyishlaridan, do‘stlarimiz oldida kamchiliklarimizni aytib tanqid qilishlaridan, keyin ustimizdan kulib yurishlaridan hadiksirash esa atihifobiya deyiladi. O‘z xohish-istaklarini, fikrini boshqalarga ayta olmaydigan bolalarda aybdorlik va nuqsonlilik komplekslari kuchli rivojlangan bo‘ladi. Agar siz o‘zingizda shunday qo‘rquv alomatlarini payqagan bo‘lsangiz, darhol kundalik tuting. Fikrlaringizni tushirib eng yaqin do‘stingizga bering va mulohazalarini sizga aytib borishini iltimos qiling. Unutmang, o‘z fikringizni ochiq bayon etish huquqingiz bor. Garchi uni qabul qilmasalar ham o‘z ovozingiz, o‘rningiz borligini bildirib qo‘ying.

O‘g‘il bolalar orasida “qo‘rqoq” sifatida tanilgan bolalarga qay yo‘sinda yordam beramiz? Ular qanday yo‘l tutsin?

Qo‘rquv hissi o‘z-o‘zidan jur’atsizlikni yuzaga keltiradi. Chunki bunda irodangiz susayib, o‘zingizga nisbatan ishonch yo‘qoladi. Vahima, aybdorlik hissi barcha kasalliklarning asosidir. O‘ziga ishonmaydigan bolalarni esa tengqurlari “qo‘rqoq” deb masxara qilishadi. Ko‘p-da saflariga qo‘shavermaydi, boshqalar oldida turli xil “kulgili tomosha”lar uyushtirishadi. Bu – o‘z “men”ini endi tanib borayotgan bola uchun kuchli ruhiy zarba bo‘ladi. Ruhiyatda iz qoldirgan bunday chandiqlar kelgusida muvaffaqiyatlarga erishish yo‘lidagi katta to‘siqdir. Bunday bolalar, eng avvalo, psixolog qabuliga borib, maslahat olishlari kerak. Chunki fanda qo‘rquvni yengishning minglab turlari mavjud. Ulardan eng ommaviysi – sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish. Jismoniy mashqlar irodani mustahkamlab, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Bundan tashqari har xil psixologik o‘yinlar mavjud.

 

Qo‘rquvni birga yengamiz

 

Tasvirlab, so‘zlab berilgan qo‘rquv hissiyoti uni yengishdagi yarim yo‘l hisoblanadi. Ota-onangizga yoki yaqin do‘stingizga qo‘rqadigan narsangiz haqida gapirib bering. Ancha yengillik his qilasiz va jo‘yali maslahat olasiz. Siz aslida nimadan qo‘rqasiz? Sharpadanmi, momaqaldiroqdanmi, o‘rgimchakdanmi yoki liftda qamalab qolishdanmi? Qo‘rqqan narsangiz tasvirini qog‘ozga tushiring. So‘ng uni g‘ijimlab, yoqib yuboring yoki maydalab yirtib tashlang.

Tasavvur orqali bunyod etiladigan qorong‘ilikdagi qo‘rqinchli va dahshatli narsalar bir paytlar atrofingizdagi jasur kattalarni ham ta’qib etishgan. Vaqt o‘tishi bilan ular o‘z qo‘rquvlari ustidan g‘olib chiqishgan. Uyqu oldidan o‘ylantiradigan, asabni zo‘riqtiradigan filmlar ko‘rmang. Tungi vaqtlarda faol, harakatli o‘yinlar ham ta’qiqlanadi. Ko‘nglingizga yaqin bo‘lgan do‘stlaringiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazing. Toza havoda sayr qilish, sport, iqtidorimizni yuzaga chiqaruvchi qiziqarli mashg‘ulot va yaqinlarimizning mehri bilan qo‘rquvlarimizni birga yengamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.