Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Ikki buyuk hikmat, ikki xush zabon...”

Bulbul

Qayinlar yurtida bulbulni ko‘rdim,

U gul butog‘ida qilardi xonish.

Qovog‘imni solib hol-ahvol so‘rdim,

Ozroq gina bilan, ozroq qizg‘anish...

 

Yaxshiyam ko‘rganim, ko‘rmasam albat,

Tentakning tushi, deb o‘ylar ekanman.

Tug‘ishgandek ko‘rib, men uni faqat

O‘zbekning qushi deb, o‘ylar ekanman.

 

O‘sha tinchimas jon, o‘sha bedavo,

O‘sha dardi yolg‘on, o‘sha hurkak qiz.

Qalin barglar aro qilardi navo,

O‘sha nag‘masini qoldirmay bir so‘z.

 

Meni maftun qildi-qo‘ydi bachchag‘ar,

O‘tmas pichoq bilan so‘ydi, bachchag‘ar.

Negadir uyimni sog‘inib ketdim,

Bulbulga ergashib yurib jarma-jar.

 

Qushim ushlatmadi opketay desam,

Qo‘ynimga avaylab sopketay desam.

U yoqda kutarlar yuraklari qon,

O‘rmonda u bilan qopketay desam...

 

Meni-ku zarurat sudradi bu yon –

Maskovda nima bor senga, bulbuljon?!

 

 

Ajab dunyo

Ikki buyuk shoir ikki musofir –

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Sizni o‘ylatmasmi bu jumboq, bu sir,

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur...

 

Buni tasodifmi atayin, ayting,

Qitmir qismat o‘yni deyinmi yo bir?

Ko‘rib qo‘y, Turkiston, ikki sho‘x bayting –

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

 

Jafo etganga ham jabr qilmadik,

Gadoni siyladik goho, Xudo bir.

Daholarimiz qadriga yetmadik –

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

 

Yer yonar jahannam afg‘onda yal-yal,

Kulrang ko‘rpa yanglig‘ bulut yonodur.

Yonar ne tiklagan bo‘lsa bir mahal –

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

 

Ikki buyuk hikmat, ikki xush zabon,

Ikki buyuk dildan yo‘qdir sado bir.

Biz g‘animga bejang topshirgan qo‘rg‘on –

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

 

Uchrashishmagandi ular hayotda,

Yoturlar yonma-yon ikki shaharda.

Nima deysiz endi, hayot – hayot-da,

Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur!

 

 

Toshkent

Oftob tug‘iladi sening qarog‘ingda

Toshkent – oqshoming-da fusunkor.

Har bir ko‘chang,

Har bir yaprog‘ingda

Qodiriyning o‘ychan ruhi bor.

 

Mehmondo‘st deb kimlar ta’rif qilmagan,

Hamma maqtovlarning o‘zing adog‘isan.

Toshkent, sen minnatni bilmagan ustoz,

Oybek nigohisan,

Oybek quchog‘isan.

 

Anhor bo‘ylarida qumrilar o‘ynar,

Shoir G‘afur G‘ulom bilgan qumrilar.

Ikki ming yil avval Sag‘bonni izlab,

Hindistonni tashlab kelgan qumrilar...

 

Toshkent,

Ona shahar,

Behad, bepoyon –

O‘zbekistondagi eng baland terak,

Aniq ta’rifingni qilmoqqa bayon

Ulkan yurak kerak,

Ulka-an yurak kerak!

 

Sening ko‘zlaringga termulib yurib,

Qo‘shiqlar so‘rayman – men ham bir o‘g‘ling.

Toshkent,

Ey, minnatni bilmagan ustoz,

Bir umr tushmasin yelkamdan qo‘ling...

 

Muhammad YUSUF

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.