Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xayr, maktabim

  • Rukn: Nigoh
  • 183 marta ko‘rilgan

25-may kuni respublikamizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida soʻnggi qoʻngʻiroq jaranglaydi. Bu qoʻngʻiroq ovozi ayniqsa, maktabni bitirib, mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan oʻquvchilar qalbiga oʻzgacha hayajon soladi. Soʻz bitiruvchilarga:

 

Mayli, jaranglayver soʻnggi qoʻngʻiroq

Orzuim – bank sohasida ishlash. Buning uchun matematika fanini puxta oʻrganish zarur. Shu bois darsdan keyin qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnayman. Ammo, bir kuni ona tili ustozimiz Farida Qodirova “Vatan ostonadan boshlanadi” mavzusida insho yozishni topshirdi. Vatan – bu mening oilam, Vatan – bu men oʻqiyotgan maktab, Vatan – bu mening mahallam, men tugʻilgan Oʻzbekiston, degan satrlar bilan qogʻozni qoraladim-u, sanoqli kunlardan keyin vatanimning bir boʻlagidan uchirma boʻlishimni oʻylab gʻalati boʻlib ketdim. Maktabning har bir yoʻlagi, ustozlar sabogʻi, doʻstlar diydori qanchalar aziz ekanligi koʻz oʻngimdan oʻta boshladi. Shoʻxliklarimiz oshib ketganda sinf rahbarimiz Saxovat opa bir gapni koʻp takrorlardi: “Agar yillar oʻtib maktab sogʻinchi sizni bu sinfxonalarga yetaklab kelsa-da, sizga hech kim dars oʻtmaydi. Qoʻngʻiroq chalinmaydi”. Bu gaplar magʻzini endi tushunayapman. Oʻquv yili tugashi yaqinlashgan sayin qoʻngʻiroq yana necha marta chalinarkan, deb kunlarni hisoblashga tushdim. Onamiz kabi mehribon oʻqituvchilarimizning ham faxriga aylanish uchun yaxshi kasb, yaxshi hunar egallash har birimizning orzuimiz. Bu istaklarimizning ushalishi arafasida tilimda faqatgina shu soʻzlar aylanyapti – jaranglayver, soʻnggi qoʻngʻiroq!

 

Javlonbek ABDURAIMOV,

Toshkent viloyati Zangiota tumani 44-maktab

 

Men maktabga qaytaman

Ingliz tili fani oʻqituvchisi boʻlmoqchiman. Orzuga erishish uchun koʻp oʻqish va izlanish kerak, degan qoidaga qatʼiy amal qilaman. Dars qoldirish, uy vazifalarini bajarmaslik yomon odat ekanligini juda yaxshi bilganim uchun sinfdoshlarimni ham bunday holatdan uzoqroq boʻlishga chaqirdim. Maktabda maʼnaviy-maʼrifiy va ahloqiy ishlar yoʻnalishi boʻyicha sardorman. Barcha tadbirlarni tashkillashtirish meni zimmamda. Oʻquvchilar bilan muzey, teatr va “Vatanparvarlar bogʻi”ga borib turamiz. Sayohatdan olgan taassurotlari haqida kichik maqola yozishni topshirib, ularning ijodiy faoliyatini ham oshirishga harakat qilamiz. Baʼzida ketma-ket tadbirlardan toliqqan vaqtlarimda, “Bekor bunday masʼuliyatni boʻynimga olgan ekanman”, deb afsuslanganman. Bugun maktabni bitirish boʻsagʻasida turib jonkuyar ustozlarim, sinfdoshlarim va jonajon maktabim bagʻridan ketish qanchalik ogʻir ekanligini his qilayapman.

Har yili imtihonlarga tayyorgarlik vaqtlarida, bayram tadbirlarida sinfdoshlarimiz bilan doim bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab turganmiz. Shirin orzularimiz, yorqin kelajagimiz haqida ham koʻp suhbatlashganmiz. Maktabni, ustoz va sinfdoshlarimni naqadar bagʻri keng va mehribon ekanligini endi his qilayapman. Ustozlarim kabi yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish uchun maqsadim tomon ildam qadam tashlayman va men maktabga, albatta, qaytaman.

 

Dunyobegim TOʻQBOYEVA,

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri 44-maktab

 

Qanot boʻlgan duolar

Bu yil men uchun juda hayajonli kechmoqda. Bir tomondan tibbiyot kollejini tamomlash arafasida turgan boʻlsam, ikkinchidan Puchon universitetiga budjet asosida oʻqishga qabul qilindim. Shuning uchun boʻlsa kerak kollejni bitirish imtihonlariga tayyorgarlik menga hech qanday qiyinchilik tugʻdirmayapti. Oʻquv yili tugamasidan talaba boʻlganimni eshitgan tengdoshlarim hayron qolishdi. Bu oʻzim uchun ham quvonchli hol boʻldi. Sababi, Puchon universitetiga bir yilda ikki marta test sinovlari oʻtkazilar ekan. Men bilimimni sinash maqsadida birinchi sinov imtihoniga qatnashdim va yuqori ball bilan oʻqishga qabul qilindim.

