Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shavkat Rahmon

  • Rukn: Nigoh
  • 63 marta ko‘rilgan

Shavkat Rahmon 1950-yil 12-sentabrda qoʻshni Qirgʻiziston respublikasi Oʻsh viloyatining Qorasuv tumanida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1966-yil oʻrta maktabni tamomlagach, viloyat gazetasida ishladi.

1973-yil Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutini bitirgach, Toshkentga koʻchib keldi. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir, boʻlim boshligʻi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul xodim boʻlib ishladi.

Shoirning dastlabki sheʼrlari Oʻsh viloyati gazetalarida chop etildi. 1978-yilda “Rangin lavhalar” nomli birinchi sheʼriy toʻplami nashr etildi. Shundan soʻng “Yurak qirralari” (1981), “Ochiq kunlar” (1983), “Gullayotgan tosh” (1984), “Uygʻoq togʻlar” (1986), “Hulvo” (1988) kabi qator sheʼriy toʻplamlari bosilib chiqdi. Shavkat Rahmon oʻz qoʻli bilan tayyorlagan, ammo vafotidan keyin nashr etilgan “Saylanma”sini (1997) koʻzdan kechirsangiz, butun ijodi davomida yaratilgan sara asarlari qatori xastalik damlarida bitilgan soʻnggi sheʼrlaridan ham bahramand boʻlasiz.

Shavkat Rahmon tarjimon sifatida taniqli ispan shoiri Garsiya Lorkaning goʻzal sheʼrlarini rus va ispan tillaridan oʻzbek tiliga oʻgirib, ikki marta nashr ettirdi (1979,1989). Bu bilan u oʻzbek oʻquvchisining maʼnaviy dunyosini boyitishga munosib hissa qoʻshdi.

Shavkat Rahmon sheʼriyati oʻtgan asrning 80-yillarida oʻzbek adabiyotida kuchli toʻlqin tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkor ruhdagi asarlar sirasiga kiradi. U uzoq davom etgan ogʻir xastalikdan soʻng 1996-yil kuzda 47 yoshida olamdan oʻtdi.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.