Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tuproq bilan tillashing

  • Rukn: Nigoh
  • 285 marta ko‘rilgan

Bahor kelib hovli, tomorqa, dala ishlari qizg‘in tus oldi. Ota-onalaringiz, bobolaringiz bajarayotgan ekin-tikin yumushlarini diqqat bilan kuzatsangiz, yer bilan, tuproq bilan muomala qilishning sirlarini bilib olasiz. “Yer – xazina, suv – gavhar”, deydi xalqimiz. Dehqonlarimiz bu maqolni dillariga jo qilib olishgan. Darhaqiqat, inson hayoti, uning yashashi uchun zarur bo‘lgan meva-cheva, sabzavot, qo‘yingki, barcha o‘simliklar tuproqda unadi. Ular tuproqdan ildizi orqali suv, ozuqa moddalari oladi. Quyoshdan nur emib hosilga kiradi. Tuproqda o‘simlikning yashashi uchun zarur omillar yetarli darajada bo‘lgandagina urug‘ to‘liq unib chiqadi, rivojlanadi, hosil beradi. Uy sharoitida mevali daraxtlar, ekinlarimiz yaxshi rivojlanishi uchun mahalliy o‘g‘itdan foydalanish zarur. Fosforli, kaliyli, azotli mineral o‘g‘itlar nima ekanligini bilib oling. Unutmang, yerga o‘z vaqtida ozuqa berib turilmasa, u o‘z kuchini yo‘qotib boraveradi. Chunki tabiatning aylanma qonuniyatiga ko‘ra, yer dov-daraxtlarga, gul-u giyohlarga bergan ozuqa moddasining o‘rnini o‘z vaqtida to‘ldirmasak, undan mo‘l hosil kutib bo‘lmaydi.

Mana, o‘lkamizda ko‘klam nafasi ufurmoqda. Tabiat, borliq, zamin uyg‘ondi. Ana shu ona tuproq ko‘zlarini tiyrak ochishi, biz yerga qadagan o‘simliklarni o‘z bag‘rida erkalab o‘stirishi uchun unga mehr kerak, e’tibor kerak, u bilan tillasha bilish zarur. Chunki u ham tirik mavjudot. Tuproqning tilini topib, u bilan so‘zlasha oladigan ota-onalaringiz, buvi-bobolaringizning ortidan qolmang. Ularga eng yaqin ko‘makchi bo‘lishdan erinmang, tuproq bilan tillashishni o‘rganing. Ana shunda u sizdan oltin to‘la xazinasini qizg‘anmaydi.

 

Bo‘ron NORMURODOV,

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.