Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tariximiz ko‘zgusi

  • Rukn: Nigoh
  • 655 marta ko‘rilgan

Tarix. U – sirli olam. Zafar beshinchi sinfga o‘tganida dars mashg‘ulotiga bir nechta yangi fanlar qo‘shildi. Ular orasida “Qadimgi dunyo tarixi”, “O‘zbekiston tarixi” ham bor edi. Bu fanlar Zafarni sirli olamga yetakladi. Uni qadimda Yer yuzida yashagan turfa mavjudotlar, bahaybat sudralib yuruvchilar-u ulkan o‘txo‘r va go‘shtxo‘r jonzotlar, odamzodning paydo bo‘lishi va g‘orlarda yashab jon saqlashi, asta-sekinlik bilan uning ong-u shuuri o‘zgarib borishi, bu jarayonda hayot-mamot kurashi, ziddiyatli jang-u-jadallar Zafarning butun o‘yy-u fikrini qamrab olardi.

Kunlarning birida tarix fani o‘qituvchisi o‘lkamizning Surxondaryo viloyatidagi “Teshiktosh” g‘oridan topilgan 9 yoshli bola skeleti haqida gapirib berdi. Dars oxirlab qolganda, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga boringlar, o‘shanda tariximiz haqida kengroq tasavvurga ega bo‘lasizlar, deb qoldi. Shundan so‘ng Zafar dadasidan tarix muzeyiga olib borishini iltimos qildi. Dadasi rozi bo‘ldi. Zafar o‘rtog‘i Javohirni ham muzeyga taklif qildi.

Mana, o‘sha o‘tmishni bag‘rida asragan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi. Bu maskan respublikamizning nufuzli, ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazi hisoblanadi. U 1876-yilda Toshkent muzeyi asosida tashkil etilgan. 1943-yildan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tasarrufida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1994-yil 5-avgustda esa muzeyga Davlat maqomi berilgan.

Zafar do‘sti Javohir bilan bino oldidagi baland zinalardan chopqillab ketishdi. Zafarning dadasi dilida iftixor tuyib og‘ir-vazminlik bilan ularning ketidan borardi. Muzeyga kirgach, ro‘paradagi devorga chizilgan tarixiy lavhalarni ko‘rganda, ikki do‘st bir dam sukutda qolishdi. So‘ng asosiy ekspozitsiyalar makoni bo‘lgan ikkinchi qavatga ko‘tarilishdi. Muzeyning yetakchi ilmiy xodimi Feruza Rasulova ularga hamrohlik qilib, ma’lumot beradigan bo‘ldi.

Muzey bilan tanishish bolalar uchun maxsus bo‘limdan boshlandi. Zafar bilan Javohir respublikamiz hududida eramizdan minglab yillar avvalgi turmush, g‘orlarda yashagan odamlarning hayot tarzi, o‘lkamiz tabiati bilan tanishishdi. Yillar o‘tib taraqqiy etgan davr va bugungi kun. Shaharda, ko‘pqavatli uylarda ulg‘aygan bolalar kuzatuv davomida ishkom ostidagi shohsupa, tandir-o‘choq va shunga o‘xshash milliy an’analarimiz aks etgan eksponatlarni ko‘rishdi. Qo‘g‘irchoq teatrining kichik sahnasi ularning diqqatini tortdi. Bu yerda tomoshabin bolalar milliy qahramonlar qiyofasidagi qo‘g‘irchoqni olib, o‘zlari ertak namoyish etishlari uchun imkoniyat bor ekan. Zafar bilan Javohir ham goh u ertak qahramoni, goh bu ertak qahramoni ishtirokida kichik obrazli lavhalar ko‘rsatishga urinib ko‘rishdi. Bu urinish Zafarning dadasi va Feruza opaga ma’qul bo‘ldi. Bo‘limda o‘quvchilar chizgan turli rasmlar, bolalar adabiyotiga oid badiiy kitob va jurnallar ham bor ekan. Bolalarni qiziqtirish uchun milliy liboslarimiz aks etgan topishmoqli viktorina qurilmalari bilan tanishishdi. E’tiborlisi, bu yerda qiz bolalarga kashtachilik, munchoqli bezak, tikish-bichish kabi milliy hunarlarimizni bepul o‘rgatishar ekan. Bo‘limda tabiat va ona zaminimizdan olinadigan tabiiy resurslar, moddiy boyliklar (paxta, pilla va turfa ma’danli toshlar) ham o‘rin olgandi.

Bolalar endi haqiqiy tarix olamiga sayohatni boshladilar. Birinchi bo‘lim “O‘zbekiston hududida tosh asri”, ya’ni paleolit davri edi. Zafar u yerdagi bahaybat “dinozavr”larni ko‘riboq do‘stini o‘sha tomonga boshladi. Ikki do‘st eksponatlarni tomosha qilar ekan, darsda o‘qituvchisi aytgan va o‘zlari kitobda o‘qigan manbalar bilan taqqoslab, o‘zaro bahslashishdi. Navbatdagi “O‘zbekiston hududida jez (bronza) davri” deb nomlangan bo‘limda qadimda yasalgan ilk metall ish qurollari va ayollar taqinchoqlari joy olgan.

Shu tariqa ular to‘rtinchi qavatga yetib kelganlarini ham sezmay qolishdi. “Mustaqil O‘zbekiston – ozod va obod Vatan” nomli bu bo‘limda 1991-yildan bugungi kunga qadar mamlakatimiz erishgan barcha muvaffaqiyatlar bolalarning ko‘z oldilarida butun salobati bilan namoyon bo‘ldi. Yangi o‘quv maskanlari, yo‘llar va ko‘priklar, sport maydonlari, korxona va baland inshootlarning ko‘zni qamashtiruvchi maketlari bolalarni hayratga soldi.

Zafar miloddan avvalgi tosh asridan to bugungi kunimizga qadar bo‘lgan davrni solishtirar ekan, shunday zamonda tug‘ilib ulg‘ayayotganiga shukronalar aytdi. U muzeyda ko‘rganlari va kuzatganlarini, albatta, sinfdoshlariga aytib berishni diliga tugib qo‘ydi. Xalqimizda “Yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi” degan ibora bor. Imkon topib muzeyga bir kelsangiz, tariximizning ajib sinoatlaridan voqif bo‘lasiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.