Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men elimning yuragida yashayman

Bolalik kunlarimda,

Uyqusiz tunlarimda,

Koʻp ertak eshitardim,

Soʻylab berardi buvim...

Har birimizning qulogʻimizga va qalbimizga bir oʻqishdayoq oʻrnashib qolgan ushbu satrlar muallifi, oʻzbek adabiyotining benazir vakillaridan biri Hamid Olimjon chindan ham bolaligidanoq adabiyotga oshno boʻlgan. Onasi Komila aya aytib bergan xalq doston va ertaklari ogʻushida kamol topgan. Ana shu “uzun tunlar yotib jim” tinglagan ertaklarini yetuk shoir boʻlganida ham unutmadi. Ulardan toʻlqinlanib, ilhomlanib bugun bolalar adabiyotining qimmatli xazinasiga aylangan “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurgʻ” kabi sheʼriy ertaklarini yaratdi.

Chaqmoqday chaqnagan qisqa umri davomida oʻzining sermahsul ijodi bilan chinakam adabiyot, nafis sheʼriyat maktabini yarata olgan Hamid Olimjonning hanuz ohori toʻkilmagan, jarangdor sheʼrlarini keksa-yu yosh bugun ham birday sevib oʻqiyapti. Jonbaxsh qoʻshiqlari dilga orom berib jaranglashda davom etyapti. Ha, xalqini sevgan, uning orzu-umidlari, hurligi va erki, uning baxt-u saodatini kuylagan shoir ijodi abadiyatga daxldor.

 

Oʻlka

Men dunyoga kelgan kundanoq

Vatanim deb seni, uygʻondim.

Odam baxti birgina senda

Boʻluriga mukammal qondim.

 

Qulogʻimga noming kirganda,

Qumlik kabi tashna boqurman,

Sening jannat vodiylaringdan

Nahrlarday toʻlib oqurman.

 

Bilsinlarkim, yoʻldoshim boʻlmas,

Koʻzda yoshi bilan kulganlar,

Tillari bor, oʻzlari hayot,

Lekin yurak-bagʻri oʻlganlar.

 

Har aytganing buyuk jangnoma,

Qayga desang qaytmay keturman.

Koʻzlarimni yummasman aslo –

Daryo kabi uygʻoq oʻturman.

 

 

Daryo – tiniq, osmon – begʻubor

Baxtim borki, har narsa goʻzal

Koʻrinadi mening koʻzimga,

Vodiylarda quyosh toʻkkan hal,

Shuning uchun sarxat soʻzimga.

 

Aybim yoʻqdir, gul vodiylarda

Badbinlarni xushlay olmasam,

Koʻkka qarab turib, saharda

Shod oʻtarman, deb ichsam qasam.

 

Oppoq qordir togʻlarning toshi,

Daryo tiniq, osmon begʻubor,

Shu yerdadir oʻlkaning boshi,

Suv boʻyida mening uyim bor...

 

Bu oʻlkada qalblarning toza

Va poklari kelib uchrashar,

Odam topgan baxtni ovoza

Qilib gullar, bulbullar yashar.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.