Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ular O‘zbekistonni sevishadi

  • Rukn: Nigoh
  • 595 marta ko‘rilgan

yoxud vatanparvarlik bahslaridan reportaj

 

Emishki, yog‘iy bilan kechgan ilk jangda mardonavor qilich surgan Sparangiz oxir-oqibat dushman hiylasidan vafot etibdi. Yolg‘iz o‘g‘lining jonsiz jasadi tepasida nigohini bir nuqtaga qadab turgan malika To‘maris va nihoyat, so‘nggi so‘zni aytish uchun o‘ng qo‘lidagi qilichni ko‘kka ko‘tardi:

– Ey, massaget xalqi! Ona tuprog‘imizga dushman oyoq bosdi. Bolam qul, oilam tul bo‘lmasin desang, boshingni sarbaland tut. Bu sahro, bu el meniki, sizniki, barchamizniki. Uni ertangi avlod qo‘liga ozod yetkazish muqaddas burchimizdir. Joningdan kechsang-da, shoningdan kechma! Ey, massaget elim! Ortimdan yur! Sening ortingdan afsonalar qolsin!

Ona To‘marisning har sasi vatanparvarlik tuyg‘usidan ruh olgan da’vati atrofni junbushga keltirdi. Jayhun bo‘ylarida kechgan qaqshatqich jangda dushman tor-mor qilindi. Malika To‘maris o‘z so‘zi ustidan chiqdi, yog‘iy ona tuproqdan supurib tashlandi. Shu tarzda haqiqiy erk kurashchisi Ona To‘maris va uning jonfido massaget xalqi haqidagi ming yillik afsona tildan tilga, dildan dilga ko‘chib kelmoqda. Bugungi avlodlar uning mangu jasoratini buyuk tariximizning bir bo‘lagi, deb o‘rganmoqda, ibrat olmoqda.

So‘zimiz boshida bu afsonaga bejiz to‘xtalmadik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining “Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga yo‘llagan tabrigida bizning buyuk tariximiz borligiga urg‘u berganligida ham ayricha ma’no bor. Zero, millatning buguni o‘tmishdan ruh olsa, kelajak avlod bugundan o‘rnak oladi. Bu borada sport sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarimiz, erishayotgan marralarimizning o‘rni, ahamiyati juda katta. Mamlakatimizda joriy etilgan hamda munosib ravishda “Kichik Olimpiada” nomini olgan uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari esa yosh sportchilarimiz uchun katta mahorat maktabi bo‘lib kelmoqda. Shu yilning 25–27-may kunlari Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari ham mazkur yo‘lning mantiqiy davomi bo‘ldi.

“So‘g‘diyona” universal sport majmuasi stadionidan start olgan musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 898 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Jamoalar 193 oltin, 193 kumush va 214 bronza medal uchun sportning 17 turi – basketbol, voleybol, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, suzish, yengil atletika, tennis, stol tennisi, badminton va badiiy gimnastika turlari bo‘yicha bellashuvlarga kirishishdi.

Ishtirokchilar barcha musobaqalarga raqiblarini o‘zaro hurmat qilgan holda kirishishdi. Bahs mezonlariga ko‘ra do‘stlik va ahillik birinchi vazifa etib belgilandi. Eng quvonarli jihati, Jizzax shahri bellashuvlar bahona yanada chiroy ochgan, o‘ynoqi favvoralar raqsidan tevarak-atrofda chopqillab yurgan bolajonlarning shodligi bir olam. Qator bunyod etilgan sport inshootlari – suzish havzalari, futbol, voleybol, basketbol maydonlari, tennis kortlari, tubdan rekonstruksiya qilingan sport zallari, o‘quv binolarining tashqi go‘zalligidan dilingiz bir yayrasa, unda yaratilgan imkoniyatlardan quvonchingiz ikki karra oshadi. Muhimi, ular katta musobaqalar o‘tkazish uchun belgilangan xalqaro talablarning barchasiga to‘la javob bera oladi.

 

“...Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va ishonaman, Xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham bo‘ladi”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga yo‘llagan tabrigidan

 

Har bir sport seksiyasida bo‘lib o‘tayotgan turli bellashuvlar uch kun mobaynida haqiqiy bayram tusini oldi. Goh bu jamoa, goh boshqa guruhning qo‘li baland kelayotgan musobaqalar davomida g‘oliblar nomi birin-ketin e’lon qilina boshlandi. Badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Samarqand, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Toshkent shahri hamda Buxoro viloyati jamoalari egallashdi. Suzish bahslarida esa birinchi o‘rin Toshkent shahri, ikkinchi o‘rin Andijon, uchinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati sportchilariga nasib etdi. Boks bo‘yicha musobaqalarda Toshkent shahri jamoasi g‘olib bo‘ldi. Andijon viloyati bokschilari ikkinchi, Buxoro viloyati jamoasi uchinchi pog‘onadan joy oldi. Taekvondoning WTF turi bahslarida umumjamoa hisobida Jizzax viloyati vakillari birinchi, surxondaryoliklar ikkinchi, Farg‘ona viloyati jamoasi uchinchi o‘rinni band etdi.

Shunday qilib, uch yilda bir bor o‘tkaziladigan “Barkamol avlod” sport musobaqalarining yakuniy natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, eng ko‘p medal jamg‘argan Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni egallagan holda bosh mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyati va uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyati jamoalariga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobillari topshirildi. Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh o‘quvchi-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.

– Rosti, bu musobaqada qatnashganimdan juda xursandman. Chunki, men ham yurtimiz uchun nimadir qila olishim mumkinligini bugun his qilib turibman, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha oltin medal sohibi qoraqalpog‘istonlik G‘ayrat Aytmurotov. – Endi mashg‘ulotlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratib, bor mahoratimni ko‘rsatishga, xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lishga harakat qilaman.

Fotima Amilova Qashqadaryo viloyati jamoasi vakili, qizlar o‘rtasida ellik metrga batterflay usulda suzish bellashuvlari g‘olibi. Uning ham dilida aytar so‘zlari bor:

– Muvaffaqiyat – mashaqqatli mehnat mahsuli, deb bejiz aytishmagan ekan. Mana, bir necha yil davomidagi mashqlar o‘z samarasini berdi. Buning uchun ota-onam va ustozlarimdan cheksiz minnatdorman. “Barkamol avlod” musobaqalari esa menda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

“Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari yopilish marosimida musobaqa bayrog‘i tushiriladi. Jizzax viloyati vakillari uni keyingi mezbon – Qashqadaryo viloyati sportchilariga topshiradilar. Uch kun oldin bahslarni boshlab bergan mash’ala yog‘dusi asta-sekin so‘na boshlaydi. Ammo uning tafti ming-minglab navqiron avlod vakillari qalbida haqiqiy va sof tuyg‘ularga beshik bo‘lganligi shubhasiz. Bu tuyg‘ularning umumiy nomi esa bitta – VATANPARVARLIK.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.