Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Viloyatda birinchi

  • Rukn: Nigoh
  • 261 marta ko‘rilgan

– Javohir o‘rtoq, shuncha o‘ylanib qayoqqa boryapsan? – so‘radi Shahzod hech qayoqqa qaramay shoshilib ketayotgan o‘rtog‘ining yo‘lini to‘sib.

– Kechirasan, ko‘rmabman, qayoqqa bo‘lardi, ingliz tilidan repetitorga-da. O‘zing nega xotirjam turibsan, bormaysanmi?

– Men endi repetitorga bormayman.

– Nega? – hayron qoldi Javohir.

– Ukam ikkalamiz yangi o‘quv yilida yangi xususiy umumta’lim maktabida o‘qiymiz. Maktabda ingliz va rus tillari, matematika fani chuqurlashtirib o‘tilar ekan. Endi biz qo‘shimcha mablag‘ sarflab repetitorga qatnamaymiz, dadam shunday dedilar.

– Yangi maktab? U qayerda ekan, uzoq emasmi?

– Uzoq emas, shahrimizda. Avvalgi ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji o‘rnida ochilibdi. Dadam bilan bordik, viloyat hokimligi binoni qaytadan to‘liq ta’mirlab beribdi. Rosa chiroyli, ko‘rsang tanimaysan. U yerda suhbatdan o‘tdim. Ingliz tiliga layoqatim balandligi uchun meni shu yo‘nalishiga olishdi. Ukam matematika sinfida o‘qiydigan bo‘ldi.

– Men ham borsam olisharmikan?

– Olishadi, maktabda viloyatimizdagi barcha tumanlarda yashaydigan iqtidorli o‘quvchilar o‘qishi mumkin ekan. Uzoqdan kelganlarga yotoqxona ham berilarkan. Har bir bola qabul hay’ati a’zolari suhbatidan o‘tadi. Keyin iqtidoriga qarab yo‘nalishlarga bo‘linadi. Tezroq bor, hozir 1–5-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinyapti. Suhbatdan yaxshi o‘tsang, dadang kerakli mablag‘ni to‘lasa, yana birga o‘qiyveramiz, – jilmaydi Shahzod.

Ertasiga Javohir onasi bilan o‘rtog‘i aytgan “Zahiriddin Muhammad Bobur Universal Academy” xususiy umumta’lim maktabiga bordi.

Ularni yangi maktab rahbari, psixolog Nilufar opa Haydarova iliq kutib oldi. Qabulning qonun-qoidalari bilan tanishtirdi.

– Andijonda birinchi marta ochilgan xususiy umumta’lim maskanida bolalarning puxta bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. 600 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan binomizda 27 ta sinf xonasi bor. Ular eng zamonaviy texnik apparatlar bilan jihozlangan. Har bir sinfda oddiy maktablardagidek 35-40 ta emas, 18-20 ta bola o‘qiydi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu ta’lim sifatini ancha oshiradi. Chunki, o‘qituvchi har bir bola bilan alohida ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Ana shunda repetitor yordamiga zarurat qolmaydi. Bolalarga ikki mahal darmondorilarga boy issiq ovqat beriladi. O‘quvchilarimiz faqat yaxshi baholarga o‘qishsa, intizomli bo‘lishsa kifoya, – jilmayadi Nilufar opa. – Maktabimizni o‘quv dasturlari, darsliklar bilan ta’minlashni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirdik.

– O‘g‘lim sport maktabidagi boks to‘garagiga qatnashadi, – gap boshladi Javohirning onasi...

– Agar o‘g‘lingiz o‘qishga qabul qilinsa, mashg‘ulotni shu yerda davom ettiraveradi. O‘ndan ortiq fan va sport to‘garaklari tashkil qilingan. Mashg‘ulotlarni eng malakali pedagoglarimiz bilan birga hindistonlik mutaxassislar olib borishadi. Darvoqe, bolalarimizning har tomonlama mukammal bilim olishlarida bizga sizlarning ham ko‘magingiz kerak bo‘ladi. Oyda bir marta o‘tkaziladigan ota-onalar uchun mahorat maktabi darslari hamda psixologik treninglarda faol bo‘lsangiz ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz, – dedi direktor ishonch bilan.

Maktabning nafaqat chiroyli binosi, balki zal devorlariga mahkamlangan, o‘quvchini o‘ylashga chorlovchi ko‘rgazmalarini miriqib tomosha qilgan Javohirga ham, onasiga ham yangi ilm maskani juda ma’qul bo‘ldi. Ertasi kuni ustozlar suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilindi.

Birinchi qo‘ng‘iroq kuni o‘rtoqlari bilan maktabga otlangan Javohir shunday imkoniyatlar yaratilgan, ajoyib ustozlar quchoq ochib kutib olgan bu maktabda eng a’lochi o‘quvchi bo‘lishga ahd qildi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.