Maktabning 9-sinfini tamomlash arafasida ustozlarim, sinfdoshlarim, dugonalarim bilan xayrlashish qanchalar ogʻir ekanligini his qilgan edim. Shuning uchun boʻlsa kerak, kollejda oʻqiyotgan paytimda har bir kunimdan oʻrinli va samarali foydalanishga harakat qildim. Ustozlarimning har bir sabogʻini qunt bilan tinglardim. Tibbiyotning sir-asrorlarini imkon qadar chuqurroq oʻrganishga, shoshilinch va kutilmagan holatlarda bemorlarga tez yordam koʻrsatishning tartib-qoidalarini oʻzlashtirdim.

Onam har doim menga, “Bilimli inson hech qachon, hech qayerda xor boʻlmaydi. Shuning uchun doimo oʻz ustingda ishla, izlan va oʻrgan. Oʻz kuchingga ishonsanggina sinovlardan choʻchimay olgʻa qadam tashlaysan”, deb uqtiradilar. Vaqtimni behuda oʻtkazmay tinmay oʻqishga, oʻrganishga harakat qildim. Talaba boʻlganimni eshitgan onamning koʻzlaridagi quvonch koʻz yoshlarini koʻrib ich-ichimdan sevindim. Ayniqsa, bobom bilan buvimning, “Sen bilan faxrlanamiz. Toleing bundan-da baland boʻlsin. Ilohim, xalqimizning eng sevimli va ardogʻidagi inson boʻlgin”, deb aytgan duolari menga qanot bagʻishlagandek boʻldi. Yaqinlaring koʻngliga oz boʻlsa-da quvonch, shodlik bera olish eng katta baxt ekanligini his etdim.

 

Shahrizoda SODIQJONOVA,

  1. F. Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji

 

Katta hayot boʻsagʻasida

Soʻnggi qoʻngʻiroq yaqinlashmoqda... Qalbimda nufuzli oliygohlarda oʻqish-u kasb-hunar oʻrganish, jamiyatda oʻz oʻrnimni topishdek xayrli niyatlar bilan birga koʻnglimga mayuslik soluvchi xayollar bor. Bular yaqinda maktab oʻquvchilari safidan bir umrga chiqish, ustozlarimizning dakkilarini, maslahatlarini boshqa eshitmaslik, sinfdoshlarimiz bilan bir sinfda boshqa oʻtirmaslik... Bolaligimda turli bahonalar bilan darsga borishni istamagan, yozgi taʼtilni intizorlik bilan kutgan boʻlsam-da, bu yil soʻnggi qoʻngʻiroqni allanechuk xavotir bilan qarshilayapman. Yodimda, bolaligimda har kuni janjallashadigan, “Qachon turmushga chiqasiz?” deb “kun bermaydigan” opamning birdan turmushga chiqadigan boʻlib qolganida, yuragimni xuddi shunday allanechuk tuygʻular qamrab olgan edi. Bolaligimning ajralmas boʻlagi hisoblangan opamning endi boshqa uyda yashashini oʻylaganimda, jismimda allanimadir uvishgan, toʻy kuni esa oʻzimni bosolmasdan yum-yum yigʻlagandim. Hozir ham oʻsha tanish tuygʻu – maktabni, qachon tugaydi, – deb kutib, endi bu kun kelishini sira istamayotgandekman. Maktabimdagi har bir ustozim haqida kitob yozsa, kino suratga olsa arziydi. Maktab davrida eng qiynalgan fanim rus tili darsi edi. Rus tilida gapirish u yoqda tursin, hattoki oʻqiy olmas edim. Biroq 7-sinfdan boshlab bizga Nataliya Leonidovna degan vazmin ustoz dars berishni boshladilar. U kishining har bir bolaga qilayotgan munosabati, hurmati shu qadar chiroyli ediki, men “2” baho olishga uyalganimdan tinmay oʻqirdim. Rus tilida gapirishga qiynalganim uchun butun bir darslikni boshidan oxirigacha yod olib chiqardim. Vaqt oʻtib sinfdagi eng aʼlochi oʻquvchilardan biriga aylandim...

Maktab davri haqiqatdan ham ajoyib va betakror davr! Men uka-singillarimga maktabning har bir kunini qadrlashlarini tilab qolaman.

 

Ismoil JOʻRABEKOV,

Toshkent shahar Chilonzor tumani

182-maktab

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.