Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ustozim, ota qadrdonim

  • Rukn: Nigoh
  • 145 marta ko‘rilgan

Taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev tavalludining 80 yilligiga

 

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ulkan shoiri, benazir inson Tursunboy Adashboyevning qo‘lini tutib, unga o‘ttiz yil shogird bo‘lganimdan, oz bo‘lsa-da bolalar she’riyati saboqlarini o‘rganganimdan quvonib yashayman. Agar uztoz hayot bo‘lganlarida bu yil 80 yoshlik to‘ylarini birga nishonlar edik.

 

O‘xshash taqdirlar

Urush arafasida tug‘ilgan avlodning bolaligi og‘ir kechgan. “Navro‘z” nashriyoti tomonidan 2011-yilda chop etilgan T. Adashboyev ijodiga bag‘ishlangan adabiyotshunos olim Abdug‘ofir Rasulovning “Beg‘uborlik olamining kuychisi” kitobidagi “Otam gul tergani ketgan edi” degan bo‘limini o‘qisangiz, ko‘z o‘ngingizda shoirning bolalikka o‘xshamagan bolaligi namoyon bo‘ladi. “Urush yillarining bolalari” sarlavhali she’rim o‘sha kitob va otamning hikoyalari ta’sirida yozilgan bo‘lsa ajab emas.

“Qo‘limizda kitob emas,

Zilday ketmon, o‘roq bo‘lgan.

O‘ngimiz ham tushimizda

“Non” degan bir so‘roq bo‘lgan.

Og‘ir mehnat, qahatchilik

Ezib nozik jussalarni.

Erta o‘qib tamomladik

Bolalikning qissalarin”.

Bu hikoya yuragimni

Ezaverar tinglaganda.

Otamlarning bolaligi

Bolalikday bo‘lmagan-da.

Endi...

Oppoq boshin egib

Bizga ertak aytib borar.

Ko‘zida yosh o‘sha mahzun

Bolalikka qaytib borar.

 

She’rdagi Sodiqjon menman

Nasibaning olmasi

Tushib ketdi ariqqa.

Tutqich bermay o‘ynaydi

O‘xshab oltin baliqqa.

Sodiqjon ko‘rib qolib,

Olmani ushlab berdi.

Rahmat aytib Nasiba

Yarmini tishlab berdi.

Shoirning “Olatog‘ – lolatog‘” kitobiga kiritilgan “Nasibaning olmasi” she’ri juda mashhur bo‘lib ketgan. Uni ko‘p yillar avval, chamasi talabalik davrimda yod olganman. Uni bolalarimga qayta-qayta o‘qib berardim. Bir kuni to‘ng‘ich qizim Hulkar, o‘shanda u olti yoshlar chamasi edi, to‘satdan:

– Dada, shu she’rdagi Sodiqjon sizmisiz? – deb so‘rab qoldi ko‘zlari chaqnab.

Negadir “Yo‘q men emasman”, desam qizim xafa bo‘ladiganday tuyildi.

– Menman, – dedim quvlik bilan. – Nasiba qo‘shnimizning qizi bo‘lgan. Uning olmasi suvga tushib ketganida ushlab olib berganim ham rost. Biroq ular boshqa qishloqqa ko‘chib ketishgan.

Oradan yillar o‘tdi. Hulkar voyaga yetib turmushga chiqdi. Hozir uch nafar o‘g‘li bor. Bir kuni uyiga borsam bolalariga “Olatog‘ – lolatog‘” degan kitobdagi o‘sha she’rni o‘qib berib o‘tirgan ekan.

– She’rdagi Sodiqjon sizlarning bobongiz bo‘ladi, – derdi u nabiralarimga. – Nasiba esa o‘sha paytdagi qo‘shnilari ekan. Tushundinglarmi?

G‘alati bir hisdan ko‘nglim to‘lqinlanib ketdi. Mijjalarimga yosh qalqidi. Bolalikdagi beg‘ubor tuyg‘ular odamning yuragida umrbod saqlanadi, shekilli.

 

“Ketmang endi O‘shga hech”

So‘nggi yillarda Tursunboy aka yozni Toshkentda emas, o‘zining ona qishlog‘ida o‘tkazadigan bo‘lib qolgan edi. Mehnat ta’tiliga chiqishi bilan Safed Bulonga jo‘nab qolardi.

Masofa olis, o‘zga respublika hududi, boz ustiga tog‘liq joy bo‘lganidanmi, mobil telefonda bog‘lanishning imkoni cheklangan. Shu bois, bir-ikki oycha ustoz bilan aloqalarimiz uzilardi. Uzilish uzoqroq davom etsa xavotirga tushardik:

“Nima bo‘ldi ekan, ishqilib ustoz kasallanib-netib qolmadimikin? Ko‘nglimiz notinchlanib men goh Qo‘zi Ismoilga, ba’zan Zafar Isomiddinov menga telefon qilardik. “Tursunboy aka keldilarmi? Sizga hech nima xabar qilmadimi?” Xom sut emgan bandalarmiz-da, ko‘nglimizning bir chekkasida o‘zgacha hadik ham yo‘q emas edi: u kishi Toshkentdan butunlay ketib qolmasmikin, ishqilib? Shunday qilsa bu yog‘i qanday bo‘ladi?”

Ana shu singari hadig-u andishalar sababmi, “Tursunboy Adashboyevga maktub” degan bir she’r yozganman.

Bo‘lmasangiz siz agar

Kelmasangiz Toshkentga.

Chorlamas edi hech kim

Bizni bunga,

Bosh kentga.

She’r cho‘g‘ini she’r bilan

Dilga solib qo‘ydingiz.

Qo‘limizdan yetaklab

Yo‘lga solib qo‘ydingiz.

O‘zbeg-u qirg‘izning teng

Chin sevimli farzandi.

Bo‘lolsaydi hamma ham

Sizdek bag‘ri keng, tanti.

Omon bo‘ling, charchamang

Ijod etib erta-kech.

Shu o‘tinch: bizni tashlab

Ketmang endi O‘shga hech.

Tursunboy aka vafot etgach, bu she’r o‘zimga boshqacha ta’sir etadigan bo‘lib qolgan. O‘qisam yuragimda og‘riq turadi. Qani, endi, ustoz O‘shga ketgan bo‘lsaydi, deyman ming bir iztirob bilan.

O‘ylab qarasam, endi bularning hammasi bolalar adabiyoti, deb atalgan mo‘jaz dunyoning armoni ekan. Faqat bir narsa dilimizga taskin beradi. O‘zbek adabiyotida “Tursunboy Adashboyev maktabi” degan maktab qoldi. Uning bag‘rida hali ko‘plab iste’dodlar yetishib chiqadi. Demak, ustozning umri behuda o‘tmabdi.

 

Sodiqjon INOYATOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.