Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quddus Muhammadiy

  • Rukn: Nigoh
  • 96 marta ko‘rilgan

XX asr oʻzbek bolalar adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Quddus Muhammadiy 1907-yil Toshkentda dehqon oilasida dunyoga keldi. Oʻrta maktabdan keyin qishloq xoʻjaligi bilim yurtida, soʻng Oʻrta Osiyo Davlat universitetining biologiya fakultetida tahsil oldi.

Quddus Muhammadiy ijodi 30-yillardan boshlangan. Ilk asarlari “Sharq haqiqati” gazetasi va “Yer yuzi” jurnalida chop etilgan. Uning 1936–1937-yillarda yozilgan “Sandal va pechka”, “Oʻz-oʻzini tanqid” kabi dostonlarida odamlar feʼl-atvoridagi, xususan, bolalar xarakteridagi ayrim nuqsonlar begʻaraz hajv qilinadi.

Urushdan keyingi yillarda birinchi sheʼriy toʻplami “Sinov” (1947) nomi bilan nashr etildi. Shundan soʻng, “Oʻquvchiga esdalik” (1947), “Sheʼr va ertaklar” (1947), “Orzu” (1948), “Bahor keldi” (1950), “Dunyoda eng kuchli nima?” (1951), “Qirq oʻgʻil va qiz” (1951), “Bizning doʻstlarimiz” (1952), “Sen tugʻilgan kun” (1952), “Yangi uy” (1953), “Mehribon doʻstlar” (1953), “Qoʻngʻizboy bilan Sichqonboy” (1955), “Tugmacha” (1956), “Tanlangan asarlar” (1957) kabi oʻttizdan ortiq kitoblari bosilib chiqdi. Toʻrt jilddan iborat “Tabiat alifbosi” kitobi, ayniqsa, “Ochil dasturxon” (1970) kabi xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari ruhidagi asarlari adibga katta shuhrat keltirdi. “Qanotli doʻstlar” nomli sheʼriy kitobi 1970-yilda Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. 1977-yilda Quddus Muhammadiy “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlandi.

Quddus Muhammadiy mohir tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. Uning mashhur rus shoirlari S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto, K. Chukovskiy asarlaridan qilgan tarjimalari oʻzbek bolalar adabiyotining ravnaqiga muhim hissa boʻlib qoʻshildi. Oʻzbekiston xalq shoiri Q. Muhammadiy bir umr bolalar kelajagi, ularning maʼnaviy kamoloti haqida oʻyladi. Ularning oʻqimishli, ishbilarmon va yetuk mutaxassislar boʻlishini orzu qildi:

Boʻlay desang bogʻbon,

Yo Vatanga posbon,

Yo osmonda uchuvchi,

Yo dengizda suzuvchi,

Nimaki qilsang tilak,

Bariga oʻqish kerak...

Bu satrlar hamon uning yosh avlodga nasihati boʻlib jaranglamoqda.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.