Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Usmon Azim

  • Rukn: Nigoh
  • 53 marta ko‘rilgan

Usmon Azim 1950-yil 13-avgustda Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi Gaza qishlogʻida tugʻildi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)da tahsil oldi.

Oʻzbekiston radiosi adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh muharririyatida (1976–1988), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1988–1989), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida (1991–1994), “Savdogar” gazetasida (1995–1999) turli vazifalarda ishladi. 2003-yildan Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida adabiy boʻlim mudiri vazifasida xizmat qiladi.

Usmon Azim 1979-yilda chop etilgan “Insonni tushunish” ilk kitobi bilan adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Shundan soʻng “Holat” (1979), “Oqibat” (1980), “Koʻzgu” (1983), “Surat parchalari”, “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “Gʻaroyib ajdarho” (1990), “Uygʻonish azobi” (1991), “Gʻussa”, “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yoʻq ekan” (1995), “Kuz” (2001), “Jodu” (2003) nasriy toʻplami, “Adibning umri” (2011), “Jimlik” (2012) dramatik asarlari bosildi. Shoirning “Saylanma”si (1995) hamda qator sheʼriy kitoblari adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.

Sheʼrlari fransuz, nemis, ingliz, polyak, eston, gruzin, makedon, litva, turk, tojik, rus, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarga tarjima qilindi. Hozirga qadar taniqli hofiz va xonandalar tomonidan ijro etib kelinadi.

Ijodining ilk davrida radiodramaturgiyada (“Baxtli boʻlaylik”, “Hujjatli film uchun syujet”, “Bahodir va malika” pyesalari) oʻzini sinab koʻrgan shoir, keyingi yillarda drama janriga qoʻl urdi. “Kunduzsiz kechalar” (1998), “Alpomishning qaytishi” (2000), “Bir qadam yoʻl” (2002), “Oʻtgan zamon hangomalari” (2003), “Adibning umri” (2005) nomli pyesalari sahnalashtirildi. Milliy teatr sahnasida qoʻyilgan “Kunduzsiz kechalar” spektakli Andijonda oʻtgan xalqaro teatr festivalida “Eng yaxshi spektakl” nominatsiyasiga sazovor boʻldi.

“Alpomishning qaytishi” asari uchun 1999-yilning “Eng yaxshi dramaturgi” deb eʼtirof etildi. Shoir kino sanʼatida ham oʻz kuchini sinab koʻrmoqda. Uning ssenariylari asosida “Sevgi” (1998), ikki qismdan iborat “Alpomish” (2000) filmlari suratga olindi. “Alpomish” dostonining kinotalqini uchun muallif Buxoroda oʻtkazilgan kinofestivalda maxsus mukofotga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim 1997-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.