Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Safar Barnoyev (1938 – 2001)

000

Taniqli bolalar adibi Safar Barnoyev 1938-yil 6-mayda Buxoro yaqinidagi Dilkusho qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat dorilfununining jurnalistika fakultetini tugatgan (1966).

Respublika Bolalar gazetasi (hozirgi “Tong yulduzi”) da, Yoshlar nashriyoti, Respublika Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligida mas’ul vazifalarda ishladi. 1995-yildan to umrining oxirigacha “Gulxan” jurnali bosh muharriri bo‘ldi. Bu davr ijodkorning o‘zi uchun ham, jurnal uchun ham juda unumli, samarali bo‘ldi. Jurnalda chop etiladigan asar va mualliflarga talab kuchaydi. Jurnal rang-baranglashdi. O‘quvchilar doirasi kengaydi. Bolalar adabiyotiga yangi nomlar “Gulxan” yog‘dulari orqali kirib keldi.

Uning birinchi she’riy to‘plami 1970-yilda “Tog‘lardaman” nomi bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Shundan so‘ng “Birinchi tabassum” (1972), “Dadamning qo‘llari” (1974), “Sog‘inch” (1975), “Yulduzxon va Bahorjon” (1977), “Soldat qaytgan kun” (1979), “Oq laylaklar” (1982), “Egizaklar” (1985), “Mukofot” (1983), “Tinchlikni ulug‘laymiz” (1986), “Dadam haqida qo‘shiq” (1989), “Karimjon – karlson” (1988), “Beliye aisti” (1990), “Kichkina xo‘ja Nasriddin” (1998), “Begona qo‘zichoq” (2016) kabi o‘nlab she’riy, nasriy asarlari chop etildi. Bularning ko‘plari rus, ukrain, belorus, latish, moldovan, polyak, chex, arman, ozor, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman va qoraqalpoq tillariga ham tarjima qilingan.

Mazkur to‘plamlarga kirgan asarlarning bosh qahramonlari yoshlar, o‘smirlar, bosh g‘oyasi esa urush qoldirgan jarohatlarni ko‘rsatish orqali hozirgi yoshlarni istiqlol ruhida tarbiyalashdan iborat.

Uning “Ota o‘g‘li”, “Qirq yettinchi yil” hikoyalar turkumi xuddi shu maqsad, shu g‘oyani ilgari suradi.

Safar Barnoyev nafaqat bolalar uchun, kattalar uchun ham she’r, hikoyalar yozgan. Yozganda ham O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron e’tirof qilganidek, juda puxta va teran asarlar yozgan ijodkor edi.

Safar Barnoyev “Tinchlikni ulug‘laymiz” kitobi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G‘afur G‘ulom nomidagi yillik mukofotiga, bolalar adabiyoti ravnaqiga qo‘shgan hissasi uchun “Ofarin” mukofotiga sazovor bo‘lgan.

“Shuhrat” medali sohibi Safar Barnoyev 2001-yilda vafot etgan.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.