Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tohir Malik

  • Rukn: Nigoh
  • 487 marta ko‘rilgan

Tohir Malik (Tohir Hobilov) 1946-yilning 27-dekabrida ziyoli oilada dunyoga keldi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida oʻqidi. Qurilishda duradgor, gʻisht teruvchi boʻlib ishladi. Keyinchalik hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, boʻlim boshligʻi vazifalarida faoliyat yurutdi (1966).

Harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, respublika radiosida, “Choʻlpon”, Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qildi. 1995-yildan boshlab umrining oxirigacha Ichki ishlar vazirligi akademiyasida oʻzbek tilidan dars berdi.

“Hikmat afandining oʻlimi” (1972) asari oʻzbek adabiyotida fantastika yoʻnalishidagi birinchi qissa sanaladi. Shu yoʻnalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak” (1976), “Zaharli gʻubor” (1978), “Somon yoʻli elchilari” (1979), “Tiriklik suvi” (1984) qissalari, “Devona” romani (1985, dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan), “Qora farishta” (2005) kitoblari chop etildi; Bu asarlar rus hamda boshqa xorij tillariga tarjima qilindi. Adib XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilari faoliyatini oʻrganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida “Savohil” (1987) romanini va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab “Ozod inson haqida qoʻshiq” (2008) qissasini yozdi. Uning maʼnaviyat masalalariga, axloqiy qadriyatlarga bagʻishlangan “Bir koʻcha, bir kecha” (1988), “Iblis devori” (2006), “Eng kichik jinoyat” (2007) asarlari ham kitobxonlarga manzur boʻldi. “Jinoyatning uzun yoʻli” (2001), “Ayovsiz ilon” (2009), “Aql va Oqil” (2010), “Tilingni asra”, “Mehmon tuygʻular” maʼrifiy asarlari hamda uch kitobdan iborat “Odamiylik mulki” (2012) nashrdan chiqdi.

Tohir Malikning yana “Alvido... bolalik” (1989), 5 kitobdan iborat “Shaytanat” (1994,1995,1997,2001,2011), “Murdalar gapirmaydi” (1994), “Yomonlikdan yiroq boʻling” (2001), “Talvasa” (2007), “Tilla kalamush” (2007), “Voy, onajonim” (2009), “Sohilsiz dengiz”, “Samum” (1-2 kitob, 2012–2013), “Charxpalak”, “Halovat”, “Shaytanatning jin koʻchalari”, (2012), 12 jildli “Tanlangan asarlar”, “Munojot” (2013), “Umidlar dashti”, “Umidimiz yulduzlariga” (2014), “Poʻrtanali ummonda suzar hayot qayigʻi (1-2 kitob, 2015) kabi oʻnlab kitoblari nashr etildi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 1996-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Tohir Malik 2019-yil Toshkent shahrida vafot etdi.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.