Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabarruk yosh muborak

  • Rukn: Nigoh
  • 26 marta ko‘rilgan

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, II darajali “Soglom avlod uchun” ordeni sohibasi, taniqli adiba Yayra Saʼdullayeva shu kunlarda tabarruk 85 yoshlarini nishonlayaptilar. Oʻgʻil-qizlar, nabira va abiralar davrasida, ularning ardogʻida qutlugʻ yoshni qarshilayotgan Ustozga har qancha havas qilsak arziydi.

Chunki Yayra opa butun isteʼdodi, kuch-gʻayrati va imkoniyatini bolalarga bagʻishlagan ijodkor. Ustozni sogʻinib uylariga borsak hamisha, “Gʻuncha” yaxshi chiqyaptimi, “Gulxan”chilar sogʻ-omonmi?” deb hammani birma-bir soʻrab chiqadilar. “Jurnallardan birikkita olib keldingizmi?” deya koʻzlari porlab turadi. Biroz suhbatlashganimizdan soʻng esa, “Mana bu hikoyalarni nabiralarimdan ilhomlanib yozib qoʻygandim.oʻqib koʻring, lozim topsangiz, jurnalda berarsiz”, deydilar kamtarlik bilan. Yonlaridagi stolda esa hamisha qogʻoz-qalam, nimalarnidir qoralamalari boʻladi. Koʻpincha suhbatimiz Yayra opaning bolalar nashrlarida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan yillariga borib taqaladi. Oʻsha yillari bolalar uchun sermahsul ijod qilgan Quddus Muhammadiy, Poʻlat Moʻmin, Ilyos Muslim, Mahmud Murodov, Rauf Tolib kabi bolajon qalamkashlarni faxr bilan sogʻinib yodga oladilar. Ular haqida toʻlqinlanib soʻzlaydilar. Hayajon bilan ular ijodidan ayrim satrlarni yod aytib beradilar-da, “Qarang, qanday taʼsirli misralar. Bu sheʼrlarni bugungi yosh avlodga ham tavsiya qilish kerak”, deb qoʻshib qoʻyadilar. Soʻng biroz muddat bir nuqtaga tikilgancha, xayolan oʻsha – oʻtgan yillarga qaytadilar. Men esa ularga xalal bermaslik uchun yonlarida ovoz chiqarmay jimgina oʻtiraman.

– Voy, Zahroxon-ey, kelib juda yaxshi qildingiz-da, “Gʻuncha” bilan “Gulxan”imning nafasini olib keldingiz. Rahmat sizga, meni gʻoyat xursand qildingiz, – deydilar yuz-koʻzlaridan tabassum yogʻilib. – Hali siz bilan bolalar adabiyoti haqida gaplashadigan gaplarimiz juda koʻp, yana bir kelasiz, – deb barcha bolalar nashrlarida ishlayotgan qalamkashlarni uzundan-uzoq duo qiladilar.

Yayra opa 7 yil “Gulxan” jurnaliga, 27 yil esa kichkintoylarning sevimli nashri “Gʻuncha”ga rahbarlik qildilar. Bolalar uchun koʻplab kitoblar yozdilar. Bir qator hikoyalari boshlangʻich sinf darsliklariga ham kiritilgan.

Bolajon adibamizni “Gulxan” jamoasi va minglab muxlislari nomidan qutlugʻ yosh bilan chin dildan tabriklaymiz. Ularga sihat-salomatlik, bundan-da ulugʻ yoshlarni tetik va bardam qarshi olishlarini tilab qolamiz.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.