Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi maktab quchog‘ida

  • Rukn: Nigoh
  • 227 marta ko‘rilgan

Surayyo barvaqt uyg‘onib, yangi maktab formasini kiydi. Yengilgina nonushta qilib olgach, kecha oyisi olib kelgan katta guldastani ko‘tarib maktab sari yo‘l oldi. Yangi sinfdosh, o‘zga ustozlarga ko‘nikish uni biroz hayajonga solsa-da, u endi yangi qad rostlagan, barcha sharoitlarga ega maktabda o‘qiydi. Maktab darvozasidan kirganida ko‘tarinki shiorlar va rang-barang sharlar bilan bezatilgan maydonchada bir xil maktab formasidagi o‘quvchilar askarlardek saf tortib turishardi. Maktabning ko‘rkam qiyofasiga qarab ko‘zlari quvongan Surayyo shu yerda o‘qishini o‘ylab ich-ichidan quvondi.

Surayyo Rahmonova, Toshkent shahri Sergeli tumanidagi yangi ochilgan 55-maktabning 7-sinfiga bordi.

– A’lo baholarga o‘qishimiz uchun maktabda barcha sharoitlar muhayyo, – deydi u hayajon bilan. – Ozoda, sarishta sinfxonalar, yangi partalarni ko‘rib xursand bo‘lib ketdim. Fizika, kimyo va biologiya fanlaridan laboratoriya xonalarini to‘liq jihozlanganidan barchamiz mamnunmiz. Ayniqsa, ingliz tili xonasini aytmaysizmi: o‘quv ekranlari, zarur jihozlar...

Darhaqiqat, Surayyoning aytganicha bor ekan. Kiraverishdagi yo‘lak chetlariga ekilgan turfa gullar bahri dilingizni ochib yuboradi. Hammayoq saranjom-sarishta. Shu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan, bizni quvonch bilan kutib olgan, o‘quvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish tashvishi bilan yelib-yugurib yurgan maktab direktori Jamila opa Sindorovani suhbatga tortdik.

– Yangi maktab, yangi jihozlar bolajonlarimiz uchun bu yilgi o‘quv yilida ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Maktabdagi 800 nafar o‘quvchiga 46 ta oliy ma’lumotli, malakali o‘qituvchi saboq beradi. Ularga oson bo‘lmaydi. Mana shu o‘zgarishlarga ko‘nikma hosil bo‘lguncha har birimiz mas’uliyatni chuqur his qilib turishimiz kerak. Biz o‘quvchilarning bilim saviyasini oshirish bilan birga ular orasida do‘stlik o‘rnatishimiz zarur. Buning uchun o‘quvchilarni turli tadbirlarga, maktab atrofidagi gulzorlarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilamiz. Darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlar ham ularni birdamlikka chorlaydi. Sinf rahbari, maktab psixologi hamda ota-onalar bilan birgalikda suhbatlar o‘tkazilib, o‘quvchilarimizning xohishi, qiziqishiga qarab turli to‘garaklarga yo‘naltiramiz. Ularni rag‘batlantirib o‘zlariga ishonch va maktabga bo‘lgan mehrini uyg‘otishga harakat qilamiz. Mana shu yildan maktab dasturiga shaxmat darslari ham qo‘shildi. Bu borada amalga oshirmoqchi bo‘lgan ezgu ishlarimiz ko‘p, – deydi Jamila opa hayajon bilan.

Shinam va qulay sinfxonalarda hayrat va hayajondan ko‘zlari chaqnab o‘tirgan 1-sinf o‘quvchilarini ko‘rib kayfiyatimiz yanada ko‘tarildi.

– Menga “Alifbe” va “Ingliz tili kitobi” juda yoqdi. Harflarni o‘rganib tezroq o‘qishni xohlayman. Ayniqsa, tengdoshlarim bilan ingliz tilini chuqur o‘rganib, shu tilda gaplashishni istayman, – deydi 1-sinf o‘quvchisi Jahongir Abduhamidov.

Maktab ta’limini rivojlantirish davlat dasturi asosida qad rostlagan bu bilim maskani chinakam zamonaviy qiyofa kasb etgan. Jamila opa bizni oxirgi rusumdagi kompyuterlarga ega “Informatika fani xonasi”ga olib kirdi.

– Dars jarayonida o‘quvchilarni sinfiga qarab bosqichma-bosqich kompyuter bilan ishlash, ilovalar yaratish, grafika va ofis dasturlari o‘rgatiladi. Zamonaviy maktablarda bo‘lgani kabi bu yerda ham “Smart sinf”lar tashkil qilingan. Bu dars jarayonidagi barcha topshiriqlarni o‘quvchilarga kompyuter orqali uzatib, topshiriqni qay darajada bajarayotganini kompyuter orqali kuzatib turishga imkon beradi. O‘quvchilarimizning bu fanga qiziqishini inobatga olib, “Yosh dasturchi” to‘garagini tashkil qildik, – deydi informatika fani o‘qituvchisi Fazolat Umarova.

Farzandining puxta bilim olishini istagan har bir ota-ona qulay sharoitlarga ega maktablarda o‘qishni xohlaydi. Nasiba opa Kabirova ham bu mavzega ko‘chib kelganiga ko‘p bo‘lmagan. Farzandlari ta’lim olayotgan maktab sharoitlaridan ko‘ngli to‘qligi haqida opa shunday dedi:

– Beshta farzandim ham shu maktabda o‘qiyapti. Ularga yaratilgan sharoitlardan juda mamnunman. Ayniqsa, oshxonaga inson salomatligiga zarar keltiruvchi yarim tayyor yeguliklar, turli ichimliklarni kiritish ta’qiqlangani barcha ota-onalarga manzur bo‘ldi. Maktabning toza va ozodaligini ko‘rib uning har bir jihozini asrash kerakligini farzandlarimga tushuntirdim.

Nasiba opa bilan suhbatimiz tugamasdan kirish qo‘ng‘irog‘i chalinib, bir guruh o‘quvchilar sport zali tomon ketayotganiga ko‘zimiz tushdi. Yoshlarni jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun qanday qulayliklar mavjud ekanini ko‘rish maqsadida biz ham ular ortidan ergashdik.

“Yurtimizga shoda-shoda oltin medallarni olib kelayotgan epchil va chaqqon o‘g‘il-qizlar ilk mashg‘ulotlarini qayerda boshlagan ekan?” degan savolimizga javob topgandek bo‘ldik.

– Tuman bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘n xildan ortiq sport anjomlarining maktabimizga topshirilishi o‘quvchilarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Badiiy gimnastika, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat-shashka va stol tennisi kabi sport to‘garaklarimiz har kuni bolalar bilan gavjum, – deydi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Azamat Mutalov.

Bilimga chanqoq o‘quvchilar, o‘z kasbiga fidoyi o‘qituvchilar bilan suhbatlashib qaytar ekanmiz, bu dargohda saboq olgan o‘quvchilarning har biri kelgusida ko‘plab musobaqa va tanlovlarda g‘olib bo‘lishiga, a’lo baholarga o‘qib, ota-onasi va yurtimizga munosib farzandlar bo‘lib ulg‘ayishiga ishonch hosil qildik.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.