Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oʻquvchiga esdalik

Boʻlay desang bogʻbon,

Yo Vatanga posbon,

Yo osmonda uchuvchi,

Yo dengizda suzuvchi,

Nimaki qilsang tilak

Bariga oʻqish kerak.

Oʻquvchi sendan talab:

Maktabga bor ertalab,

Oʻqi, berib mehringni,

Qoʻyib koʻngil, zehningni.

Direktor – komandir, bosh,

Muallim – rahbar yoʻldosh,

Chiqma ular soʻzidan,

Bor koʻrsatgan izidan.

Dalaga borsa dehqon,

Kerakdir unga ketmon.

Oʻquvchi maktabga borsa,

Kitobi uyda qolsa

Mumkinmi, aytgin axir?

Bu ish yaramas taxir.

Xoʻp yigitchasan oʻzing,

Ayb yuvmasang yuzing.

Gul yaprogʻin bossa chang,

Shudringdan keyin qarang.

Sinfingni bulgʻatma,

Chang-toʻzon ichra botma.

Chalinganda qoʻngʻiroq

Sinfingda boʻl, oʻrtoq!

Boshlansa sinfda dars,

Sergak boʻlgin har nafas.

Anqayma va lallayma,

Toʻgʻri oʻtir shalpayma!

Qochmasin xayol, fikr,

Moʻljalingga oʻqday kir!

Mualliming koʻrganda

Saloming qilma kanda.

Sinfga kirsa agar,

Tur oyoqqa barobar.

Ijozat bersa oʻtir,

Yoʻqlasa, oʻrningdan tur.

Agarda bersa soʻroq,

Qadding boʻlmasin oʻroq.

Javob bersang qoʻl koʻtar,

Shovqinlama, vaqt oʻtar.

Past baho aslo olma,

Pok yuzingga dogʻ solma.

Uyingga bersa yumush,

Lozimdir yozib qoʻyish.

Ota-onangga koʻrsat,

Ishlab qoʻy oʻtmay fursat.

Koʻrsang oʻzingdan katta,

Izzat qilgin, albatta.

Yoqimtoy boʻl har yerda,

Maktab, koʻcha va uyda.

Har soʻzingdan bol tomsin,

Koʻrgan orzulab qolsin.

Urishma, soʻkma, chekma,

Obroʻying yerga toʻkma.

Agar cheksang yashirib,

Gulday oʻpkang teshilib,

Xirillaysan boʻgʻgandek,

Koʻksovga yoʻliqqandek.

Chirmanda emas doska,

Chalma uni havasga.

Boʻrni qurt deb oʻylama,

Choʻntagingni boʻyama.

Odobli yur hamisha,

Koʻrganlar desin “yasha!”

Yaxshilar izini bos,

El qoʻysin mehr, ixlos.

Keksa, yoshga birday boʻl,

Nom chiqar ota – oʻgʻil!

Oʻsmirlar davlatimiz,

Keksalar savlatimiz.

Koʻrsang mayib yo xasta

Boʻlgin koʻmakchi hassa.

Gard qoʻnmasin taningga,

Loy tegmasin baringga.

Yotogʻing boʻlsin guldek,

Oʻzing yur yorugʻ kundek.

Oʻquvchilikdir yuzing,

Har yerda oʻtkir soʻzing.

Yodingdan uni uzma,

Rejani tagʻin buzma.

Maktab tan-u, sen jonsan,

Bir yurag-u bir qonsan.

Soʻz tekkizma maktabga,

Qolmagin yomon gapga.

Bu yigirma qoida,

Hammasi senga foyda.

Rosa oʻqib yodlab ol,

Uqib dilga joylab ol.

 

Quddus MUHAMMADIY,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

Respublikamiz maktablarida boʻlganimizda ustoz oʻqutuvchilarimiz Oʻzbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiyning “Oʻquvchiga esdalik” sheʼrini tilga olishadi. Xuddi yosh boladek zavq bilan undan parchalar oʻqishadi. Va bizdan shu sheʼrni toʻlaligicha jurnalda eʼlon qilishimizni soʻrashadi. Bugun bayram munosabati bilan ustoz shoir ruhini shod etib, oʻqituvchilarimiz iltimoslarini bajarishga jazm qildik. Zero, haqiqiy asar qadriga na vaqt, na zamon taʼsir oʻtkaza oladi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.