Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ahmadjonning kitobxonligi

Bobo-buvilaringiz, ota-onalaringiz she’rlarini o‘qib ulg‘aygan O‘zbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy nomi sizga ham tanish. Chunki maktab darsliklarining deyarli barchasida shoirning ko‘plab she’rlari joy olgan. Shoir boboning besh kitobdan iborat “Tabiat alifbosi” nomli to‘plami, “O‘quvchiga esdalik”, “Tanlangan asarlar”i hali-hamon sevib o‘qilmoqda.

 

Hay-hay, chiroyli kitob,

O‘qimoqqa juda bop.

Bizning Ahmad qayoqda?

Qidirgani bu yoqda.

Ahmadjon kelib qolar,

Kitobni qo‘lga olar.

Bir-bir varaqlar sekin,

Rasmi kam ekan lekin.

Ana sichqon, mushukvoy,

Ana xo‘roz, kuchukvoy.

Ana mug‘ombir tulki,

Pisib turishi kulki.

Ana o‘rdak, ana g‘oz,

Ana maymun – sho‘x dorboz.

Xo‘roz qichqirar: “Qu-qu!

Bunday yo‘lbars, sher yo‘g‘-u...”

Shu bilan qolar kitob,

Go‘yo o‘qiydi hisob.

Talabimiz Ahmaddan,

Ko‘rganini – suvratdan

Bizga ham aytsin, qani,

Kitobda hamma ma’ni.

Xameleon degan jonvor

Nechun uzun tili bor?

Olmaxon nozik hayvon,

Nechuk dumi kattakon?

Hammadan qiziq ukki,

Tumshug‘i egri-dukki.

Nechun yurmas kunduzi,

Nega yonadi ko‘zi?

Juda qiziq shaparak

Xuddi jajji charxpalak.

O‘rdakning bag‘ri yoyiq,

Gavdasi misli qayiq?

Savolim bo‘ldi odosh,

Javob kutaman, yo‘ldosh!

 

Quddus Muhammadiy

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.