Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chingiz Aytmatov (1928 – 2008)

000

XX asr qirg‘iz adabiyotining eng iste’dodli va jahonga tanilgan yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov 1928-yil 12-dekabrda Qirg‘izistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tug‘ilgan. Bobosi Aytmat og‘a ajoyib qo‘buzchi, otasi To‘raqul Aytmatov davlat va jamoat arbobi, onasi Naima opa o‘qimishli, oqila ayol edi. Chingiz dastlab rus maktabida, keyin qirg‘iz maktabida o‘qidi, qishloq sho‘rosida kotib, soliq yig‘uvchi, brigada hisobchisi bo‘lib ishladi. U 1948-yilda Jambul zooveterinariya texnikumini, 1953-yili Qirg‘iziston qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan.

Adabiyotga 50-yillar boshida ilk hikoyalari bilan kirib kelgan Ch. Aytmatov 1956–1958-yillarda Moskvada Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Oliy adabiyot kursida tahsil oldi. Bolaligidanoq badiiy adabiyotga ulkan mehr qo‘ygan Chingiz Aytmatov nasriy asarlar yaratish bilan astoydil shug‘ullandi. Uning ketma-ket e’lon qilingan “Baydamtol sohillarida”, “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Somon yo‘li” kabi qissalari kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Adib nomini ilk bor xalqaro miqyosda mashhur qilgan asar 1958-yilda yozilib, jahon xalqlarining 40 dan ortiq tiliga tarjima qilingan “Jamila” qissasi bo‘ldi. Chingiz Aytmatov davlat va jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov 1995-yildan umrining oxirigacha Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi Prezidenti lavozimida ishladi. Iste’dodli olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov hamda Asil Rashidovlar tomonidan deyarli barcha asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan Chingiz Aytmatov Mustaqil O‘zbekistonning “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.

1999-yilda Qirg‘iziston Respublikasida Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro “Oltin medal” mukofoti ta’sis etilgan. Yozuvchining asarlari jahonning 154 tiliga tarjima qilinib, 20 milliondan ortiq nusxada chop etilgan.

Atoqli adib rus va qirg‘iz tillarida ijod qilgan. Chingiz Aytmatov G. G. Markes singari hayotligida mumtozlik maqomiga ega bo‘lgan ijodkor.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.