Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Sehrli qalpoqcha” yaratuvchisi

  • Rukn: Nigoh
  • 811 marta ko‘rilgan

Kim o‘ylapti, u katta bo‘lsa, kinorejissor bo‘ladi, o‘sib-ulg‘ayayotgan bolalarning ma’naviy kamolotiga o‘z hissasini qo‘shadi deb?.. Axir ularning oilasida umuman san’atga yaqin, unga oshno bo‘lganlar yo‘q edi-ku. Lekin u iste’dodli kinorejissor sifatida el og‘ziga tushdi. Bolalikdan o‘ta tirishqoq, uddaburon bo‘lgan Sarvar shifokor yoki huquqshunos bo‘lishni niyat qilgan. Ota-onasi ham uni huquqshunos bo‘lishini orzu qilishgan. U o‘zi o‘qiyotgan Yashnobod tumanidagi 231-maktab o‘quvchilarining yetakchisi edi. Sarvar har qanday bayramning boshlanishidan yakunigacha bo‘lgan jarayonga tasavvuridagi g‘oyalarni kiritib, boyitib qog‘ozga tushirardi. Hatto ustozlari ham bunday paytda u bilan hamkorlik qilardi. Tadbirning biror joyi ko‘ngildagidek chiqmasa, Sarvar bir zumda uni to‘ldiradigan topilmalarni o‘ylab topardi. Xullas, maktabdagi bayram-u tadbirlar, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi bellashuv va musobaqalar ssenariysining asosiy muallifi Sarvar bo‘lardi.

Sarvar maktabni tamomlagach, o‘zi o‘ylagandek Toshkent shahridagi 1-sonli yuridik kollejida o‘qidi. U yerni bitirgach hujjatlarini Toshkent davlat yuridik institutiga topshirdi. Afsuski, o‘qishga kira olmadi. Bir tomondan bu Sarvar uchun yaxshi ham bo‘ldi. Chunki ko‘nglining bir chetida san’atga bo‘lgan mehri so‘nmagan, nimadir kamdek tuyulardi. Keyingi yili uning orzusi ushaldi. Sarvar Mannon Uyg‘ur nomli Toshkent davlat san’at instituti talabasi bo‘ldi. Bu yerda Sarvar O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli telerejissor Mahkam Muhammedov, ustoz kinorejissor va operator Hotam Fayziyev, Abdurahim Ismoilov, Shavkat Mahbubovlardan ta’lim oldi.

Kunlarning birida rejissor Nozim Jumayev Sarvarga yozuvchi X. To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini badiiy film tarzida suratga olishni taklif qiladi. Kitobni qayta-qayta sevib o‘qigan Sarvar ssenariy yozishga kirishdi. Ayniqsa, asardagi sehrli qalpoqcha shaklini topishda ancha bosh qotirdi. Qalpoqcha milliyligimizni, tarixiylikni ifodalagan va bolalarni hayratga soladigan ko‘rinishda bo‘lishi kerak edi. Sarvar, tasavvuridagi qalpoq tasvirini qog‘ozga tushirdi. Sehrli qalpoq sehrini ko‘rsatdi. Ssenariy “O‘zbekkino” Milliy agentligi badiiy kengashiga ma’qul bo‘ldi. Muhimi, filmni davlat granti asosida suratga olishga qaror qilindi. Shunday qilib, filmga Sarvar ham ssenariy muallifi, ham sahnalashtiruvchi ikki rejissorning biri bo‘ldi. 2012-yilda ekranga chiqqan filmni bolalar qizg‘in kutib olishdi. Oradan ikki yil o‘tgach, yosh rejissor “Sehrli qalpoqcha-2: Sariq devni minib” badiiy filmini tasvirga olishni boshladi. Bu film ham tomoshabinlarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Bosh qahramon obrazini yaratgan bolalar mashhur bo‘lib ketdi. Bu borada rejissor shunday deydi:

– Maktablarda bo‘lib, turli yoshdagi, turli xarakterdagi bolalarni kuzatib, ular bilan suhbatlashaman. Yoshlarimiz orasida iqtidorlilar ko‘p. Ularni ko‘ra olish, yuzaga chiqarish bizning vazifamiz. Shunda ko‘zlagan maqsadga erishamiz. Aksincha, kimningdir ukasi, o‘g‘li yo jiyanini ekranga chiqaramiz deb, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ysak, filmning muvaffaqiyat qozonishi mushkul. To‘g‘ri, bolalar bilan ishlash mashaqqat, ammo men nolimayman. Chunki ular bilan ishlayotganimdan, o‘zbek bolalar kinosi rivojiga hissa qo‘shayotganimdan, yangi iste’dodni kashf qila olganimdan o‘zimni mamnun his qilaman.

Keyingi yillarda uning ssenariysi asosida “Bolajon” telekanalining buyurtmasi bilan “O‘zbektelefilm” tomonidan “Yo‘qotilgan vaqt” ertak-filmi suratga olindi. “Doniyorning sarguzashtlari”, “Kichkina izquvar” nomli filmlar ham yaratildi. Shu kunlarda “Zo‘raki qahramon” va “Ajinatepa siri” nomli filmlari ekranga chiqish arafasida.

Sarvar siz sevib tomosha qiladigan “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnali ijodkorlari bilan ham hamkorlikda ishlaydi. Ba’zan ushbu kinojurnalning yangi sonlarini tasvirga olishda bosh rejissorlik ham qilmoqda. Xullas, tinib-tinchimas yosh kinorejissor Sarvar Karimov bolalar ma’naviy bilimini oshirishda yangi g‘oyalarni topib, yangi asarlar yaratish yo‘lida izlanishda.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.