Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vodiylarni yayov kezganda

  • Rukn: Nigoh
  • 2464 marta ko‘rilgan

13–20-avgust kunlari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.

Ilm-fan, madaniyat va san’at vakillari, shoir va yozuvchilar, tadbirkorlar va sportchilar, taniqli kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, jurnalistlardan iborat targ‘ibot guruhlari “Yoshlar poyezdi”da muhtasham Angren – Pop temiryo‘li bo‘ylab borar ekan, kechagi afsona bugun haqiqatga aylanganiga, O‘zbekiston jazm etgan ishini uddalay oladigan qudratli davlat ekaniga yana bir karra guvoh bo‘ldilar. Bunga, avvalo yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik, odamlarimizning kelajakka ishonchi, qolaversa, ona Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lib turgan salohiyatli, bilimdon yoshlar mehnati ham sabab. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ana shu yoshlarning suyanchi va tayanchi bo‘lishi shubhasiz. Safarning asosiy maqsadi ham ittifoqning faoliyati bilan xalqimizni yaqindan tanishtirish.

Poyezdimiz Namanganning Pop stansiyasida to‘xtadi. Bizni viloyat hokimi o‘rinbosari Faxriddin Matkarimov rahbarligidagi namanganliklar karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Ertasiga ertalabdan loyiha a’zolari viloyatning tuman va shaharlarida, eng chekka guzar va qishloqlarida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tadbirlarni boshlab yubordi. Biz To‘raqo‘rg‘on tuman markaziy shifoxonasida davolanayotgan bolalar, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatdan minnatdor onalar bilan uchrashib, talab va takliflarini o‘rgandik. Muassasa kutubxonasiga 200 dona badiiy kitob sovg‘a qildik.

Namanganning chegara hududi hisoblanadigan Norin tumani Uchbuloq mahallasida o‘tgan uchrashuv davomida mahalliy yoshlar qishloqda qizlar shug‘ullanishi uchun badiiy gimnastika to‘garagi hamda yopiq suzish havzasiga ehtiyoj borligini aytishdi. Tuman hokimi o‘rinbosari hamda yoshlar ittifoqining vakili bu iltimoslarni rejaga kiritib, suv havzasini qurish yil oxirigacha nihoyasiga yetkazilishini va’da qildi.

Viloyatda bo‘lgan uchrashuvlarda o‘rtaga tashlangan muammo va takliflar avvalo tuman, viloyat darajasida hal etiladigan bo‘ldi.

Vodiy gavhari Farg‘ona viloyatiga safarimiz ham nihoyatda samarali bo‘ldi. Farg‘ona yoshlarining dadilligi, o‘zligini chuqur anglaganini ko‘rib quvondik. O‘zbekiston Milliy universiteti professori Faxriddin Musayev, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Mehrinoz Abbosova boshchiligida shahardagi Mehribonlik uyi hovlisida farg‘onalik yoshlar, ustozlar bilan dildan suhbatlashdik. Ularni o‘ylantirgan, qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savol-javoblar qildik. “Bolajon” istirohat bog‘ida o‘tkazilgan “Kitob – hayot xazinasi” mavzusidagi xayriya aksiyasida maktab o‘quvchisi mutolaani qaysi kitobdan boshlagani ma’qulligi haqida fikr yuritildi. “Eng bilimdon kitobxon” viktorinasi tadbirni yanayam jonlantirib yubordi. 9-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Sitorabonu Muhammadjonova barcha savollarga to‘liq javob berib, viktorina g‘olibiga aylandi. Ertasi kuni Beshariq tumanidagi eng olis qishloq Chorboqturong‘ida bo‘ldik. Mahalla faoli – faxriy pedagog va jurnalist Usmonali aka Umaraliyev mahallada kutubxona tashkil etibdi. U bolalarni kitob mutolaasiga o‘rgatishda eng yaxshi yordamchi “Gulxan” jurnali ekanligi haqida gapirdi. Kutubxonaga jurnalning 10 yillik taxlamini sovg‘a qilganini ham aytib o‘tdi. 3-maktab qoshida Dilfuza G‘aniyeva rahbarligida tashkil qilingan “Yosh qalamkash” to‘garagi a’zolari o‘zlari yozgan she’rlardan tashqari, jurnalning “Nishona” sahifasida e’lon qilingan she’rlardan ham yodlab berishganda Beshariqda Gulxanjonning chinakam do‘stlari borligidan shodlanib ketdim. “Kamalak” bolalar tashkilotining a’zosi sifatida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida jurnalga yozib turishga va’da berishdi. Biz qalbimizda bir olam quvonch va ishonch bilan Andijon sari yo‘lga tushdik.

