Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sohibqiron yo‘li

Yumaloq Yer shari yoyar qulochin –

Koinot yuragi, insonning hoki.

Zulmat to‘solmagay tinchlik quyoshin,

Toki bardavomdir inson idroki.

 

Ig‘volar olovin purkaydi ro‘yo,

Qo‘zg‘aydi so‘ngan o‘t asoratini.

Barqaror bo‘lardi yuqtirsa dunyo,

Jahongir Temurning jasoratini.

 

Jasorat bilakda bo‘lmaydi bunyod,

Yurakda tug‘ilar, qon kabi yashar.

Aql-u tafakkurdan olar harorat,

Hayot kabi yashar, jon kabi yashar.

 

Bordir har xalqning o‘z o‘tmishi, yodi,

Kelajak nish urar tuproq qati bor.

Har davronning turfa taraqqiyoti,

Har zamonning turfa haqiqati bor.

 

Hamon qudratini etar namoyon,

Hayrat solar dilda mahobatlari.

Olamga mangulik baxsh etib har on,

Saboq berib turar imoratlari.

 

Bog‘lari har bahor gullaydi qiyg‘os,

To‘lar bulbullarning xush “chaq-chaq”iga.

Nihollar bo‘y berar chinorlarga xos,

Daraxtlar ham duo qilar haqiga.

 

Dunyo, adovatni butkul unutib,

Ezgu yo‘lda sulh-u yarashni o‘rgan!

Adolat tug‘ini boshingda tutib,

Olamda muzaffar yashashni o‘rgan!

 

Kel, Sohibqironning sag‘anasin quch,

Qalbing tut zaminning guldurosiga.

Bilim – tafakkurda, adolatda – kuch,

Qo‘y, mana, tarixning tarozusiga!

 

Faxriddin HAYIT

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.