Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Azim Suyun

000

Bugun o‘zining 70 yoshini nishonlayotgan xalqimizning suyukli shoiri Azim Suyun 1948-yil 22-fevralda Samarqand viloyatiga qarashli Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni bitirgach 1969–1971-yillarda harbiy xizmatga ketdi. Xizmatdan qaytgach ToshDU jurnalistika fakultetining kechki bo‘limida o‘qidi. 1973-yildan boshlab G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Matbuot Davlat qo‘mitasida adabiy maslahatchi, 1987-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Yoshlar bilan ishlash Kengashi raisi, mas’ul kotib vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.

1993–2002-yillar “O‘zbekiston ovozi” va “Голос Узбекистана” gazetalarida, 2002-yildan 2013-yilgacha esa “Guliston” jurnali Bosh muharriri lavozimlarida ishladi.

Azim Suyunning ilk she’riy mashqlari, maqolalari o‘quvchilik kezlaridayoq “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari, tuman, viloyat gazetalarida yoritila boshlandi. Birinchi kitobi “Mening osmonim” (1978) o‘ttiz yoshida dunyo yuzini ko‘rdi. Shundan so‘ng shoirning “Zarb” (1979), “Zamin taqdiri” (1981), “Xayolot” (1984), “Ziyo yo‘li” (1986), “Javzo” (1987), “Olis tonglar” (1989), “Kuyganim – suyganim” (1992), “Sarbadorlar” (1994), “Qaro ko‘zing sening” (1994), “Saylanma” (1997), “O‘zlik” – publitsistika, (1999), “Sharq hikmati” (2000), “Ey do‘st” – she’riy qayirmalar (2005), “Vatan fasllari” (2007), “Muhabbat hayratlari” (2009), “Andiz o‘sgan yerlarda” (2012), “Ey do‘st” – nasriy qayirmalar (2014), “Navoiydan topdim” (2015), “Men hech kim emasman O‘zimdan bo‘lak” (2018) kitoblari nashr etildi. Shuningdek, 7 kitobdan iborat “Tanlangan asarlar”ining 1-jildi “Ey do‘st” kitobi 2009-yil, 2-jildi “O‘zbekyurt” kitobi 2015-yil, 3-jildi “Men sizni sevaman” kitobi 2016-yilda kitobxonlar qo‘liga borib tegdi.

“O‘zbekiston” dostoni va bir turkum she’rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.

Azim Suyunning asarlari o‘nlab tillarda nashr etilgan.

Azim Suyun zamin va insoniyat taqdirini o‘zining taqdiri, deb biladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun Butunjahon shoirlari Kongressi a’zosi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.