Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toshga bitilgan "Boburiynoma"

  • Rukn: Nigoh
  • 683 marta ko‘rilgan

Jannatmakon Zahiriddin Muhammad hazratlari buyuk faoliyat kishisi bo‘lgan.

...Chindan ham haqiqiy hukmdorlik “viloyat olmoqlik” bilangina emas, balki “viloyat saqlamoqlik” bilan belgilanadi. Buyuk davlat arboblariga mos mazkur sifatlarga ega bo‘lganliklari vajhidan ham boburiy bobolarimiz qariyb 350 yil mobaynida hozirgi Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Afg‘oniston hududlaridagi ulkan saltanat sohibi bo‘lib kelganlar.

Boburning avlodlari ulug‘ bobolariga munosib bo‘lmoqlikni munosib sharaf deb bilardilar. Sohibqiron Amir Temur siymosi jahongir Bobur uchun naqadar yuksak ibrat timsoli bo‘lgan bo‘lsa, nasllari uchun Bobur Mirzoning o‘zi shu qadar mumtoz bir namuna edi. Olis, afsonaviy o‘lka – ikki daryo oralig‘idagi qadimiy va aziz diyorlardan kelib, bu yurtlarda yangi saltanatga asos solgan bobokalonlarining noyob insoniy fazilatlari aksariyat boburiy avlodlar yuragida mujassam edi.

Hazrati Boburning buyuk bunyodkorlik xislatlari uning nevara-evaralari tomonidan nafaqat zo‘r g‘ayrat-ishtiyoq bilan davom ettirilgan, balki yanada taraqqiy qildirilgan. Balxdan tortib Bangolaga qadar boburiylarning qadami tekkan manzil-marohillarni kezsangiz, o‘tmish qa’ridan mag‘rur bo‘y cho‘zib turgan mo‘jizaviy tarix yodgorliklariga duch kelasiz. Azim shaharlar, qal’alar, xonaqo-yu masjidlar, bog‘-bog‘otlar, ko‘k bilan husn talashgan minorlar...

Bu obodonchilik ishlarining o‘z tartib-qoidasi, o‘z yo‘sini ham mavjud bo‘lgan: “Lohur va Dibolpur dasturi bila charx rost qilib, suvlar joriy qildilar”.

Mamlakatdagi bunyodkorlik qanchalar ulkan miqyos kasb etganini ko‘rsatmoq uchun Bobur Mirzo uni bir paytlar Amir Temurning imoratlarida amalga oshirilgan ishlar bilan taqqoslaydi...

Bu inshootlarni barpo etishda jahonning turli o‘lkalaridan kelgan qo‘li gul, mohir ustalar ishtirok etardi. Ularning orasida hindistonlik hunarmandlar aksariyat ko‘pchilikni tashkil qilardi: “Har hirfagar va har korgardin ushbu qiyos bila Hindustonda behad va benihoyatdur”.

Alqissa, boburiy shahzodalar – bo‘lg‘usi mashhur hukmdorlar ana shunday bunyodkorlik muhitida o‘sib voyaga yetganlar. Va ular ham o‘z navbatida bu ulug‘ sulolaning sha’n-u shavkati, shukuhini o‘lmas me’moriy obidalarga naqsh etib qoldirganlar. Xuddi shu ma’noda Lohurdagi Shohi Qal’a tarixiy-me’morlik majmuini “toshga bitilgan boburiynoma” deb atamoq mumkin.

Shohi Qal’a... Boburiy shohlar qal’asi. Qariyb uch gektar sahnni egallagan bu hayratomuz me’moriy mo‘jizalar Bobur Mirzo sulolasi tomonidan uch yuz yil mobaynida muntazam ravishda qurib borilgan. Avlodlarning didi, mahorat va mehnatlari bir-birini to‘ldirib, shu muhtasham imoratlar vujudga kelgan. Qadimiy qal’aning ilk darvozasi bundan to‘rt yuz ellik yil muqaddam saodatli shoh Akbar tomonidan qurdirilgan. Qolgan uchta darvoza keyinchalik Shoh Jahon va Avrangzeb Olamgir hukmronligida bunyod etilgan. Yilning o‘n ikki oyida o‘n ikki tusda tovlanib turguvchi Javohir masjidi, Alifon ko‘prigi, Oynayi Jahon saroyi, Devoni xos, Devoni omm, Oromgoh, Mumtoz Mahalbegim ko‘shki, ikki oshiyonli Akbar qarorgohi kabi imoratlar beqiyos go‘zalligi, betakror jozibasi ila bir-biri bilan husn talashib turadi.

 

“Boburiynoma”dan

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.