Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Togʻ tulkisi

  • Rukn: Nigoh
  • 248 marta ko‘rilgan

Togʻoldi va togʻlarda hayot kechiruvchi tulkilar asosan tunda, qish faslida esa kunduzi ham faol boʻladi. Ayyorlik, tezlik, epchillik ularga xos. Har qanday tovushni, hatto yer ostidagi mayda sutemizuvchilarning shitirlashini ham eshitadi.

Tulki oilasi qurib qolgan daryo oʻzanlarida, tepalik va chakalakzor chekkalaridagi boshqa jonivorlar qazib ketgan joylarni kengaytirib in qilib oladi. Oilada har bir tulkining qatʼiy vazifasi bor: oila boshligʻi boʻlmish ota tulki bolalari va in atrofini qoʻriqlaydi. Ona tulki esa tuni bilan ov qilib, sahar payti bolalarining qornini toʻydirish uchun qumsichqon, qoʻshoyoq, yumronqoziq hamda turli hasharotlarni tutib keladi. Uddasidan chiqsa kaklik, jayra, toʻrgʻaylarni ham tutib yeydi. Baʼzan qishloq oralab uylardagi tovuqlarni olib ketadi. Mevalarga ham befarq emas. Tulkichalar uchun esa ona sutiga teng keladigani yoʻq.

Ona tulki mashaqqatli mehnatdan soʻng dam oladi. Togʻlarda hayot kechirishning oʻziga xos qiyinchiliklari bor. Ona tulki bolalarini nima bilan va qanday oziqlantirish kerakligini yaxshi biladi. Shunga qaramasdan tulki bolalarining barchasi birdek yashab ketolmaydi. Negaki, ularning oʻsib-ulgʻayishi va rivojlanishi ob-havo muruvvatiga ham bogʻliq. Baʼzilari ochlikdan nobud boʻladi.

Ota tulki juftiga doimo gʻamxoʻrlik qiladi. Kichiklariga koʻz-quloq boʻlib turadi. Biror xavfni sezsa uvillab, ularni ogohlantiradi.

Tulki bolalari ulgʻaygan sayin inlariga sigʻmay qoladi. Shunda ota-ona tulkilar oʻzlari uchun yangi in qazishlariga toʻgʻri keladi.

Kunlar, haftalar oʻtib kichkintoylarning boʻyi ota-onalari boʻyi bilan tenglashadi. Ishtahalari ham karnay. Qimirlagan mayda jonivorlar borki, ular oʻljasiga aylanadi. Yosh tulkilar ertalabki quyoshda biroz isinib, oʻynab quvvat olgach, onalari keltirib qoʻygan quyon oyoqlari, dumi, quloqlari, qush qanotlari va in yaqinida yotgan boshqa qoldiqlarni oʻyinchoq qilib oʻynaydi. Enaga tulki ularga yaralangan hayvonlar keltirib beradi. Tulkichalar ularni ovlashni oʻrganadilar. Bunday mashgʻulotlar ularda epchillik va chaqqonlikni tarbiyalaydi. Ov qilishni oʻzlashtirgan tulkichalar hayot saboqlarini olgach, mustaqil yashashni boshlaydi.

Tulkilar hid orqali muloqot qiladilar. Novdada qolgan qora belgilar boshqalarning qachon kelib ketgani, hudud xavfdan xoli yoki xavfli ekanligini bildiradi.

Koʻrdingizmi bolalar, tulkilarning hammasi ham ertaklarda aytilgandek momiqqina moʻynali, chiroyli dumini koʻz-koʻzlab yuruvchi olifta, tayyorga ayyor tekinxoʻr, dangasa emas. Aksincha, abjir ovchi, mehnatkash, bolalariga gʻamxoʻr hayvon ekan. Eng muhimi, bu chiroyli, chaqqon jonivor kemiruvchilar, zararkunandalarning kushandasi, ona tabiatimiz musaffoligini taʼminlovchi sanitar hamdir.

 

Dilfuza POʻLATOVA

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani

45-maktab oʻqituvchisi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.