Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Koʻz nurim-quvvatimsan”

Soʻz boshi salom

Salom, Assalom,

Eng sirli kalom,

Oʻtinchim sendan,

Yodda tut, bolam.

 

Salom, Assalom

Oʻrnini alam

Egallashiga

Yoʻl berma, bolam!

 

Soʻz boshi salom,

Esda tut mudom.

Odamiylikka

Yoʻl ochar, bolam.

 

Salom, Assalom,

Bebaho kalom.

 

Arazchi qiz

Buvijonim har doim,

Boqib menga muloyim,

Ohista sochim silab,

Derlar meni erkalab:

– Sen asal, novvotimsan,

Koʻz nurim-quvvatimsan.

Osmonda oy-yulduzim,

Oppoq yorugʻ kunduzim,

Bogʻimda gul-gʻunchamsan,

Shoʻx sayroq bulbulchamsan.

Shirmoy kulcham nonimsan,

Mening shirin jonimsan.

– Rostmi, deb buvim soʻzi,

Oldimga qoʻyib koʻzgu.

Uzoq boqib turdim men,

U yoq bu yoq yurdim men.

Undan uzmay koʻzimni,

Kuzatdim men oʻzimni.

Buvim sanab birma-bir,

Aytganin topmay axir,

Oʻpkalab men oynadan,

Chiqib ketdim xonadan.

 

Tulki

Nomimdir ayyor tulki,

Mugʻombirligim shulki,

Asrash uchun jonimni,

Toʻq tutmayman qornimni.

 

Bilaman, hayvon borki,

Bir-biridan koʻp farqi.

Biri chaqqon, biri zoʻr

Biri kun koʻrar bazoʻr.

 

Yoʻlda koʻp tuzoq-qopqon,

Tushgaydir nafsi oʻpqon.

Mana olaylik, boʻri,

Oʻlja deb qurir shoʻri.

 

Xushyor bizning qavmimiz,

Ichga yutib damimiz.

Qilmaymiz oʻzni koʻz-koʻz,

Hamda ortiqcha gap-soʻz.

 

Masxara qilib bizni,

Qilar oʻzicha kulgi.

Qanchalik chiranmasin

Boʻlolmas aslo tulki.

 

It va mushuk

Kuchukcham va mushukcham,

Turishsa ham yonma-yon,

Koʻtarib shovqin-suron,

Janjal qilmaydi hech ham.

 

Ikkisi yuvosh biram,

Miq etishmaydi hatto.

Ishonmayin sirayam,

Yolgʻon! – deysiz, albatta.

 

Ha, rost

It bilan mushuk,

Oʻzaro yov, qir-pichoq.

Lek men aytgan jonvorlar,

Oddiy yelim oʻyinchoq!..

 

Ochil Tohir

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.