Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shoyim Boʻtayev

  • Rukn: Nigoh
  • 66 marta ko‘rilgan

Shoyim Boʻtayev 1959-yil 20-iyunda Tojikiston Respublikasining Oʻratepa tumanidagi Maydoncha qishlogʻida tugʻildi.

Leninobod (hozirgi Xoʻjand) davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan.

Mehnat faoliyatini “Guliston” jurnalida boshlagan adib, keyinchalik Respublika bolalar gazetasida boʻlim mudiri, “Choʻlpon” nashriyotida muharrir boʻlib ishladi. Oʻzbekiston radiosi “Adabiyot va radioteatr” Bosh muharririyatida, “Oʻzbektelefilm” studiyasida, Oʻzbekiston Respublikasi hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar kinostudiyasida Bosh muharrir sifatida uzoq yillar samarali faoliyat olib bordi.

Shoyim Boʻtayevning “Sirli yulduzlar” nomli ilk qissasi 1984-yilda eʼlon qilingan. Xuddi shu yili “Dunyoning sarhisobi bor” qissalar toʻplami chop etildi. “Endi bari boshqacha”, “Shamol oʻyini”, “Kunbotardagi bogʻ”, “Hayot”, “Koʻchada qolgan ovoz” qissa va hikoyalar toʻplamlari ketma-ket nashr qilingan. “Qoʻrgʻonlangan oy”, “Shoh”, “Yettinchi tong” romanlari, “Shukur Burhon”, “Odil Yoqubov fenomeni”, “Shukur, ayt-chi bu hayot nima?” (Shukur Xolmirzayev haqida) esselari bilan kitobxonlar orasida keng tanilgan. “Orfey iltijosi xaloskori”( I. V. Savitskiy haqida) deb nomlangan essesi “Eng ulugʻ, eng aziz” Respublika koʻrik tanlovida gʻolib boʻlgan. U “Bogʻ”, “Dil payvandi”, “Qaldirgʻochlar yana qaytadi”, “Beshovlon” singari teleseriallar hamda “Muzaffar”, “Sarvinoz” deb nomlangan badiiy filmlar adabiy ssenariylariga, shuningdek, oʻnlab hujjatli filmlar va radiopostanovkalar ssenariylariga mualliflik qilgan.

Yozuvchining bir qator asarlari rus, turk, qoraqalpoq, tojik, nemis va ingliz tillariga tarjima qilingan. Shoyim Boʻtayev “Doʻstlik” (2002) ordeni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.