Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oqila qiz yondaftariga

Qadrli singiljonim! Endi siz kechagi arqon sakrab, qo‘g‘irchoq, “o‘rtaga tushar” o‘ynab yurgan, jajji qizaloq emassiz. Ilgari uyda barcha mas’uliyatni oyingiz o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, endi maktabdan qaytganingizda sizni bir talay yumushlar kutib turadi. Sezyapsizmi, bo‘yingiz cho‘zilib, ulg‘ayganingiz sari kayfiyatingiz tez-tez o‘zgaradigan, salga xafa bo‘ladigan odat chiqardingiz. Xavotir olmang, siz o‘smirlik davri ostonasiga qadam qo‘yayapsiz. Tashqi ko‘rinishingizda bo‘layotgani kabi ichki dunyongizda, umuman, organizmingizda shiddat bilan funksional o‘zgarishlar jarayoni sodir bo‘lmoqda. Beg‘ubor yuzingizda unda-bunda husnbuzarlar ko‘zga tashlanib, sochlaringiz ham “aytganingizni qilmayotgandek”. Agar oldingizda turgan o‘smirlik davrini muvaffaqiyat bilan bosib o‘tsangiz, yetuklik pallasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lasiz. Psixolog Maqsuda opa Ikromova bilan sizning to‘g‘ri kamolga yetishingiz, murakkab vaziyatlardan osonlik bilan o‘tib olishingizda dars bo‘ladigan kerakli tavsiyalar berishga harakat qilamiz.

11-13 yoshga yetganingizda barcha organlarda o‘sish tezlashib, emotsional o‘zgarishlar jarayoni boshlanadi. Organizm ishlab chiqarayotgan gormonlar o‘z-o‘zidan ruhiyatingizga ta’sir qiladi. Bu paytda “men” degan tushuncha paydo bo‘ladi. Ana shu “men” tashqi muhit bilan muvozanatga kelmay qolsa, har xil tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Anatomik, fiziologik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ya’ni oyoq o‘lchamlari kattalashib, yelkalar kengayadi. Shunda o‘zingizni “negativ” kuzatish ya’ni faqat tanqidiy ko‘z bilan qarash yuzaga keladi. Ko‘pchilik qizlarni “nega men xunukman?!” degan muammo qiynaydi. Shuning uchun ham har bitta o‘smir qiz maktab psixologi qabulida bo‘lishi zarur.

Keling, dastlab ishni shaxsiy gigiyena qoidalaridan boshlaymiz. Ba’zi qizlar zarurat bo‘lib qolganda kiyimlarini dugonasi bilan almashib kiyadilar. Bu aslo mumkin emas. Chunki ko‘p hollarda teri kasalliklari bitta taroqdan, sochiqdan, kiyimdan umumiy foydalanganda biridan boshqasiga yuqadi. Ayniqsa, oyoq kiyimini “bo‘lishish”dan ehtiyot bo‘ling. Chunki oyoq kiyimida “o‘sib-ulg‘ayadigan” zamburug‘li kasalliklarni yuqtirib olsangiz bormi?! Uzoq muddatli laboratoriya tekshiruvlari, profilaktik davo choralari bilan ham zamburug‘lardan qutulish dargumon. Oyoq hidlanib, terisida toshmalar toshib, qichishadigan bo‘lib qoladi.

Ba’zi qizlar sochlarini tarab, kiyimlarini almashtirib, qo‘llarini chaymay ovqatga unnab ketadilar. Atrofdagilarning ta’bini xira qilishdan tashqari yuvilmagan qo‘llar o‘n barobar ko‘proq kasalliklarga chalinishingizga sabab bo‘larkan. Did bilan olingan tirnoqlar barmoqlarga ko‘rk bag‘ishlaydi. Qo‘llaringizni yuvgach, sochiq bilan to qurigunga qadar arting. Aks holda, qo‘lda saqlanib qolgan namlik bug‘lanadi va qo‘l terisi qizarib, dag‘allashadi.

Kuzatgan bo‘lsangiz, ayrim dugonalaringizning negadir bo‘yi o‘smay qoladi, ayrimlari to‘lishib ketadi. Shunda ular ovqatlardan, non mahsulotlaridan parhez qila boshlaydilar. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. O‘sayotgan organizmni vitamin va minerallardan, oqsil va uglevoddan cheklash uning normal rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda suyak va tirnoqlar mo‘rtlashib, soch to‘kilib, ko‘rish qobiliyati pasayishi mumkin. Chunki hayotiy muhim moddalar aqliy va ruhiy, jismoniy rivojlanishda faol ishtirok etadi. Semirish qalqonsimon bez xastaligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ular albatta endokrinolog shifokorga uchrashishlari kerak.

