Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sakuralar oilasi yoxud yapon o‘quvchilari hayotiga bir nazar

  • Rukn: Nigoh
  • 804 marta ko‘rilgan

Qadrli yosh do‘stim! Bilaman, hozir yozgi ta’tilda mazza qilib, o‘ynab-kulib hordiq chiqaryapsiz. Cho‘milyapsiz, xushmanzara tog‘ qo‘ynidagi oromgohlarda hech bir majburiyatsiz dam olyapsiz. Xullas, ayni paytda kitob-daftar, qalam-qog‘oz kabi narsalarga unchalik hushingiz yo‘q. Sizga maktab darslaridan savol berib ko‘rsak... Xo‘p-xo‘p-xo‘p... Savolni yig‘ishtiramiz. Ammo bitta so‘rovimizga javob berib ko‘ring-chi. Bu siz uchun ham qiziq tuyulishi, tabiiy. Shunday qilib... savol... yo‘g‘-e... qizi-i-iq savol: dunyodagi eng aqlli va a’lochi o‘quvchilar qayerda yashashadi? Qaysi millat farzandlarini biz bir ovozdan “eng bilimdon”, deya olamiz.

To‘xtang, to‘xtang... O‘zingizni maqtashni boshlamang... Agar orangizda kimdir “bu yaponlar”, deb javob bergan bo‘lsa, uning javobi to‘g‘ri. Rostdan ham bu yaponiyalik bolalar. Tushundim, ular bunday darajaga qanday erishgan, deya so‘ramoqchimisiz? Shoshmang, agar ozgina diqqat qilib o‘qishda davom etsangiz, buni bilib olasiz. Aks holda... Xullas, boshladik.

Boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan yapon bolalari uchun bilim olishdan ko‘ra odob-axloq qoidalarini o‘rganish birinchi o‘rinda turadi. Chunki odobli bo‘lish bilimli bo‘lishdan ko‘ra muhimroq, degan tamoyil hali-hanuz yapon pedagogikasining asosi hisoblanadi. Shuningdek, bolalarga atrofdagi kishilar va jonivorlarga hurmat hamda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, bag‘rikenglik, haqiqatparvarlik, o‘z-o‘zini nazorat qilish kabi eng muhim hayotiy tamoyillar o‘rgatiladi. Eng qizig‘i, Yaponiyadagi maktab o‘quvchilari to‘rtinchi sinfgacha hech qanday imtihon topshirishmaydi, faqat kichik mustaqil ishlar yozishadi. Chunki bu paytda asosiy e’tibor, avval aytganimizdek, tarbiyaga qaratiladi.

Yana bir g‘ayritabiiy jihati, Yaponiyadagi o‘quv yili 1-apreldan boshlanadi. Nega dunyoning aksariyat mamlakatlarida o‘quv yili yakunlanayotgan bir paytda yaponlar o‘qishni boshlarkan, deya hayratlanyapsizmi? Gap shundaki, yapon bolalari, umuman butun xalq, Yaponiya davlati va tabiati ramzi – sakura daraxtiga katta hurmat bilan qaraydi. Uning gullash payti – aprel oyini turli bayramlar bilan qarshi olishadi. Shuningdek, millat rivojining asosiy ustuni bo‘lmish ta’lim jarayoni boshlanishini ham ramziy ma’noda shu vaqtga to‘g‘rilashadi. Shu tariqa uch bo‘limdan iborat navbatdagi o‘quv yili boshlanadi: 1-aprel – 20-iyul, 1-sentabr – 26-dekabr, 7-yanvar – 25-mart. Yozgi ta’til 6 hafta, qishki va bahorgi ta’tillar esa 2 hafta davom etadi.

Yapon o‘quvchilari maktab binosining deyarli barcha qismini qat’iy tartib asosida o‘zlari tozalashadi. Ya’ni maktabda bironta farrosh uchratmaysiz. Har bir sinf navbatma-navbat xonalar, koridorlar va hatto hojatxonalarni ham tozalashga majbur. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu tartib ham bolalarning jamoada ishlash va burchga sadoqatli bo‘lib voyaga yetishishiga turtki beradi. Shuningdek, bunday majburiyatlarni birgalikda bajarayotgan sinfdoshlar bir-biriga mehribon bo‘lib o‘sishadi. Eng muhimi, ular o‘zgalar mehnatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi hayot saboqlarini maktabdayoq o‘rganishadi.

