Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Taʼtil kunlarida

  • Rukn: Nigoh
  • 81 marta ko‘rilgan

Yaqinda muzeyimizga oʻrta yoshlardagi bir ayol kirib keldi-da:

– Maktabda adabiyot oʻqituvchisi boʻlib ishlayman, taʼtilda Toshkentga kelgandim. Muzeyni bir koʻrib ketay, dedim. Iltimos, iloji boʻlsa, bir ekskursavod biriktirib bersangiz, koʻrganlarimni yaxshilab tushunib olardim, – dedi.

– Oʻquvchilaringizni ham olib kelganingizda ularga qiziqarli dars boʻlardi.

– Yangi oʻquv yilida shu yerga sayohat uyushtirishni rejalashtirganman. Nasib qilsa, kelamiz.

– Sizga oʻzim ekskursavodlik qilaman, – deb ayolni ekspozitsiya zali tomon boshladim.

– Muzey 1968-yil 25-sentabrda taniqli adabiyotshunos olim, professor Hamid Sulaymon tomonidan tashkil etilgan. Muzeyda 25 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi. Ular orasida miniatyura suratlari, maketlar, yogʻoch oʻymakorlik, misgarlik buyumlari, yozuvchi-shoirlarning kitoblari, ularning portretlari, har bir davrga mos kiyimlari, ishlatgan buyumlaridan namunalar bor. Muzeyimiz 4 qavatdan iborat. Unda 11 ta ekspozitsiya zali mavjud. Mana bu birinchi zal Sohibqiron Amir Temurga bagʻishlanadi. Koʻrib turganingiz katta xaritada Temur bobomiz barpo etgan davlat aks etgan. Amir Temur yili, deb eʼlon qilingan 1996-yilda Sohibqiron haqida chop etilgan kitoblar ham muzeyimizdan joy oldi.

Ikkinchi zal Amir Temurning sevimli nabirasi Shohruh Mirzoning oʻgʻli astranom olim Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlanadi.

Uchinchi zal – Ustozlar zali. Alisher Navoiy oʻziga ustoz deb bilgan Hofiz Xorazmiy, Sheroziy, Lutfiy kabi ulugʻ shoirlarning portretlari, asarlarining qoʻlyozma nusxalari va oʻsha davrga mos turli anjomlar oʻrin olgan.

Toʻrtinchi zal Lirika zali, beshinchisi – Abdurahmon Jomiy zali, “Xamsa” zali, Husayn Boyqaro zali, Sovgʻalar zali...

Husayn Boyqaro zalidagi bu panjarani mashhur yogʻoch oʻymakor usta Fayzullayev muzeyga sovgʻa qilgan. Panjarani yasashda usta mix va yelim ishlatmagan. Geometrik shakllar aniq hisob-kitob asosida bir-biriga kiritilib panjara tayyorlangan. Muzeyning “Xamsa” zalidagi Navoiyning beshta dostoniga bagʻishlangan devoriy suratni 1991-yilda taniqli rassom Temur Saʼdullayev chizgan. Diqqat bilan kuzatsangiz, dostonlardagi manzaralar rassom tomonidan yanada boyitib tasvirlanganini ilgʻab olish qiyin emas. Sovgʻalar zalida esa qardosh respublikalar muzey ochilishi munosabati bilan taqdim qilgan noyob tuhfalar joy olgan. Sankt-Peterburg chinni zavodidan Navoiy dostonlariga ishlangan miniatyura suratlari tushirilgan buyumlar toʻplami, Turkmanistondan hazrat Navoiy surati aks etgan turkman gilami, misgarlik anjomlari, Navoiy ijodini oʻrgangan olimlarning suratlari, hikmatli soʻzlar yozilgan devoriy pannolarni koʻramiz.

Men hamrohimga muzey zallari, unda saqlanayotgan eksponatlar, suratlar haqida atroflicha taʼrif berdim. Muallima oʻzi uchun muhim deb bilgan maʼlumotlarni yon daftariga yozib oldi. Shubhasiz, u bu haqda oʻquvchilariga aytib beradi.

Lekin mening maqsadim, xalqimiz, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod bu muzeyni oʻz koʻzlari bilan koʻrsinlar. Zallarda aks etgan tarixiy davrga sayohat qilsinlar, u yerdagi ashyolar, eksponatlar orqali Navoiy yashagan davrni his etsinlar, ekskursovodlar hikoyasi orqali ulugʻ ustozlar haqida yangi-yangi maʼlumotlarga ega boʻlsinlar. Chunki tarixni bilmay bugunning qadriga yetish qiyin deyishadi-ku, shunday emasmi?

 

Ziyodaxon RASULOVA,

Alisher Navoiy nomidagi

Davlat Adabiyot muzeyi xodimi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.