Ertalabki badantarbiya mashqlari tushkunlik “stress” darajasini pasaytirishda muhim rol o‘ynaydigan “Quvonch gormonlari”ning ishlab chiqilishiga yordam beradi.

Shuni unutmangki, ozoda paypoqlar, tozalab artilgan poyabzal, qunt bilan dazmollangan libos siz haqingizda atrofdagilarda ilk tasavvur uyg‘otadigan belgidir.

Tunov kuni bekatda turgan bir qiz e’tiborimni tortdi. Egnidagi oq koftasi xiralashgan, ustiga-ustak g‘ijim, iplari osilgan. Ammo qiz yoyilgan uzun sochlarini bo‘yashni unutmagan, qosh-ko‘zlariga qalam surtib olgan. Uning bu ko‘rinishi tuflini boshga kiyib, qalpoqni oyoqqa ilgandek xunuk taassurot uyg‘otdi. Orastalik va pokizalik odamda o‘ziga nisbatan ishonch tug‘diradi, ruhiy muvozanatni tiklaydi. Aksincha, pala-partish kiyingan, libosining so‘kilgan choklarini tikishga eringan qizlar atrofdagilar nazarida yomon bahoga loyiq ko‘riladi.

Havas bilan sumkangizning bir burchagida pardoz vositalarini berkitib yurishingizni bilaman. Ammo o‘sayotgan teri o‘pkamiz kabi nafas olishini unutmang. Qizil nuqtachalarni bekitaman, deb teri qatlamlarini yopib qo‘yishingiz, aksincha, bakteriyalar avj olib, yiringli yaralar paydo bo‘lishiga zamin yaratishingiz mumkin.

Kipriklarga bo‘yoq surtish kiprik ildizlarini shikastlab, hatto quritib, ularning to‘kilib ketishiga sabab bo‘ladi.

Chiroyli, ammo tor kiyimlar kiyish qon aylanishini yomonlashtiradi, qorin bo‘shlig‘ini siqish diafragma pardasining erkin harakatiga to‘sqinlik qiladi va nafas olishni qiyinlashtiradi, hatto hushdan ketishgacha olib kelishi mumkin.

Poyabzalingiz poshnasi 4 santimetrdan oshmasligi kerak. Poshna ushbu me’yoriy o‘lchamdan oshsa, tana og‘irligi orqa umurtqaga tushib, bel qismi bukilib qoladi. Natijada chanoq holati o‘zgaradi. Skalioz oqibatida bukri bo‘lib qolish ham ehtimoldan xoli emas. Varikoz – ya’ni oyoq qon tomirlarida qonning dimlanib qolishi xastaligi ham ancha og‘riqli jarayon.

Negadir, o‘sish davrida ba’zi qizlar o‘qishni xohlamay qoladilar. Chunki ularning yashirin sirlari ko‘payadi. Emotsional ruhiy o‘zgarishlar do‘stlik ehtiyojini kuchaytiradi. Eng pinhon sirlarini aytish uchun sirdosh dugona qidirib qoladi. Sergak bo‘ling, do‘st tanlashda yo‘l qo‘yiladigan xato muammolarni battar ko‘paytiradi, atrofdagilar bilan ziddiyatlar keltirib chiqaradi.

Oqila qizning daftar-kitoblari, kiyim javoni qanday saranjomlik bilan tartibga solingan bo‘lsa, uning fe’l-atvori o‘zidan kattalarga bo‘lgan munosabati ham xuddi ishi kabi chiroyli bo‘ladi. Gapirganda ovozning nafis pardalarini tanlang, tanbeh berishganida darrov javob qaytarishdan tiyiling. Atrofdagilarning bahosi sizga ko‘zgu bo‘lsin. Shunga qarab qaddingizni rostlang, xatolardan xulosa chiqaring. Aytishlaricha, jamiyat taraqqiyoti asosining 70 foizi o‘sib-ulg‘ayayotgan qizlar kamoli bilan bog‘liq ekan. Negaki, ular ertaga yangi davr tarbiyachisi, avlodlar almashinuvining muhim zanjiri hisoblanadi.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.