Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘yqushoq

  • Rukn: Nigoh
  • 394 marta ko‘rilgan

Boysundagi Ketmonchopti tog‘ining sharqiy qismida Qo‘yqushoq deb ataladigan yona bor. Havo ochiq kunda uni Boysun shahri markazidan ham ko‘rish mumkin. Qo‘yqushoq deyilishiga sabab, tog‘ yon bag‘ridagi toshlarga e’tibor berib qaralsa, xuddi bir suruv qo‘y yaylovda o‘tlayotganga o‘xshaydi.

Qo‘yqushoq haqida xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Emishki, qadimda Ketmonchopti etagidagi yaylovda bir badavlat kishi yashagan ekan. Uning boyligi behisob, suruv-suruv qo‘ylari bo‘lgan ekan. Ocharchilik yillarida kambag‘al odam nochorlikdan yetmish ikki bo‘g‘ini bo‘shab, boydan qarz so‘rabdi:

– Boy ota, go‘dak farzandlarim, xotinim uyda och-nahor o‘tiribdi. Bir oz g‘alla qarz bersangiz, ilojini topgan paytim qaytarib beraman.

Qurumsoq boy unga hech narsa bermay uyidan quvib chiqaribdi.

– Iloyo, boyliging o‘zingga yuqmasin, mollaring bilan tosh qotgin, ochko‘z boy! – deb qarg‘abdi bechora kambag‘al.

Ertasi kuni tog‘da bo‘ron boshlanibdi. Boyning cho‘poni kelib, suruvdagi qo‘ylar bo‘ronda yo‘qolganini aytibdi. Boy cho‘pon bilan axtarib borsa, barcha qo‘ylar toshga aylangan emish. Bu hodisadan boyning yuragi yorilib, olamdan o‘tgan ekan.

Xo‘sh, Qo‘yqushoqning qor bosib ko‘rinmay qolishi bilan yozda suvning ko‘payishi orasida qanday bog‘liqlik bor? Ketmonchopti ko‘ndalang tog‘ tizmasi bo‘lib, Surxon vohasiga shimoldan esadigan “qora sovuq” deb ataladigan shamollarni to‘sib qoladi. Natijada, bu shamollar keltirgan qor, yog‘in bulutlari qor tog‘ oldi adirlari va tog‘ cho‘qqilariga yog‘ishga majbur bo‘ladi. Kuzning hatto o‘rtalarida, vodiyda quyosh charaqlab turgan bir paytda, Ketmonchopti cho‘qqilarida oppoq qor bo‘ladi. Yana pastki vodiylardan ko‘tarilgan suv bug‘lari qancha balandlasa, shuncha tez sovib, yog‘inga aylanadi. Tog‘da nima ko‘p – o‘ngirlar, jarliklar, changalzorlar ko‘p. Ularda qor to‘planib, sovuqda muzlaydi va uzoq turadi. Surxon vohasidagi barcha daryolar, soylar tog‘lardan boshlanishini hisobga olsak, Qo‘yqushoqni qor bosishi – tog‘da baland, qalin qor zahirasi to‘plandi degani. Bu esa yil bo‘yi suvning ko‘p bo‘lishidan nishona.

 

Ochil TOSHQULOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.