So‘lim tabiati va turfa xil archalari bilan Bo‘stonliq tumanini esga soladigan Xonobod shahrida 6 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta akademik litsey va 2 ta kasb-hunar kolleji bor ekan. Yurtboshimizning iyul oyida bu yerga qilgan tashrifi nafaqat shahar qiyofasi, balki odamlar qalbida ham juda katta o‘zgarish yasabdi. Hamma shahar kelajagiga, o‘z turmushlarida kutilayotgan yuksalishlarga ishonch bilan qarayabdi. Muhimi, har bir xonobodlik shaharda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlarida qatnashishni o‘z fuqarolik burchi deb bilyapti. Bu yerdagi kasb-hunar kollejining bittasi tugatilib, o‘rnida Serjantlar maktabi ishga tushibdi. Shahar hokimi, adabiyot ixlosmandi, chinakam bolajon rahbar Musaxon Mamadaliyev “Barkamol avlod” markazida chet tilini o‘rganuvchilarga bepul to‘garaklar tashkil qilishda bosh-qosh bo‘libdi.

Kechki payt shahar istirohat bog‘ida “Yoshlar poyezdi” aksiyasi ishtirokchilari taniqli xonanda, Nihol mukofoti sovrindori Firdavs Fazliddinov, xonanda Rustamjon To‘lqinov, yoshlarning sevimli aktyori Mirolim Qilichevlar ishtirokida sayl tashkil qilindi. Tomoshabinlar-u targ‘ibotchilar birga raqsga tushayotganda sahna ortidagi maysazorda umbaloq oshayotgan bolakaylar e’tiborimni tortdi. Ular 1-maktab o‘quvchilari – aka-uka Muhammadrizo va Abdurahmon Solijonovlar ekan.

– Sportga qiziqasizmi? Shug‘ullanishga sport zali yo‘qmi, – so‘radim ulardan. – Balki bizdan yordam kerakdir?

– Rahmat, opa. Men “Kamalak” bolalar tashkiloti a’zosiman. “Yoshlar markazi”da turli sport to‘garaklari tashkil etilgan. Mashg‘ulotlar bepul. Endi biz o‘sha yerda shug‘ullanamiz, – dedi Muhammadrizo jilmayib. Men esa ilk qadamlaridanoq yoshlar va bolalar ishonchiga kirib borayotgan Yoshlar Ittifoqining “yo‘li oq” bo‘lsin deya niyat qildim.

Aksiya doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili mazmun mohiyati o‘z ifodasini topdi. Tengdosh tengdosh bilan dildan suhbatlashdi. Uni o‘ylantirgan muammolarni hal qilishda ko‘makdosh bo‘ldi. Yoshlar endi ularning manfaatini himoya qiladigan, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan ulkan kuch Yoshlar Ittifoqi borligini his qilishdi. Bu esa ularni ko‘proq izlanishga, harakat qilishga, iste’dod va mahoratini yuzaga chiqarishga, kelajak bunyodkori bo‘lishga undashi shubhasiz. Safardan qaytar ekanmiz, targ‘ibotchilar guruhining har bir a’zosi qalbida ana shu ishonch bor edi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.