Maktablarda faqat bir xil – maxsus lanch (sabzavotli taom va kotlet)lar tushlik uchun tarqatiladi. Ajablanarlisi, barcha sinfdoshlar o‘qituvchi bilan birga sinfxonada tushlik qilishadi. Bu tenglik o‘quvchilarga nima beradi? Avvalo, o‘zaro yaqinlik. Tushlik vaqtida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ko‘rinmas devor olib tashlanadi va samimiy muloqot kechadi. Bu esa o‘qituvchilarga shogirdlari bilan yanada yaqin bo‘lish, ularning muammolari va qiynayotgan savollariga javob topishga yordam beradi. O‘quvchilar ham o‘qituvchilaridan nafaqat o‘quv jarayonlari, balki shaxsiy hayotiga oid masalalar bo‘yicha maslahat olishadi.

Barcha maktab o‘quvchilari o‘quv formasida bo‘lishi shart. Ammo ko‘pgina maktablar o‘z o‘quv formasiga ega. Ya’ni taklif etilayotgan o‘quv formalari yapon milliy manfaatlarini ifoda etsa, uni joriy qilishga hech qanday to‘siq yo‘q. Mamlakatda ta’lim intizomining birinchi sharti sifatida maktab formalari ta’kidlanadi. Shuningdek, bir xil o‘quv forma sinfdoshlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, deb hisoblashadi.

Endi nigohingizni bir nuqtaga qadab, rostini ayting-chi?! Siz o‘zingiz, aytaylik, bir oy davomida necha bor dars qoldirasiz? Sinfdoshlaringiz-chi? Umuman, bir kun bo‘lsa-da, siz o‘qiyotgan maktab yoki sinfxonada 100 foiz o‘quvchi darslarga qatnashganmi?

To‘g‘ri, o‘ylantiradigan savol. Ne bo‘lganda ham, bu savollarga hech bir ikkilanishsiz “ha” deya javob bera olmaysiz. Sababi, o‘zingizga ma’lum. Asosiy vaj esa – dangasalik. Ertasi kuni o‘qituvchiga ming chiranib aytilayotgan bahonalarning deyarli barchasining ostida bir sabab yotadi – dangasalik yoki bee’tiborlik. (Fikrimiz noto‘g‘ri bo‘lsa, bahsga kirishishga tayyormiz).

Hozir hikoya qilayotgan davlatimizda esa, buning umuman teskarisi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, o‘quvchilarning darslarga qatnashish ko‘rsatkichi 99,99 foiz. Yana bir ibratli jihati, yapon o‘quvchilari umuman darslarga kechikishmas ekan. Bu ma’lumotga biz ham biroz ikkilanib turibmiz-u, ammo ishonish mumkin. To‘g‘ri-da, mas’uliyat tuyg‘usi boshlang‘ich sinflardanoq bola ongiga singdirib kelingandan so‘ng... Xullas, ne bo‘lganda ham, yapon bolalari xulqi va tarbiyasida biz ibrat olarli jihatlar ko‘pligi ko‘rinib turibdi.

Mamlakat jamoat transportlarida soat kechki 21: 00 da ham maktab o‘quvchilarini ko‘plab uchratish mumkin. Bu tabiiy hol. Sababi deyarli barcha o‘quvchilar maktab darslaridan so‘ng qo‘shimcha mashg‘ulotlarga borishadi. Ba’zi bolalar hatto yakshanba va ta’til kunlari ham shug‘ullanishadi. Shuning uchun Yaponiyada sinfdan sinfga qolish (aniqrog‘i, sinfdan yiqilish) yoki shunga o‘xshash salbiy holatlarni deyarli uchratmaysiz.

Yaponiyada yapon kalligrafiya (yapon eski yozuvi) san’ati va she’riyatiga alohida mehr va katta hurmat bilan qarashadi. Shu sababli o‘quvchilar maktab darslaridan tashqari mazkur milliy san’at turlariga o‘rgatiladi. O‘quvchilar yuqori sinflarni tugallagach, birgina test topshirishadi va bu ularning oliy ta’lim muassasasiga kirish yo kirmasligini hal qiladi. Umuman olganda, yapon o‘quvchilarining biz uchun qiziqarli tuyuluvchi hayoti ana shunday g‘ayritabiiy jihatlarga juda boy.

Qadrli yosh do‘stim! Bu ma’lumotlarni o‘qib o‘zingiz uchun nimadir oldingiz yoki yo‘q, bu bizga noma’lum. Muhimi, ibrat sifatida yapon tengqurlaringizning qay bir hayot tarzi sizni qiziqtira olgan bo‘lsa, yutug‘imiz shu.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.