Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

So‘z mulkining sohibqironi

...Garchi aqlim oldi ne-ne daholar,

Nazm davlatida sizdek sulton yo‘q.

Padari buzrukdek qilmish duolar,

Sizdek menga aziz bir mehribon yo‘q.

 

Yo‘qdir turk nazmida siz qadar daho,

“Xamsa”dan buyukroq asar hamon yo‘q.

Yo‘qdir “Xazoin ul-maoniy” – yakto!

Sizsiz Xuroson-u buyuk Turon yo‘q.

 

Ne baxt, mukarramsiz aziz olamga,

Sizsiz nozimlarga davr-u davron yo‘q.

Qilichlar qudratin bermish qalamga,

Sizsiz ona zamin, toza osmon yo‘q.

 

Yo‘qdir sizni aziz bilmagan yurtdosh,

Sizsiz ulusimga sharaf-u shon yo‘q.

Yo‘qdir falak uzra balqigan quyosh,

Sizsiz bizga hayot, yorug‘ jahon yo‘q.

 

Sizdek bunyod etib oliy qasrlar,

Hazrati Insondan, balki shodmon yo‘q.

Havas qilsa arzir ellar, nasllar,

Mashriqda bundayin dorulamon yo‘q...

 

Siz millat ramzisiz, millat faxrisiz,

Sizdek shamsul millat, zebi jahon yo‘q.

Siz bilan toabad baland qadrimiz,

Tangri nazar qilgan Sizdek komron yo‘q.

 

Sizga shahar qurdik Navoiy debon,

Bundan ziyod balki, zo‘r armug‘on yo‘q.

Zamon Farhodlari ayladi bo‘ston,

O‘zbekday me’mor-u qo‘li gul jon yo‘q.

 

Yo‘qdir sizdek hoqon bu jahon aro,

Nazmda zabardast bir qahramon yo‘q.

Yo‘qdir piri komil bir doston aro,

So‘z mulkida sizdek Sohibqiron yo‘q!

 

Barot BOYQOBILOV,

O‘zbekiston xalq shoiri

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.