Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orasta qiz

Ismim Tursunoy. Maktab “Orasta qizlar” to‘garagi raisi yordamchisiman.

Men aslida yaxshigina erkatoy, maktab formasini kiyishni xush ko‘rmaydigan, taqinchoqlar taqishni yoqtiradigan, arang “3” va “4” baholarga o‘qiydigan injiqqina qiz edim. Hammasi “Orasta qizlar” to‘garagiga sardor saylashdan boshlandi. Sinfimizdagi qancha qizlar sardor bo‘lishni orzu qilib turgan bir paytda sinf rahbarimiz Nafisa opa:

– Men to‘garak raisi etib Qodirova Tursunoyning nomzodini ko‘rsataman, – deb qolsalar bo‘ladimi.

Men bu paytda oxirgi partada o‘tirib, daftarimning orqa betiga rasm chizish bilan band edim. Ismimni eshitib shoshilib o‘rnimdan turdim. Qizlardan kimdir kulib yuborgan bo‘lsa, yana biri yer ostidan ko‘z qirini tashladi.

– Men, men haligi... rozi emasman, – dedim shoshilib.

– Nega unday deyapsan?

– Qo‘limdan kelmaydi, – dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lgandek.

– Hechqisi yo‘q, hamma ham avvaliga qiynaladi. Qizlar senga yordam berishadi. Ertaga yig‘ilishga kirsang, ishni nimadan boshlash kerakligini bilib olasan, – dedi rahbarim ko‘nglimni ko‘targan bo‘lib.

Ertasiga maktab “Kamalak” boshlang‘ich tashkilotining xonasiga bordim. Hamma sinflarning to‘garak sardorlari shu yerda ekan. To‘garakka musiqa ustozimiz Mohira opa boshchilik qilar ekanlar. Ular “Orasta qizlar” to‘garagining Nizomi bilan tanishtirdilar – kiyinish madaniyati, sochi, muomala odobi haqida kuyinib gapirdilar. Mohira opaning har bir so‘zi menga aytilgandek edi. Atrofimdagi qizlarga qaradim. Hammalarining sochlari o‘rilgan, formalari ozoda. Og‘zimdagi konfetni bir amallab yutdim. Ikki yuzim qiziy boshlaganini sezdim.

– Tursunoy, sariq koftang juda chiroyli ekan. Lekin tunov kuni kiyib kelgan oq koftang senga bundan ko‘proq yarashadi. O‘shani kiyib, sochingni o‘rib kelsang, yanada chiroyli qiz bo‘lib ketasan, – dedi Mohira opa majlisdan so‘ng meni to‘xtatib.

“Xo‘p” degandek boshimni qimirlatib qo‘ydim va uyalganimdan xonadan tez chiqib ketdim.

Xullas, ishlarim ko‘payib ketdi. Biroq sinfdagi qizlar bilan hamon til topisha olmasdim. Ishni o‘zimdan boshlashim kerakligini tushundim. Formamni tartibga keltirdim, sochimni o‘rib, rang-barang qisqich va taqinchoqlarimni yig‘ishtirib tashladim. Baholarim ham yaxshilana bordi. Oradan biroz vaqt o‘tib to‘garak sardorlari o‘rtasida bellashuv tashkil etildi. O‘zim chizgan besh-oltita suratlarni olib bordim. Ko‘rgazmada tengdoshlarimning tikkan, to‘qigan, yasagan narsalarini ko‘rib, olib kelgan rasmlarimdan juda uyaldim. Tadbirda yaxshi qatnasha olmadim. G‘oliblar qatorida menga ham faxriy yorliq va esdalik uchun kitob berilishi yana bir zarba bo‘ldi.

Ta’til boshlanishi bilan to‘garakka a’zo bo‘ldim. Qo‘limga birinchi bor ip va to‘qish asbobini ushlaganimda bu ishni eplab ketishimga ko‘zim yetmagan edi. Biroq mashaqqat bilan to‘qigan paypoqchamdan keyin istagim yanada qat’iylasha boshladi. Buvim, ota-onam ham bu erkatoy qizlaridagi o‘zgarishlardan hayron edilar.

Tanlovlarda toblana-toblana mana bu yil oliy o‘rinni egalladim va keyingi bosqichda ishtirok etish sharafini qo‘lga kiritdim. Sinfdosh qizlarning oldida ham yuzim yorug‘ bo‘ldi. Hay’at a’zolariga to‘qilgan bolalar kiyimlari to‘plamim juda yoqdi. Taqdirlash paytida birinchi qatorda o‘tirgan buvijonimning ko‘zlariga yosh olganlarini ko‘rib, o‘zim ham yig‘lab yubordim.

Tanlovdan keyin kichik sinf qizlari “Orasta opa”, deb chaqiradigan bo‘lishdi. Hozir o‘qishlarim a’lo. Hamma ishga ulguryapman, sport bilan ham shug‘ullanyapman. Maktab formasini kiyish o‘zimga juda yoqadi. Avval tushgan suratlarimni ko‘rsam uyalib ketaman. Agar o‘shanda sinf rahbarim mening nomzodimni ko‘rsatib, ishonch bildirmaganda, bunday yutuqlarga erisha olmasdim.

Bir taklifim bor – o‘g‘il bolalar uchun ham shunday to‘garak tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ularning ham tuzatadigan kamchiliklari bor-da.

 

Qadrli jurnalxon!

Yuqorida bildirilgan fikrlarga siz nima deysiz?

 

Tursunoyning fikrlarini oqqa ko‘chiruvchi Hilola HAMDAMOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.