Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Topishmoqlar

Sanog‘iga yetib bo‘lmaydi,

Juda olis, tutib bo‘lmaydi,

Kelar deya kutib bo‘lmaydi,

Ko‘rinmaydi ko‘zga kunduzlar

Bu...

 

Bahra olar har keksa, har yosh,

Borliqdagi eng katta otash,

Taftidan cho‘g‘ kabi yonar tosh,

Oy ko‘z bo‘lsa, u misoli qosh

Bu...

 

U tufayli inson insondir,

U tufayli mushkul osondir,

Bu dunyoga, baxtga posbondir,

U ketganda kelgaydir jahl

Bu...

 

Uning rangi sut kabi oppoq,

Tez ko‘rinar tushsa zarra dog‘.

Qo‘lga qalam, ruchka tutgan chog‘

Bag‘rin ochib, aytar go‘yo: – “Yoz”

Bu...

 

Ko‘zdan oldin sezgaydir,

Shovqin bo‘lsa, bezgaydir,

Sovuqda tez muzlaydir,

Issiqdan yayrar biroq

Bu...

 

Oxiri, cheki yo‘qdir,

Goh qora, goho ko‘kdir,

Yashin chaqsa, bir o‘qdir,

Unga intilar inson

Bu...

 

Bolam deb tinmay, shoshgan,

Mehri zo‘rdir quyoshdan,

Bardoshi metin, toshdan,

Doim bizga parvona,

Bu...

 

Go‘zallik baxsh etar olamga,

Zavq, quvonch ulashar odamga,

Fayz berar tantana, bayramga,

Nomlari-yu ranglari har xil

Bu...

 

Unga qog‘oz, bo‘yoq shart emas,

Suv ichmaydi, ovqat ham yemas,

Tinmasa ham biror so‘z demas,

Rasm chizgil, xohla yozgil she’r

Bu...

 

Sen uchun ayamas jonini,

Oladi doimo yoningni,

Yashnatadi umr – bog‘ingni,

Bo‘lmasa der senda kam-u ko‘st

Bu...

 

Shakli o‘xshar yurakka,

Yarashar tol, terakka...

Nafas uchun kerak-da,

Shamol-la o‘ynar ko‘proq

Bu...

 

Balandga chiqmoqni istasang agar

Sendan ko‘magini ayamas ular,

Ularsiz qurilmas qavatli uylar,

Ular ham kechasi bizday tin olar

Bu...

 

Turob NIYOZ

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.